Nivaldo: “Lokomotiv”da yana 6 oy qolganimda...

  • 14 iyul, 2018, 12:15
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Lokomotiv” klubida to‘p surgan braziliyalik hujumchi Nivaldo Rodrigesning yurtimizdagi faoliyati yakuniga etdi. U Toshkentliklar safiga Belorussiyaning “Dinamo-Brest” jamoasidan qo‘shilgandi. Olti oylik hamkorlikdan keyin Nivaldo yana belorussiyaliklar safiga qaytib ketdi. Shu munosabat bilan SPORTS.uz muhbiri Nivaldo bilan bog‘landi.

Tecno

- Shartnoma nihosiga etgandi. Qolaversa, olti oy mobaynida ijarada o‘ynadim, - deya ketishining sababini tushuntirdi, futbolchi. - Nima deyishim mumkin? “Lokomotiv” – juda yaxshi shakllangan jamoa. Shunday klub safida to‘p surganimdan xursandman. “Lokomotiv” safidagi faoliyatimdan menda juda iliq taassurot qoldi. Baxtga qarshi kutilmaganda olingan jarohat tufayli anchagacha maydonga tusha olmadim. 13 uchrashuv, darvozalarga kiritilgan 5 ta gol – bu men uchun juda kamtarona ko‘rsatkich. Agar tuzalib safga qaytganimdan keyin “Lokomotiv”da yana olti oy qolganimda hammasi yaxshiroq chiqishiga ishonchim komil edi.

Nivaldoning o‘ziga xos o‘yin uslubi bor edi. Ammo yuqorida aytib o‘tilganidek, jarohatlar unga o‘z kuchini ko‘rsatish uchun to‘liq imkoniyat bermadi. Boshidagi kelishuv esa olti oylikni tashkil qilgan, lekin tomonlar o‘zaro hamkorlikni davom ettirish niyatini amalga oshirishga yana nimadir to‘sqinlik qilganmidi? Bunga braziliyalik shunday dedi:

- Tushuning, ijara shartnomasi bor yo‘g‘i olti oyga tuzilgandi xolos. Muddat bir zumda o‘tib ketdi. Ustiga-ustak “Dinamo-Brest”dagilar kelishuvni uzaytirishni istashmadi. Shuning uchun ortga qaytishimdan boshqa chora qolmagandi. O‘zimga qolsa, “Lokomotiv”da yana jon deb qolgan bo‘lardim. Ammo brestliklar buni xohlamaganlari tufayli ketishimga to‘g‘ri keldi.

Ana endi hammasi tushunarli. Xo‘sh, Nivaldo Rodrigesning keyingi rejalari qanday? U “Dinamo-Brest”da faoliyatini davom ettiradimi yoki yana boshqa klubga ijaraga ketadimi? Aytishi bo‘yicha, Brestda qoladi.

- Bundan buyog‘iga “Dinamo-Brest” uchun o‘ynayman. Ayni chog‘da ikkinchi davra bahslariga tayyorgarlik ko‘ryapman. Mavsumning ushbu qismini yaxshi darajada o‘tkazmoqchiman. Keyin nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Balki yana O‘zbekistonga qaytarman. Agar qaytadigan bo‘lsam, bundan faqat quvonaman, - dedi futbolchi.

Ko‘rinib turibdiki, unga O‘zbekiston va uning futboli yoqib qolgan. Har holda legionerda yurtimiz juda iliq taassurot qoldirgan. Agar hammasi o‘z qo‘lida bo‘lganida u Toshkentda qolgan bo‘lardi. Boya aytganidek, keyinchalik yana O‘zbekistonga qaytish rejasi ham yo‘q emas.

- Hozircha bu borada aniq javob qaytarishim qiyin bo‘ladi. Nega deganda, “Dinamo” bilan tuzgan shartnomamning yana bir yili bor. Professional sifatida bitimni oxiriga etkazishim kerak bo‘ladi. Ehtimol, shartnoma nihoyasiga etganidan keyin O‘zbekistonga qaytib borarman. Chunki O‘zbekiston, Toshkent menga juda yoqib qoldi. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

Shu o‘rinda undan o‘zimizning klublardan takliflar tushgan yoki tushmaganligi bilan qiziqib ko‘rdik. Ma’lum bo‘lishicha, Nivaldoni boshqa o‘zbek jamoalari ham o‘z saflarida ko‘rishni xohlashgan.

