
EChL oldidan Husanov va 12 futbolchi “xavf” ostida!
Yangi mavsum ham “Manchester Siti” uchun og‘ir keldi. Xosep Gvardiola jamoasi Angdiya Premer-ligasining uchta uchrashuvidan ikkitasida mag‘lubiyatga uchradi.
“Shaharliklar”ni qisqa muddat – besh kun ichida uchta o‘ta murakkab o‘yin kutib turibdi. Bu jamoa milliy chempionatning to‘rtinchi turida 14 sentyabr kuni o‘z uyida “Manchester Yunayted”ni qabul qiladi. Keyin 20 sentyabr kuni ashaddiy raqib – “Arsenal” maydoniga safar qiladi.
Orada esa, Xosep Gvardiola shogirdlari Evropa Chempionlar ligasi umumiy bosqichi birinchi turida Italiya chempioni “Napoli” bilan kuch sinashishi lozim. “Etixad” stadioni mezbonlik qiladigan bu o‘yin 18 sentyabrga belgilangan.
Bo‘lajak to‘qnashuvlar oldidan jamoada vaziyat o‘ta murakkab. “Manchester Siti”da xuddi o‘tgan yilgi kabi jarohatlar epidemiyasi avj olgan.
Sports.uz portali “Manchester Siti” faoliyatini yoritib kelayotgan nufuzli manba – cityxtra.co.uk sayti ekspertlarining jamoa ichidagi vaziyat haqida tarqatgan ma’lumotlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
- Xosep Gvardiola bir necha kun ichida bo‘ladigan muhim uchrashuvlar oldidan futbolchilarning jismoniy holati va jarohatlari bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch keldi. “Manchester Siti”ning 13 nafar o‘yinchisi “Manchester Yunayted”, “Napoli” va “Arsenal”ga qarshi uchrashuvlarni o‘tkazib yuborish xavfi ostida qolmoqda.
Sentyabr oyi Xosep Gvardiola uchun juda ko‘p narsani aniqlab berishi lozim. Ammo jamoada jarohatlanganlar va jismoniy holati qoniqarli bo‘lmagan o‘yinchilarning ko‘pligi ispaniyalik mutaxassisning tarkib tanlashdagi imkoniyatini keskin chegaralab qo‘ydi.
“Manchester Siti” o‘tgan yil boshida ham xuddi shunday vaziyatga to‘qnash kelgandi. O‘shanda jamoa Kevin de Bryuyne, Jon Stounz, Oskar Bobb va ayniqsa Rodri kabi muhim o‘yinchilar xizmatidan mosuvo bo‘lgandi.
“Manchester Siti”ning salomatligini tiklashga to‘g‘ri kelgan 13 nafar a’zosining bugungi ahvoli quyidagicha:
Markus Bettinelli: Bu darvozabon mavsum boshidan beri tarkibda yo‘qligini izoh berilmayapti. Lekin uning yo‘qligi bilinmaydi. Chunki birinchi raqam egasi bo‘lishga asosiy da’vogar bo‘lgan Janluiji Donnarumma, Jeyms Trafford va Shtefan Ortega bor.
Rayan Ayt-Nuri: Jazoir terma jamoasi rahbariyati “Tottenxem” bilan uchrashuvda shikastlangan o‘yinchini yig‘inga chaqirmadi. Rayanning “Brayton”ga qarshi uchrashuvdagi harakatlari u hali jismoniy formasini tiklab olishi kerakligini oshkor qildi.
Yoshko Gvardiol: Tajribali himoyachi mashg‘ulotlarga qaytgan, lekin Xorvatiya terma jamoasi yig‘iniga bormadi. U bor e’tiborini salomatligini tiklab, tezroq safga qaytishga qaratgan.
