
Dzyudo bo‘yicha «Olimpiya kelajagi» musobaqasi start olmoqda
O‘zbekistonda ilk marotaba to‘rtta sport turidan (dzyudo, sport kurashlari, boks va taekvondo WTF) yangicha ko‘rinishdagi «Olimpiya kelajagi» musobaqalari tashkil etilmoqda.
28-29 aprel kunlari Qashqadaryoda dzyudo bo‘yicha musobaqaning hududiy bellashuvlariga start beriladi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.
O‘sha kunlari «S» guruhida Qashqadaryo, Surxondaryo va Navoiy terma jamoalari o‘zaro kurash olib boradilar. Qayd etib o‘tish lozimki, ular orasidan faqatgina bitta jamoa hal qiluvchi final bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.
Eslatib o‘tamiz, respublika bo‘yicha terma jamoalar to‘rtta guruhga bo‘lingan. «A» guruhida Andijon, Namangan, Farg‘ona va Toshkent viloyati terma jamoalari bahs yuritsalar, «B» guruhida Toshkent shahar, Sirdaryo, Samarqand va Jizzax terma jamoalari final yo‘llanmasi uchun kurash olib boradilar. «D» guruhida esa Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Buxoro terma jamoalari o‘rtasida musobaqalar tashkil qilinadi.
6-7 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan final bellashuvlariga Termiz shahri mezbonlik qiladi.
Fikrlar