Vitaliy Ni: Qo‘qonda eng yaxshi akademiyalardan birini yaratishimiz kerak

  • 12.10.2018 10:55
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol

“Nasaf”dagi faoliyati orqali muxlislarga yaxshi tanilgan mutaxassis Vitaliy Ni kuni kecha “Qo‘qon-1912” klubida ish boshladi. Tashkilotchilik borasida yaxshi nom qozongan Vitaliy Nikolaevichning Qo‘qonda ish boshlashini mahalliy muxlislar xursandchilik bilan qarshi olishdi. Chunki ko‘pchilik uning “Nasaf”da samarali faoliyat olib borganini yaxshi biladi. O‘z o‘rnida Ni qo‘qonliklarning taklifi haqida shunday dedi:

- 3-4 kun oldin “Qo‘qon-1912” klubi rahbari Baxtiyor aka Tolipov menga qo‘ng‘iroq qilib jamoada ishlash bo‘yicha taklifni o‘rtaga tashladi. O‘zaro suhbat jarayonida klubning infrastrukturasini yanada rivojlantirish, akademiyani yaratish yuzasidan bir qator qiziqarli ishlarni aytdi. Men esa uning bu taklifini rad qilmadim. Chunki o‘zim ham qo‘qonlikman. Lekin tan olishim kerak, “Qo‘qon-1912”ning taklifi men uchun biroz kutilmagan vaziyat bo‘ldi. Chunki “Nasaf”dan ketganimdan beri biror joyda ishlashim borasida hech kimga hech nima demagandim.

Klubda texnik direktor sifatida ishga kirishgan Vitaliy Nikolaevich klubning infrastrukturasini yaxshilashga alohida e’tibor qaratishi shubhasiz. Chunki u “Nasaf”da ishlash orqali bu yo‘lni bosib o‘tgan. Qo‘qonliklarga esa hozirda aynan shunga o‘xshash mutaxassis zarur edi. Uning tajribasi qanchalik samara berishini esa vaqt ko‘rsatadi.

- Biz klub rahbarlari bilan hamma masalani bafurja gaplashdik. Oldimizda turgan birinchi vazifa – bu “Qo‘qon-1912”ni Superligada qoldirish, - deya gapini davom ettirdi, mutaxassis. - Yana ettita o‘yin qoldi, shulardan to‘rttasi safarda, uchtasi o‘z maydonimizda bo‘ladi. Jamoa hozirgi vaziyatdan chiqib ketishi lozim. To‘g‘ri, bu qiyin bo‘ladi, biroq uddalasa bo‘ladi. Rahbariyat bilan gaplashganimizda bir qancha istiqbolli rejalarni muhokama qildik. “Qo‘qon-1912”ning yanada rivojlanishi va shakllanishi uchun yaxshi g‘oyalarni ko‘rib chiqyapmiz. Avvalambor klub akademiyasini yaratishimiz lozim. Biz yaxshi bilamizki, Qo‘qonda iqtidorli yoshlar juda ko‘p. Agar o‘z akademiyamizni tashkil eta olsak, bu jamoaning kelajagi uchun xizmat qilgan bo‘lardi. E’tiborlisi, akademiya qilganga yarasha uni eng yaxshilaridan biri sifatida tashkil etishimiz kerak. Biz yana bu masala ustida Qo‘qonga borib muhokamalarni davom ettiramiz. Akademiyada hamma shart-sharoitlar bo‘lishi shart. U erda bolalar eng yaxshi sharoitlar asosida shug‘ullanishlarini ta’minlab berishimiz darkor. Bu esa “Qo‘qon-1912”ning kelajagi uchun juda ham muhimdir. Bilasizmi, men faoliyatim davomida “Mash’al” va “Nasaf”da ishlab ko‘p narsalarni ko‘rdim, o‘rgandim. U erlarda akademiyalar yaxshi holatda tashkil etilgan. Shuning uchun ham “Nasaf” va “Mash’al” akademiyasidan iqtidorli bolalar doim etishib chiqmoqda. Menda bu borada o‘ziga yarasha tajriba paydo bo‘lgan. Muhimi, Qo‘qonda futbolni juda sevishadi. Rahbariyat tomonidan ham e’tibor katta. Bu esa ishlash uchun kerakligicha ishtiyoq bag‘ishlaydi. Biz Qo‘qonda futbolni rivojlantirishga bel bog‘layapmizmi, demak, u erda buning uchun hamma narsa bo‘lishi kerak.

“Qo‘qon-1912” rahbariyati imkon qadar uning tajribasidan foydalanmoqchi. Bu borada Ni ham eng shimarib ishga kirishga tayyorligini ma’lum qildi. U klubning barcha bo‘g‘inida o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi. Shu jumladan bosh murabbiy No‘’mon Hasanovga ham yordam berishi tabiiy.

- Ha, murabbilar shtabiga ham qo‘limdan kelganicha yordam beraman, - deb fikrimizni tasdiqladi, Vitaliy Nikolaevich. - Nimani bilsam, hammasini jamoa uchun berishga tayyorman. Lekin ayni paytdagi birinchi vazifamiz jamoani Superligada saqlab qolish. Turnir jadvalidagi vaziyat esa jiddiy. Negaki, “So‘g‘diyona” bilan “Neftchi” ham bizni izma-iz ta’qib etib kelishyapti. Oldinda esa bizni Jizzaxda juda jiddiy o‘yin kutib turibdi. Biz u erdan yaxshi natija bilan qaytib kelamiz degan umiddaman. Muhimi, hamma narsa o‘z qo‘limizda.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!