Abduqodir Husanov: “Brayton” bilan bo‘lgan uchrashuvda oyoq mushaklaridan jarohatlandi. Tiklanish muddati ikki hafta bo‘lgani uchun O‘zbekiston milliy terma jamoasi yig‘ini bormadi va “CAFA Nations cup 2025” xalqaro turniridagi g‘alabasida ishtirok eta olmadi. Husanov “Manchester Yunayted” bilan bo‘ladigan derbigacha safga qaytishi kutilyapti.
Riko Lyuis: Iqtidorli o‘yinchi jarohati tufayli Angliya yoshlar terma jamoasi yig‘inidan voo‘ kechishiga to‘g‘ri keldi. Bu o‘yinchi Xosep Gvardiola uchun ham jiddiy yo‘qotish hisoblanadi.
Jon Stounz: Xalqaro tanaffus vaqtida mushaklarida og‘riq paydo bo‘lgani bois Angliya terma jamoasi yig‘inini erta tark etishga majbur bo‘ldi.
Rayan Sherki: Frantsiyalik yarim himoyachi avgust oyida sonidan olgan jarohatini to‘liq davolatish uchun hali yana ikki oyga yaqin maydonga tusha olmaydi. Gvardiola ham Sherki oktyabrning oxirigacha mashg‘ulotlarga qo‘shila olmasligini tasdiqladi.
Fil Foden: Jismoniy tayyorgarligi talabga javob bermagani tufayli “Brayton”ga qarshi bahsda maydonga tushmadi. Jarohatlanganlar ko‘pligini inobatga olsak, u tezroq formasini tiklab olishi talab etiladi.
Mateo Kovachich: Jarrohlik amaliyotidan keyin tiklanish jarayoni ijobiy kechmoqda. Lekin to‘liq tuzalib, jamoaga qo‘shilishiga hali erta.
Niko O’Reyli: Bu o‘yinchi ham jarohati sababli Angliya yoshlar terma jamoasi yig‘iniga bormadi. Uning safdan chiqqani “Siti” yarim himoyasidagi variantlarni kamaytiradi.
Kelvin Fillips: Tajribali futbolchi jarrohlik amaliyotidan keyin tiklanish jarayonini o‘tamoqda. Salomatligini tiklab bo‘lganidan keyin ham Xosep Gvardiola unga imkoniyat berishi dargumon.
Savio: Jarohatidan keyin mashg‘ulotlarga qaytgan. Muhim uchrashuvlargacha sport formasini ham tiklab olishga urinyapti.
Umar Marmush: Misr va Burkina-Faso terma jamoalari o‘yinida to‘qqizinchi daqiqadayoq jarohat olgan hujumchi uyiga qo‘ltiqtayoqda qaytdi. Klub Marmush “Manchester Yunayted”ga qarshi maydonga tushmasligini tasdiqladi. Qolgani chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan keyin ma’lum bo‘ladi, - deb yozdi cityxtra.co.uk sayti.
Ta’kidlash joizki, murakkab ahvolda qolgan “Manchester Siti” Premer-ligadagi asosiy raqobatchilari va Evropa Chempionlar ligasida kuchli raqibga qarshi turishi oson bo‘lmaydi. Ayni paytda klub tibbiyot xizmati o‘yinchilarni oyoqqa turhazish maqsadida kuchaytirilgan tizimda ishlayapti. Endi ko‘p narsa ular o‘z vazifasini qanday uddalashiga ham bog‘liq bo‘ladi.
Umid faqat Husanovdan! “Siti” muammolar girdobida...
Husanov – terma jamoada!
Husanov Xolandni “Real”ga kuzatib qo‘yadi...
Mbappe Husanovning jamoasini tilga oldi
Gvardiola Husanov yordamida Amorimga syurpriz tayyorlayapti!
Xoland avtobusga urildi
Husanovni tanqid qilishdi: “O‘ylamay o‘ynayapti!”
Tezkor: Husanovning ahvoli bo‘yicha ma’lumot chiqdi!
Husanovda ayb yo‘q!
Fikrlar