
Paralimpiyachilarimiz yurtimizga qaytib keldi
Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tkazilgan III yozgi Paraosiyo o‘yinlari mamlakatimiz sportchilari 35 oltin, 24 kumush va 18 bronza medalni qo‘lga kiritib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib keldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni vazirlik va idoralar, sport jamoatchiligi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, ota-onalar va muxlislar kutib oldi.
Osiyo qit’asining 43 mamlakatidan 3 mingga yaqin paralimpiyachi 18 sport turi bo‘yicha g‘oliblik uchun bellashgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk marotaba 54 nafar sportchi bilan pauerlifting, dzyudo, o‘q otish, suzish va engil atletika bo‘yicha bahslarda ishtirok etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari III yozgi Paraosiyo o‘yinlari davomida suzish bahslarida 2 marta jahon rekordi, 12 marta qit’a va 13 marta Paraosiyo o‘yinlari rekordlari yangilandi. Shuningdek, o‘zbekistonlik engil atletikachilar tomonidan 1 marta jahon, 2 marta Osiyo, 9 marta Paraosiyo o‘yinlari rekordlari o‘rnatildi.
Bu kabi yirik sport musobaqasida uchinchi marotaba ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Vatanimiz sha’nini yanada ulug‘lab, ozod va obod yurtimizda Paralimpiya harakati jadal suratlarda taraqqiy etib borayotganligini amalda yana bir bor isbotladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov so‘zga chiqdi.
Fikrlar