- Ha, takliflar bo‘ldi. Lekin “Dinamo” bilan shartnomam borligi uchun rad javobini berishimga to‘g‘ri keldi. Lekin aynan qaysi klublardan takliflar olganimni aytmaganim ma’qul.

Aytish mumkinki, u ilk bor O‘zbekiston chempionatida ishtirok etdi. Shunday ekan, yurtimiz futboli haqida qanday fikrda ekanligi haqida ham so‘rashni unutmadik.

- Chempionatingiz juda qiziqarli, saviyasi ham ancha yuqori. Ishtirokchi jamoalar menda yomon taassurot qoldirmadi. Masalan, o‘zim o‘ynagan “Lokomotiv”ni aytadigan bo‘lsam, klub har qanday raqibga bemalol tashvish tug‘dira oladi.

Endi ushbu o‘yinchida O‘zbekiston chempionati haqida aniq tasavvurlar paydo bo‘ldi. Ma’lumki, bizda ham ko‘plab xorijlik futbolchilar to‘p surishadi. Ularning orasida muxlislarga yoqadigani ham, yoqmaydigani bo‘lishi turgan gap. Albatta, Nivaldoning ham o‘ziga yarasha ishqibozlari bor edi. Ushbu futbolchidan O‘zbekiston chempionatida eng kuchli legioner kim deb so‘raganimizda quyidagi javobni oldik.

- O‘zbekiston chempionatida o‘ynayotgan legionerlar orasida eng yaxshisi sifatida “Paxtakor”da to‘p surayotgan Tiago Bezerrani aytishim mumkin, shuningdek, “Lokomotiv”dagi Igor Yelich menda iliq taassurot qoldirdi. U himoyada juda ishonchli harakatlanadi. Lekin yuqorida aytganimdek, eng yaxshi legioner – bu Bezerra.

Albatta, uning bu javobi ham o‘ziga xos bo‘ldi. Shuningdek, “Lokomotiv”da ham braziliyalikni yaxshi ko‘rishadi. U esa sobiq klubidagi yaqin do‘sti kim bo‘lganligi haqida gapirdi.

- Igor Yelich bilan tez-tez gaplashib turaman. Albatta, “Lokomotiv”dagi boshqa yigitlr bilan ham imkon qadar aloqada bo‘lishga harakat qilyapman. “Lokomotiv” – haqiqiy superjamoa. U erda hamma bir-biriga yordam berishga harakat qiladi.

“Lokomotiv” haqida gap ketganda shuni aytish kerakki, ular doimgidek chempionlik uchun kurashishyapti. Biroq bu vazifani bajarish qiyin bo‘lishi aniq. Nivaldo esa o‘zi o‘ynab ketgan jamoaning imkoniyatlarini chamalab ko‘rdi.

- Nazarimda, “Lokomotiv”da ham chempionlik uchun bo‘lgan imkoniyat yomon emas. Ular oxirigacha kurashadilar va bunga shubhalanmayman. Jamoani boshqarayotgan murabbiy ham ancha malakali. O‘z ishini yaxshi biladigan mutaxassisdir.

Belorussiya chempionatiga qaytgan hujumchida endilikda O‘zebkiston bilan ushbu chempionatni bir-biridan farqlay olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu masaladagi javobi esa quyidagicha ko‘rinish oldi.

- Bir narsa deyishim qiyin. Chunki ikkala chempionatning darajasi bir-birinikiga yaqin. To‘g‘ri, birinchiliklarda kuchli va buning aksi o‘laroq kuchsiz jamoalar ham etarlicha uchraydi. Umumiy ma’noda aytsam, saviya borasida o‘xshashlik yuqori.

Rossiyada o‘tayotgan jahon chempionati ham nihoyasiga etib boryapti. Katta futbol forumini butun dunyoda kuzatib borishyapti. Shu jumladan Nivaldo ham bundan mustasno emas. U so‘zining oxirida mazkur mundialga ham to‘xtalib o‘tdi.

- Ha, jahon chempionatini tomosha qilyapman. Afsuski, Braziliya terma jamoasi kurashdan chiqib ketdi. Menimcha, jahon birinchiligin Frantsiya yoki Belgiya yutsa kerak. Frantsuzlardan ko‘ra belgiyaliklar menda yaxshiroq taassurot qoldirmoqda. Ular bejiz terma jamoamizni kurashdan chiqarib yuborishmadi.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!