
SPORTS.uz'da yil sarhisobi
Mana 2018 yil ham tobora o‘z yakuniga etib bormoqda. Nihoyalab borayotgan ushbu yil o‘zbek sporti uchun har qachongidan ham salmoqli bo‘ldi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
SPORTS.uz internet-portali yana bir bor siz azizlarga 2018 yilda mamlakatimiz sporti olamida yuz bergan eng esda qolarli voqealarni yodingizga solib o‘tadi.
O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Xitoyda Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi
O‘zbekiston tarixda ilk bor 23 yoshgacha bo‘lgan terma jamoalar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionati g‘olibi bo‘ldi. Ravshan Haydarov boshchiligidagi terma jamoamiz finalda Vetnamni qo‘shimcha taymlarning oxirgi daqiqasida urilgan gol evaziga 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
G‘alaba golini qo‘shimcha taymlar tugashiga 3 daqiqa qolganda zahiradan maydonga tushirilgan Andrey Sidorov burchakdan oshirib berilgan to‘pni darvozaga yo‘llab kiritdi.
Final o‘yini kuni stadionda tinimsiz qor yog‘ib turganini va shu sababli o‘yinni oq libosda boshlagan yigitlarimiz uni ko‘k rangli liboslarda yakunlaganliklarini hamd untmagan bo‘lsangiz kerak.
Qahramonlarimiz garchi yarim tunda yurtimizga qaytib kelishgan bo‘lishsada, minglab ishqibozlar ularni kutib olish uchun ko‘chalarga chiqishdi. Ularning har biriga Prezidentimiz tomonidan “Malibu” avtomobillari sovg‘a qilindi.
Ravshan Ermatov faoliyatidagi 3-jahon chempionatida ishtirok etdi
O‘zbek futboli so‘nggi paytlarda nafaqat yaxshi futbolchilar, balki yuqori saviyadagi hakamlar tayyorlash bo‘yicha ham o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Ravshan Ermatov nomini tilga olinishining o‘ziyoq o‘zbekistonlik hakamlar dunyo futbolida qanday o‘ringa ega ekanligini anglatadi.
FIFA referisi hisoblangan hamyurtimiz Ravshan Ermatov yozda Rossiya yashil maydonlarida bo‘lib o‘tgan jahon chempionati o‘yinlarida ham ishtirok etdi. E’tiborlisi, bu Ermatov uchun faoliyatidagi 3-mundial bo‘ldi. Boisi, u bundan avval Janubiy Afrika (2010) va Braziliyada (2014) bo‘lib o‘tgan jahon chempionatlarida ham ishlagan edi. Eng ahamiyatlisi, bungacha jahon chempionatlarid 9ta o‘yinda ishtirok etib rekord o‘rnatgan hamyurtimiz Rossiyadagi mundialda yana 2ta – Ispaniya – Marokash hamda Argentina – Xorvatiya o‘yinlarini boshqardi va umumiy hisobda jahon chempionatlarida boshqargan o‘yinlari sonini 11taga etkazib oldi. Ravshan Ermatov bu borada o‘z rekordini yangiladi.
Ektor Kuper O‘zbekiston milliy terma jamoasida ish boshladi
6 avgust kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi rasman tanishtirdi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mamlakat bosh jamoasini ishonib topshirish mumkin bo‘lgan mutaxassis bilan muzokaralarni yakunladi. O‘FA rasmiylari shartnoma imzolash mumkin bo‘lgan 10 dan ziyod nomzodlar orasidan argentinalik Ektor Kuper variantida to‘xtaldi.
Ektor Kuper o‘zbekistonlik futbol muxlislari uchun yaxshi tanish. 62 yoshli mutaxassis faoliyati davomida katta hajmdagi ishlarni bajargan hamda futbol olamida o‘z nomiga ega bo‘lib ulgurgan. U 1996 yil Argentinaning “Lanus” jamoasi bilan KONMEBOL Kubogi sohibi bo‘ldi. Bu muvaffaqiyati unga Evropa eshiklarini ochib berdi.
