"Abduholiqovni yaxshi taniyman, chunki..." yoxud Xorvatiya futboli afsonalaridan biri, Hindiston termasi ustozi Shtimats SPORTS.UZ saytiga eksklyuziv intervyu berdi
Yaqinda Osiyo Kubogi musobaqasiga qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoamiz Avstraliya, Suriya va Hindiston bilan birga “V” guruhidan joy olganini yaxshi bilasiz. Hammasi ma’lum bo‘lgach, darhol raqiblar haqida ma’lumotlarga ega bo‘lish va ularning bugungi salohiyati xususida qiziquvchilar ko‘payadi.
Qur’adan so‘ng guruh borasida turli fikrlar aytildi. O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov saytimizga bergan intervyusida guruhdagi har bir raqibga to‘xtalib, Hindiston haqida alohida fikr bildirgani yodimizda.
Umuman olganda, ko‘pchilik tomonidan hindlar xususida yaxshi gaplarni eshityapmiz. Ular oldingidek autsayder emasligi haqida gapirishyapti. Anchadan beri u erda Xorvatiya futboli yulduzlaridan biri Igor Shtimats faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. O‘sha mashhur “Frantsiya-98”dagi mundialda o‘ziga xos sensatsiya ko‘rsatgan Xorvatiya terma jamoasi safida Shtimats ham bor edi. U himoyachi sifatida to‘p surganini bilsangiz kerak. Zukko muxlislar uning nomini eshitishi bilanoq yaxshi eslashlari tabiiy.
Bu yil 56 yoshni qarshilaydigan mutaxassis 2019 yildan beri Hindistonda ishlab kelmoqda. Tan olish lozimki, Shtimats kelganidan so‘ng hind futbolida rivojlanish sezilarli darajada ko‘zga tashlana boshladi. Bunda xorvatiyalik mutaxassisning roli katta.
Osiyo Kubogida terma jamoamiz raqiblari ma’lum bo‘lgach, birinchi navbatda Hindiston va uning ustoziga e’tibor qarata boshladik. Igor Shtimats bilan shaxsan bog‘lanib, uning fikrlarini eshitish biz uchun qiziq va muhim edi. Yaxshi niyat bilan uni “izlashga” tushib ketdik va juda qisqa fursat ichida o‘zi bilan aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldik. Suhbatni tashkil etishda mutaxassis Hindiston futbol federatsiyasi media departamenti boshlig‘idan ruxsat olishimiz kerakligini eslatib o‘tdi. Bu ish ham biz uchun ijobiy yakun topdi. Media departamenti bilan bog‘lanib, istagimizni ma’lum qilganimizdan so‘ng Shtimats Sports.uz sayti uchun eksklyuziv intervyu berdi.
- Janob Shtimats, avvalo biz bilan suhbatlashishga rozi bo‘lganingizdan minnatdormiz. Adashmasam, bir necha yildan buyon Hindiston futbolida ishlab kelyapsiz. Ko‘pchilik hind futbolini yuksalib borayotganini ta’kidlayapti. Ayting-chi, bu borada qanday ishlar qilinyapti?
- Biz yangi va yosh futbolchilarni katta jamoalarga tarbiyalab bera oldik. Shu jihatdan ayta olamizki, kelajagimiz porloq bo‘lishi mumkin. Biz Janubiy Osiyo futbol federatsiyalari Kubogi chempionatidagi so‘nggi musobaqada g‘alaba qozondik va Osiyo Kubogiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdik. O‘z guruhimizda maksimal ochko to‘plab, to‘plar farqini 10:1 ko‘rinishga keltirgan holatda Osiyo Kubogiga yo‘l oldik. Hozirda ushbu nufuzli musobaqani intiqlik bilan kutyapmiz. Avstraliya, O‘zbekiston va Suriya kabi kuchli raqiblarga qarshi o‘zimizning eng kuchli tomonlarimizni ko‘rsatishga umid bog‘layapmiz.
- Yaqinda Osiyo Kubogiga qur’a tashlandi. Guruh haqida qanday fikrdasiz? Bu siz kutgan guruh bo‘lib chiqdimi?
