
FIFAning muvofiqlashtirishga bag‘ishlangan sammiti bo‘lib o‘tdi
Shveytsariyaning Tsyurix shahrida FIFA tomonidan muvofiqlashtirish sammiti tashkil etildi. Sammitda 130 dan ortiq FIFAga a’zo mamlakatlar vakillari ishtirok etishdi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasidan O‘FA 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning maslahatchisi San’at Sharipov qatnashdi. Bu haqda O‘FA rasmiy sayti xabar bermoqda.
Ushbu sammitni o‘tkazishdan asosiy maqsad, FIFAga a’zo mamlakatlarning futbol tashkilotlarida muvofiqlashtirish mexanizmini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, korruptsiya va boshqa manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Sammitni FIFA Prezidenti Janni Infantino o‘zining kirish so‘zi bilan ochib berdi. Prezident muvofiqlashtirish FIFAning bugungi kundagi eng ustuvor masalalardan biri ekanligini ta’kidlab, so‘nggi yillarda xalqaro hamjamiyat orasida FIFAning obro‘siga putur etganini aytdi. Bunga asosiy sabab qilib, FIFAda faoliyat yuritgan insonlarning odob-ahloq qoidalariga bo‘ysunmaganlari natijasi ekanligini gapirdi.
Infantino so‘zida davom etar ekan, FIFA va unga a’zo tashkilotlar axloq kodeksiga alohida e’tibor qaratishi, buni barcha birdek amalga oshirishi shartligini ta’kidlab o‘tdi.
Sammitning eng asosiy maqsadi bu – tashkilotlarda shaffoflikni ta’minlash, futbolga ajratilayotgan mablag‘larni to‘g‘ri yo‘naltirishdir. Bunga erishish uchun audit tekshiruvlarini o‘z vaqtida o‘tkazish hamda tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlarning odob-ahloq kodeksiga amal qilayotganini muntazam nazorat qilish zarurligi ta’kidlandi.
Futbolda firibgarlik va korruptsiyani vaqtida aniqlab unga qarshi kurashish ham eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Sammti yakunida FIFA Bosh kotibi Fatma Samura so‘zga chiqib, muvofiqlashtirish nafaqat futbolda balki, biznesda ham eng zarur jihatlardan biri ekanligini ta’kidladi. FIFA tashkilotiga assotsiatsiyalarni nazorat qiluvchi organ deb emas, balki a’zo assotsiatsiyalarning faoliyatida uchraydigan xatar va risklarni minimallashtirishdagi hamkor sifatida qaralsa maqsadga muvofiq bo‘lishini aytib o‘tdi.
Shuningdek, sammitda jahonning uch karra eng yaxshi o‘yinchisi Marko van Basten so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida VAR (video assistant referees) sistemasiga to‘xtalib o‘tdi. U yig‘ilish ishtirokchilariga Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati statistikasini misol qilib keltirib, VAR sistemasi hakamlarga 93 foiz to‘g‘ri qaror chiqarishlariga yordam berganini alohida ta’kidladi.
Fikrlar