1998 yil Kuper Ispaniyaning “Malorka” klubini mamlakat kubogi finaliga qadar boshlab keldi, Ispaniya Superkubogi uchun maydonga chiqdi. Bir yil o‘tib “Malorka” Ektor bilan UEFA Kubogi finaligacha etib keldi.
Shu tariqa murabbiy mashhur “Valensiya” klubi nazariga tushdi. Katta avlod futbol muxlislarimiz yaxshi eslashadi. “Ko‘rshapalaklar” 2000 hamda 2001 yilgi mavsumlarda Evropa Chempionlar Ligasining finaligacha etib kelib, ko‘pchilikning hayratiga sabab bo‘lishdi. Bunda Kuperning roli anchagina katta edi. Chunki “Valensiya”ning finalgacha etib borishi ko‘pchilik uchun o‘ziga xos syurpriz bo‘lgandi.
Keyinroq Ektor Kuper Italiyaning “Inter” hamda Gretsiyaning “Aris” jamoalarida yaxshi ishladi. Bungacha u 1999 yilda Ispaniyada, 2000 yilda esa Evropada yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgandi.
Ektor Kuperning milliy terma jamoadagi yurishi 2017 yilga to‘g‘ri keldi. 2015 yil Misr bosh jamoasini qabul qilib olgan Kuper, oradan ikki yo‘l o‘tib jamoasini Afrika Millatlar Kubogi finaliga qadar boshlab keldi. Shuningdek, 28 yildan buyon mundial chiptasini qo‘lga kirita olmayotgan misrliklarni Rossiya—2018 sari boshlab bora oldi. Mashhur Muhammad Salohning mamlakat qahramoniga aylanishi aynan Ekter Kuper davriga to‘g‘ri keldi.
Osiyo o‘yinlaridagi eng yaxshi natijamiz qayd etildi
Joriy yil 18 avgustdan 2 sentyabrga qadar Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlari navbatdagi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qildi. E’tiborlisi, bu safargi musobaqa terma jamoamiz sportchilari uchun juda ham muvaffaqiyatli bo‘ldi. XVIII Osiyo o‘yinlariga 331 nafar sportchi bilan kelgan O‘zbekiston delegatsiyasi 21ta oltin, 24ta kumush va 25ta bronza, jami 70ta medal bilan umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston shu vaqtga qadar 6 ta Osiyo o‘yinlarida qatnashgan. Medal jamg‘arish bo‘yicha Guangjou—2010 musobaqasi o‘zbekistonlik sportchilar uchun omadli kelgandi—jami 56 ta medal. Ko‘rib turganingizdek, medallar soni bo‘yicha O‘zbekistonning eng yaxshi natijasi yangilandi. Oltin medal borasida shu kungacha Pusan—2002 musobaqasi peshqadam bo‘lib turgandi. O‘shanda o‘zbekistonlik sportchilar o‘z hisoblariga 15 ta oltin medalni yozib qo‘yishgan.
Paraosiyo o‘yinlarida umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egalladik
Xabaringiz bor Indoneziyaning Jakarta shahrida III yozgi Paraosiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Mazkur o‘yinlar o‘zbekistonlik sportchilar uchun har qachongidan ham muvaffaqiyatli yakunlandi. O‘zbekiston sport delegatsiyasi musobaqada 54 nafar sportchi bilan ishtirok etib, 77 ta medal bilan qaytadigan bo‘ldi. Ularning 35 tasi oltin, 24 tasi kumush va 18 tasi bronza medallaridir. Mazkur o‘yinlar O‘zbekiston uchun Paraosiyo o‘yinlaridagi eng yaxshisi sifatida tarixga kirdi. Chunki, bungacha yurtdoshlarimiz ushbu o‘yinlarda bu qadar ko‘p medallar jamg‘ara olishmagandi. Ortda qolayotgan o‘yinlarda medallar sifati bo‘yicha ham, soni bo‘yicha ham rekord o‘rnatildi.
Paraosiyo o‘yinlari ilk marotaba 2010 yil Guanchjouda bo‘lib o‘tgan. O‘sha musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi 21 nafar sportchi bilan ishtirok etgan. Yakunda 6 ta medal qo‘lga kiritilgan (1 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza).