- Bizning guruhimiz juda ham raqobatbardosh. Sizga aytishim mumkin bo‘lgan yagona narsa – biz raqiblarimizning eng kuchli jihatlari haqida yaxshi ma’lumotga egamiz. Lekin shuni ham aytib o‘tishim kerakki, ushbu musobaqaga shunchaki qatnashish uchun bormayapmiz. Har bir guruh o‘ziga yarasha qiyin. Ayniqsa, 4-savatchadan guruhlarga qo‘shilgan bizdek jamoalarga nisbatan ancha kuchli raqiblar bo‘lishi tabiiy. Shunday ekan, bu kabi musobaqalarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan va turnir davomida ko‘proq omadi chopgan jamoa guruhlardan keyingi bosqichga yo‘llanma olishlari mumkin bo‘ladi.
- O‘zbekistonlik, ayniqsa katta avlod muxlislari sizni yaxshi bilishadi. Yurtimiz futbolini anchadan beri kuzatib kelyapsizmi? Bu xususida bizga nimalarni ayta olasiz?
- Men sizlarning poytaxtingiz Toshkentga bir necha marotaba borganman va shahar menga juda ham yoqqandi. Shuningdek, Temurxo‘ja Abduholiqovni yaxshi taniyman. Chunki u uzoq yillar avval mening ona shahrim – “Xayduk Split”da faoliyat olib borgan. Futbolchilaringiz kuchli va raqobatbardosh. Aytib o‘tishim joizki, ularga qarshi o‘ynash oson bo‘lmaydi. Hozirda sizlarda ajoyib murabbiyingiz ham bor. Srechko Katanetsni juda yaxshi taniyman.
- O‘zbekiston terma jamoasida siz uchun eng xavfli futbolchi kim?
- Sizlarda ajoyib futbolchilar bor. Jamoangiz yaxshi shakllangan. Bir qator futbolchilaringiz katta xalqaro tajribaga ega. O‘sha Shomurodov, Masharipov va Shukurovlarni misol qilib keltirishim mumkin.
- Hindiston termasining Osiyo Kubogidagi asosiy vazifasi nima?
- Bizning maqsadimiz yaxshi o‘yin namoyish etish va imkon qadar nimchorak final bosqichiga yo‘llanma olish. Guruh bosqichiga qur’a tashlanib, o‘yinlar aniq bo‘lganidan beri barcha Hindiston milliy terma jamoasini jadvalning pastki qismida e’tirof etib kelyapti. Biz musobaqa davomida buni o‘zgartirish uchun qo‘limizdan kelganicha barcha ishni qilamiz.
- Yodimizda, Xorvatiya 1998 yilgi jahon chempionatida syurpriz ko‘rsatgandi. O‘sha onlarni tez-tez eslab turasizmi?
- Bu siz uchun syurpriz bo‘lishi mumkin. Lekin biz uchun hech qanday o‘zgacha holatda emas. Bizning avlodimiz 1987 yilda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgandi va biz o‘z kuchimiz haqida yaxshi bilimga egamiz. Kuchimiz qanday ekanligini yaxshi bilamiz. Biroq ushbu davrdan keyin bizda biroz kuchli jihatlarimizni ko‘rsatishga imkoniyat bo‘lmadi. Chunki mamlakatimizda ichki urush bo‘lgandi. Shuning uchun biz o‘zimizni to‘liq namoyish etib kela olmayotgandik.
- Qaysi Xorvatiya kuchliroq? O‘sha 1998 yildagisimi yoki bugungi Xorvatiyami?
- Avlodlarni solishtirish imkonsiz. Lekin men doim o‘zim tanish bo‘lgan va o‘zim harakat qilgan davrni – 1998 yilgi jamoani kuchliroq deb hisoblayman.
- Siz uchun Osiyo Kubogidagi favoritlar kim?
- Osiyo Kubogida birinchi savatchadan saralangan istalgan jamoa chempionlik uchun da’vogar bo‘lishi mumkin.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar