
“Australian open-2017”: Istomin navbatdagi sensatsiyaga tayyormi?
Bugun butun tennis muxlislarining e’tibori bu yilgi Avstraliya ochiq chempionati qahramoni Denis Istomin va ispaniyalik tennischi Pablo Karreno-Busta o‘rtasidagi uchinchi davra o‘yiniga qaratiladi.
O‘zbekistonlik raketka ustasi ikkinchi bosqichda Avstraliya ochiq chempionatining olti karra g‘olibi serbiyalik Novak Jokovichni qariyb besh soat davom etgan uchrashuvda mag‘lub etgach, hamyurtimizning ishtirokiga millionlab muxlislar qiziqib qoldi.
Xo‘sh bu gal Denis Istominning imkoniyatlari qanday?
Denis Istomin ayni paytda jahon reytingida 117-pog‘onani egallab turibdi. Uning raqibi Pablo Karreno-Busta esa 31-qatorda qayd etilgan. Hozir ispan tennischi faoliyatida ko‘tarilish kuzatilmoqda. Bu sportchi o‘tgan yili Professional tennischilar uyushmasi musobaqalari taqvimidagi Moskvadagi "Kreml Kubogi" va AQShdagi "Uinston-Seylem" turnirlarida bosh sovringa ega chiqqan. Denis Istomin esa ATR tasnidagi yagona sovrinini 2015 yili Angliyada qo‘lga kiritgan.
Bungacha Denis Istomin va Pablo Karreno-Busta ikki marotaba kuch sinashgan. O‘tgan yili Ispaniyadagi "Barcelona Open BancSabadell" va Marokashdagi "Grand Prix Hassan II - Marrakech" turnirlarida keskin va murosasiz bahslarda ispan tennischisining qo‘li baland kelgan.
Biroq, bugungi o‘yin taqdiri faqatgina kortda hal bo‘ladi. Denis Istomin Novak Jokovichni mag‘lub etish orqali statistikalardagi ustunlik kortda yordam bermasligini va engilmaydigan tennischi yo‘qligini hammaga isbotlab berdi.
Bugungi muhim bellashuvda o‘zbekistonlik tennischiga g‘alaba va omad tilaymiz.
Fikrlar