To‘rt yil avval Incheon mezbonlik qilgan Paraosiyo o‘yinlarida yaqqol yuksalish ko‘zga tashlangan. O‘shanda yurtimiz sharafini 27 nafar paraatlet himoya qilgan. Yakunda 31 ta medalga ega chiqqanmiz (22 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza).
Incheondagi muvaffaqiyat oradan ikki yil o‘tib Riodagi Paralimpiya o‘yinlarida ham davom ettirilgan. O‘shanda O‘zbekiston sport delegatsiyasi musobaqada 32 nafar sportchi bilan ishtirok etgan va 31 ta medal bilan vatanimizga qaytib kelgandi.
Jakartadagi Paraosiyo o‘yinlari tugashiga bir kun qolganida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari o‘z ishtiroklarini yakunlab bo‘lishdi. Shuni alohida qayd etish lozimki, kuchli o‘nlikka kirgan jamoalar o‘rtasida eng kam sportchi bilan aynan O‘zbekiston terma jamoasi ishtirok etgan. Bu ham bizda sifatga asosiy e’tibor qaratilganidan dalolat.
Medallar jamg‘arish bo‘yicha kuchli o‘nlikka kirgan mamlakatlar necha sportchi bilan Paraosiyo o‘yinlarida ishtirok etishdi?
Xitoy – 232
Janubiy Koreya – 201
Eron – 210
Yaponiya – 303
O‘zbekiston – 54
Indoneziya – 295
Tailand – 237
Malayziya – 139
Hindiston – 193
Gonkong – 100.
Markaziy Osiyo terma jamoalari qanday ishtirok etishdi?
Mintaqamiz mamlakatlari ichida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston terma jamoalari sportchilari medallar qo‘lga kirita olishdi. Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘oniston vakillari o‘yinlardan medalsiz ortga qaytish arafasidalar. Demak, bu borada ham O‘zbekiston eng yaxshi ko‘rsatkichga ega.
5. O‘zbekiston (54 sportchi, 77 ta medal, 35 ta oltin, 24 ta kumush, 18 ta bronza)
13. Qozog‘iston (91 sportchi, 33 ta medal, 5 ta oltin, 15 ta kumush, 13 ta bronza)
32. Turkmaniston (5 sportchi, 1 ta medal, 1 ta bronza)
Tojikiston (2 sportchi, 0 medal)
Qirg‘iziston (5 sportchi, 0 medal)
Afg‘oniston (24 sportchi, 0 medal).
Qayd etib o‘tganimizdek, ortda qolgan o‘yinlarda O‘zbekiston Paraosiyo o‘yinlaridagi eng yaxshi natijasini qayd etdi. Umid qilamizki, ikki yildan so‘ng Tokio shahri mezbonlik qiladigan Paralimpiya o‘yinlarida ushbu zafarli yurish davom ettiriladi va sportchilarimiz yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘taradilar.
AGMK o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritdi

“Lokomotiv” – Superliga chempioni
Bu yil O‘zbekiston professional ligasi mamlakat chempionati formatini o‘zgartirdi va unga Superliga maqomini berdi. Yangi formatdagi musobaqa ko‘pchilikda iliq tassurot qoldirdi deyish mumkin. Boisi, deyarli har bir uchrashuv keskin va murosasiz kurashlarga boy o‘tdi.
“Paxtakor”, “Lokomotiv”, “Bunyodkor” va “Navbahor” kabi jamoalar yorqin o‘yinlar ko‘rsatishdi va o‘z muxlislarini yana stadionlarga qaytara olishdi. Yakunda esa chempionlik “temiryo‘lchilar”ga nasib etdi.
Superliganing 31-turida “Paxtakor” ustidan qozonilgan g‘alaba “Lokomotiv”ga muddatidan avval chempionlikni taqdim etdi.
PS: Umid qilamizki, Yangi 2019 yil ham mamlakatimiz sporti uchun muvaffaqiyatli kechadi. Yil boshida Ektor Kuper boshchiligidagi terma jamoamiz Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘ladigan Osiyo kubogida ishtirok etadi. Millionlab o‘zbekistonlik ishqibozlar taniqli mutaxassis ustozligidagi yigitlarimizdan bu safar har doimgidan ham kattaroq natija kutishmoqda.
Fikrlar