Shohjahon Ergashev: Men asli professional futbolchiman(1-qism)

  • 11 may, 2017, 17:05
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

 

Tecno

Shohjahon Ergashev – bugungi kunda O‘zbekistonning eng iste’dodli professional bokschilaridan biri. Aslida Shohjahon keng omma e’tiboriga ancha kech tushdi. Ko‘pchilik uni professional ringda raqiblarini ketma-ket nokautga uchratganidan so‘ng taniy boshladi. Uni mashg‘ulotlar va janglarga bag‘ishlangan internet tarmog‘idagi videoroliklari mashhur qildi.

Ayni paytda Shohjahon Ergashev nafaqat o‘zbek boks muxlislari balki xorijdagi etuk mutaxassislar nazariga tushgan. Ayrim murabbiylar mushti zo‘r bu yigit bilan ishlash ilinjida uning janglariga kelgani va hamkorlik taklif qilgani ham bor gap.

Hozir biz Shohjahonni nokautchi bokschi sifatida yaxshi taniymiz. Lekin uning muxlislar nazaridan chetda qolgan va el nazariga tushguncha bo‘lgan hayoti ko‘pchilik uchun qorong‘u va ayni paytda hamma uchun qiziq hamdir. Zero, Shohjahon bir kunda nokautchi bokschiga aylanib qolgani yo‘q...

SPORTS.uz sayti tahririyatida mehmon bo‘lgan Shohjahon Ergashev muxlisu mutaxassislar uchun qiziqarli bo‘lgani ko‘p faktlarni ochib berdi. Bugungi kunda mashhurligi kun sari ortib borayotgan bokschimiz hikoyasini navbatma-navbat e’tiboringizga havola qilamiz.

                                           Men asli professional futbolchiman!

Ha, bu ayni haqiqat. Shohjahon boks bilan shug‘ullanish bilan barobar yuqori darajada futbol ham o‘ynagan. Buni bugungi kunda professional bokschiga aylangan sobiq futbolchining o‘zi quyidagicha hikoya qiladi.

- Agar men bir-ikki yil to‘p tepganimda professional futbolchiman, deyishga ma’naviy haqqim bo‘lmasdi, - deydi Shohjahon Ergashev. – Lekin men 2008-2013 yilgacha Farg‘ona viloyatining turli jamoalarida o‘ynaganman.

O‘zbekiston chempionatining oliy ligasida “Neftchi” jamoasi sharafini himoya qilganman. Hujum chizig‘ida o‘ynaganim uchun oliy liga uchrashuvlarida gol urishga muvaffaq bo‘lganman. Adashmasam, birinchi golimni Farg‘onada “Dinamo” jamoasi darvozasiga kiritgan edim. O‘yinda ko‘proq assistentlik qilganim ham esimda.

- Futboldan nega ketgansiz?

- Aslida futbolni davom ettirganimda futbolchilar orasida yo‘qolib qolmas edim. Bunga aminman. Chunki o‘sha paytlar jamoadoshlarim bilan tengma-teng o‘ynardim. Qolaversa, men ular kabi bor e’tiborimni futbolga qaratib, mashg‘ulotlarda ular darajasida ter to‘kmaganman. Lekin o‘yinda bu kamchiligim umuman bilinmagan.

Futboldan tashqari, boks bilan jiddiy shug‘ullanardim. Vaqti kelib ikkalasidan birini tanlashimga to‘g‘ri kelishini bilardim. Chunki, eng ommaviy hisoblangan bu ikki sport turining talablari umuman bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Tarixda bir paytni o‘zida bir necha yakkakurash turi bilan shug‘ullangan yoki jamoaviy o‘yin turlari bo‘yicha musobaqalarda qatnashgan sportchilar ko‘p bo‘lgan. Lekin ham futbol, xokkey, gandbol, voleybol singari jamoaviy o‘yin turlari bilan boks, taekvondo, kurash kabi individual mahoratga asoslangan sport yo‘nalishlarini teng olib borish deyarli imkonsiz. Shunga men ham vaqti kelib, futbol yoki boksni tanlashim shartligini doim his qilib kelganman.

- Nega boksni tanladingiz?

- Futbolda o‘yin taqdiri uchun o‘n bir kishi kurashadi. Beshtasi zo‘r o‘ynasa, qolganlari u darajada to‘p sura olmaydi. Ya’ni “aravani hamma teng tortmaydi”. Tabiiyki, bunday vaziyatda ana shu zo‘r o‘ynagan besh kishi ko‘pincha o‘z maqsadiga etolmay qoladi. Boksda esa aksincha. Hammasi ringga chiqqan bokschining qo‘lida bo‘ladi. Shunga futbol menga begonadek tuyulgan. Xarakterimga futbol to‘g‘ri kelmagan. Lekin futbolni qattiq ushlaganimda balki mendan ham yaxshi futbolchi chiqardi.

Tan olishim kerak, hozir ham futbolga jiddiy qiziqaman. O‘zbekistonda “Bunyodkor”ga muxlislik qilaman. Akrom Komilov, Dostonbek Hamdamov bilan munosabatlarim yaxshi. Xabarlashib, gaplashib turamiz.

Xorij jamoalaridan “Real” yoqadi. Futbolchilardan Krishtianu Ronaldu va Serxio Ramosning o‘yinlarini maroq bilan tomosha qilaman. Shu o‘rinda, Lionel Messining ham mahoratini tan olaman.

Ko‘pincha, Krishtianu Ronaldu va Lionel Messining qay biri kuchliligini mendan ham so‘rashadi. Men uchun ularning ikkisi ham zo‘r.

Ispaniya, Angliya, Germaniya futbol jamoalaridan o‘rganadigan jihatlar juda ko‘p. Bu mamlakatlar jamoalari yirik hisobda yutqazayotgan pallada ham vaqt oz qolganiga qarama, oxirigacha kurashadi. Bu boksda ham o‘ta muhim xislat. Ayrim holatlarda hisobda ortda qolayotgan bokschi kurashni erta tugatadi. Aksincha, jang tugagunicha harakat qilish kerak. Chunki kuchli zarba bilan raqibni nokaut qilib qo‘yish ham mumkin. Yutqazgan taqdirda muxlislar oldida yuzi yorug‘ bo‘ladi. Muxlislar “Yutqazsa ham oxirigacha kurashdi, balli”, deyishadi. Har bir sportda so‘nggi soniyagacha harakatni to‘xtatmaslik kerak.

                                                Bektemir Meliqo‘ziev ideal bokschi

Shohjahon bilan suhbatimiz boks haqida davom etdi. Poytaxtimizda o‘tgan Osiyo chempionati muloqotimizni qizg‘in o‘tishiga sabab bo‘ldi. Shohjahonning ayrim qarashlari shu paytgacha yangragan fikrlarga umuman zid bo‘lib chiqdi. Xususan, mamlakatimizning eng kuchli bokschisi haqidagi savolga Shohjahon Ergashev kutilmagan javobni berdi...

Davomi bor...

SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!