Janubiy Koreya yana "o‘yin" boshladi. Koreyaliklar Eron bilan uchrashuv vaqtini o‘zgartirdi

  • 19 iyul, 2017, 18:45
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston terma jamoasi bilan JCh-2018 3-saralash bosqichi doirasida bir guruhdan o‘rin olgan Janubiy Koreya termasi 31 avgust kuni o‘z maydonida eronliklarni qabul qiladi.

Tecno

"A" guruhida Eron mundial chiptasini qo‘lga kiritgach, ikkinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma uchun asosiy kurash Janubiy Koreya va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasida kechmoqda.

Saralash bahslari yakuniga etishiga ikki tur qolganda, ushbu jamoalar orasidagi farq atigi bir ochkoni tashkil etadi. O‘tkazilgan sakkiz uchrashuvdan so‘ng koreyaliklar 13 ochko jamg‘argan bo‘lsa, vakillarimiz 12 ochkoni qo‘lga kiritishgan. Shu sababli yo‘qotilgan har bir ochko jamoalarni jahon chempionatiga chiqish umidini yo‘qqa chiqarishi mumkin.

Shunisi qiziqki, Janubiy Koreya terma jamoasining Eronga qarshi o‘yini 31 avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:30 da (Toshkent vaqti bilan 16:30 da) boshlanishi kerak edi, biroq Xitoy Futbol Assotsiatsiyasi Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘yin vaqtini mahalliy vaqt bilan soat 20:00da (Toshkent vaqti bilan 17:00da) o‘tkazilishini tasdiqlagach, koreyaliklar Seuldagi uchrashuv vaqtini o‘zgartirishga qaror qildi.

SPORTS.uz internet axborot portaliga ma’lum bo‘lishicha, Janubiy Koreya - Eron bahsi endi mahalliy vaqt bilan soat 21:00 da (Toshkent vaqti bilan 17:00da) ya’ni Xitoy - O‘zbekiston o‘yini bilan bir vaqtda start oladi. E’tiborga molik jihati shundaki, koreyaliklar 2013 yildan buyon hali biror marotaba o‘z maydonlaridagi uchrashuvlarni bunchalik kech vaqtda boshlamagan ekan.

Eslatib o‘tamiz, terma jamoamiz 2014 yilgi jahon chempionati so‘nggi saralash bosqichida ham aynan Janubiy Koreya va Eron terma jamoalari bilan bir guruhda kurash olib borgandi. Bahslar yakuniy pallasiga kirib borgan bir paytda vakillarimizning Braziliyada o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi Janubiy Koreya hamda Eron terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinga bog‘liq bo‘lib qolgandi. Shunda ham koreyaliklar Eronni mag‘lub etishi kerak edi va O‘zbekiston tarixda birinchi bor mundialda ishtirok etar edi...

Biroq bunday bo‘lmadi. Ushbu o‘yin arafasida ikki jamoa bosh murabbiylari Karlush Keyrush va Choy Kang Hi ko‘r-ko‘rona dahanaki jang qilib ham olishdi, ammo o‘yinda bunday qarama-qarshilikmni guvohi bo‘lmadik. Ulsandagi stadionga tashrif buyurgan muxlislar o‘yin davomida mezbonlar uyushtirgan uch-to‘rt xavfli vaziyatlarni guvohi bo‘lishdi xolos, lekin forslar o‘yindagi yagona hujum bilan g‘alaba golini kiritishdi. Ushbu gol Janubiy Koreyani ham, Eronni ham jahon chempionatiga olib chiqqan edi. O‘zbekiston terma jamoasi esa har qancha harakat qilmasin 14 ochko bilan 3-o‘rinda qolib ketgandi.

Umid qilamiz, raqiblarimiz Eron va Janubiy Koreya terma jamoalari o‘tgan galgi “o‘yin“larini bu safar takrorlamaydi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!