Delegatsiyamizning asosiy qismi Jakartaga etib keldi
Shu kungacha futbol, ot sporti, tennis, penchak silat, akademik eshkak eshish, slalomda eshkak eshish, boks, qilichbozlik, engil atletika bo‘yicha terma jamoalarimiz Indoneziyaga etib kelishgani haqida xabar berib o‘tgandik.
Bugun delegatsiyamizning katta qismi, jumladan, taekvondo WTF, ushu, suzish, erkin va yunon-rum kurashi, og‘ir atletika bahslarida yurtimiz sharafini himoya qiladigan sportchilarimiz Osiyo o‘yinlari poytaxtiga etib kelishdi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti xabar bermoqda.
Ularni mahalliy «Soekarno Hatta» xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasining Indoneziyadagi elchixonasi vakillari, Milliy olimpiya qo‘mitasi ishchi guruhi a’zolari, Jakartada istiqomat qilayotgan bir guruh vatandoshlarimiz, shuningdek, tashkiliy qo‘mita tomonidan O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun biriktirilgan ko‘ngillilar kutib olishdi.
Sportchi va murabbiylarimiz aeroportdan to‘g‘ri Kemayoran daxasidagi Olimpiya shaharchasiga yo‘l olishdi. Ular Osiyo o‘yinlari davomida aynan shu erda istiqomat qilishadi.
Ma’lumot uchun, ertaga soat 18:08da (Toshkent vaqti bilan 16:08) Jakartadagi «Gelora Bung Karno Stadium»da XVIII Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. 19 avgustdan esa asosiy musobaqalarga start beriladi. O‘sha kuni suzish, erkin kurash, ushu, o‘q otish, akademik eshkak eshish, tennis hamda qilichbozlik bo‘yicha bahslarda sportchilarimiz o‘z ishtiroklarini boshlashadi. Shuningdek, futbolchilarimiz Tailand terma jamoasiga qarshi guruhdagi so‘nggi uchrashuvlarini o‘tkazadilar.



Fikrlar