Premer Liga: qaysi futbolchi klubiga mos tushadi?
O‘tgan yozda Angliyaning grand klublari o‘z saflarini yuqori salohiyatli hujumchilar bilan to‘ldirgandi, bu safar esa ular tayanch yarim himoyachilari bilan to‘ldirdi. Taqdirning hazilimi bu yoki boshqa sabab, Premer Liganing top-6 jamoasidan naq to‘rttasi o‘z safini kuchli tayanch yarim himoyachilari bilan to‘ldirdi. Faqatgina “Manchester Siti” va “Tottenxem” bunga qo‘l urmadi. Bechora “shaharliklar” ushbu ro‘yxatdagilarning ikkitasini o‘z safiga olib kelishga uringan edi.
Tabiiy savol tug‘iladi, qaysi klub eng kuchli tayanch yarim himoyachisiga ega bo‘ldi? Bunga javob berish oson emas. Chunki futbolchi yaxshi yoki yaxshi emasligidan ko‘ra u yangi jamoasiga qanchalik mos tushadi, buni aniqlash ancha mushkul.
“Liverpul” – Fabino
“Liverpul”ga kim kerak edi: maydonni qo‘riqlay oladigan, qarshi hujumlarda himoyalana oladigan, shuningdek, hujmchilarga yordam beradigan jismoniy baquvvat tayanch yarim himoyachisi.
Fabino “Monako” yarim himoyasida “yashirinib yotgan javohir” ekanligida “Arsenal” uni 2015-yilda olib kelmoqchi bo‘lgan edi. Keyingi mavsumlarda kuchayib olgan Fabino 2016-17-yilgi mavsumda yulduzga aylandi. Chempionlar Ligasida o‘zini ko‘rsatkach, uning xaridorlari soni oshib ketdi.
Fabino jismoniy va texnik jihatdan hayratlanarli. U to‘pga egalik qilishda, hujumchilarga uzatmalarni amalga oshirishda va hujumlarni boshlashda mohir. U so‘zsiz “Liverpul” yarim himoyasiga mustahkamlik bera oladi. “Qizillar” o‘tgan mavsumni Jordan Xenderson bilan o‘tkazdi. Xenderson o‘tgan mavsumni yaxshi o‘tkazgan bo‘lsada, u haqiqiy tayanch yarim himoyachisi emas.
Biroq uning oldida muammo paydo bo‘lishi ham mumkin. U frantsuz klubida 4-2-2-2 o‘yin uslubida ancha kuchli Temue Bakoyoko bilan tandem hosil qilgan edi. Angliyada u endi Nabi Keyta bilan harakat qiladi. Boz ustiga “Liverpul” o‘yin sxemasi farq qiladi. Buyog‘i Yurgen Kloppning futbolchidan qanday foydalana olishiga bog‘liq.
“Manchester Yunayted” – Fred
“Manchester Yunayted”ga kim kerak edi: ikkala oyoqda o‘ynay oldigan, klub tezkor hujum uyushtirganida himoyaviy majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladigan futbolchi.
Fredni uzoq vaqt “Manchester Siti” bilan bog‘lab kelishdi. Ammo yakunda u “qizil iblislar” libosini kiyadigan bo‘ldi. Mourinoning bundan ko‘ngli to‘lgani aniq. Braziliyalik futbolchi sovuqqon, bosiq va tartibli.
Fredga faqatgina bir narsa halaqit qilishi mumkin. U va Matich chapaqay futbolchilar hisoblanadi. Bu esa “Manchester Yunayted”ning o‘yiniga ta’sir qilishi mumkin. Matich shundog‘am to‘p bilan sekin harakat qiladi. Agarda u braziliyalik futbolchiga noqulay uzatmani bersa, Fredning eng kuchli jihatlari o‘z jamoadogi tomonidan barbod qilinishi tayin.
“Arsenal” – Lukas Torreyra
“Arsenal”ga kim kerak edi: Mustahkam va texnikasi yuqori tayanch yarim himoyachisi. Lo‘nda qilib aytganda, o‘n yil oldingi Xaver Maskerano.
Bu ajoyib transfer bo‘ldi. Haqiqatdan zo‘r va ancha tomoshabop. Bittagina muammo bu til va madaniyat masalasi bo‘lishi mumkin. London turfa madaniyatli shahar ekanligini hisobga olsak, futbolchi moslashib ketish uchun janubiy amerikaliklar topishi aniq. Maydonda u “Arsenal” talab qilgan vazifalarni bemalol bajarishi aniq.
Torreyra Urugvay safida Mundialda ajoyib o‘yinini namoyish qildi. Klub qisqa qilib aytganda yarim himoyadagi kamchiliklarni to‘ldirdi, Granit Djaka esa bemalol o‘z e’tiborini klub hujumini qo‘llab-quvvatlash haqida o‘ylayversa ham bo‘ladi.
“Chelsi” – Jorjino”
“Chelsi”ga kim kerak edi: Sarri uslubida jamoaning o‘yin tempi va ritmiga dirijyorlik qiladigan yarim himoyachi
“Chelsi” “Napoli” bosh murabbiyini olib kelish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi. Yakunda buning uddasidan chiqishdi, ham. Klub endi Ngolo Kantening o‘yiniga bog‘liq emas. Frantsiyalik futbolchi raqib hujumini buzishda ustasi farang. Biroq u Sarri talab qiladigan birinchi uzatmani oshirishda no‘noq. Sarri Buskets, Pyanich, Vaygl kabi birinchi uzatmani bera oladigan tayanch yarim himoyachisini yoqtiradi. Yoki “Napoli”dagi shogirdi Jorjinoni. Shu sababli ham londonliklar Jorjinoni olib keldi.
“Manchester Siti” Fredni qo‘ldan chiqargach Jorjinoni olib kelish uchun jiddiy kurashdi. Biroq Sarrining “Chelsi” boshqaruvisha o‘tishi yarim himoyachining so‘nggi tanlovida fikrini o‘zgartirishiga sababchi bo‘ldi.
Eng yaxshi tayanch yarim himoyachisi kim?
Bu Jorjino bo‘lishi kerak. “Chelsi” Chempionlar Ligasida ishtirok etmasada, ular ehtiyoj sezayotgan tayanch yarim himoyachisini qo‘lga kiritdi. Fabino ham yaxshi, Mourino Fredni to‘g‘ri pozitsiyada o‘ynatsa u ham ajoyib. “Arsenal” Jilberto Silvadan keyin topa olmayogan Lukas Torreyraga ega chiqdi. Biroq Jorjinochi?
U Sarri bilan “Napoli”da fantastik ishlarni amalga oshirdi. Ikkovlon bir-birini juda yaxshi tushunadi. Mabodo Sarri “Chelsi”ni tark etadigan bo‘lsagina, Jorjino klubda muammolarga duch kelishi mumkin. Ungacha yarim himochi Londonda “davrini suradi”.
Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.
Fikrlar