
“B” Pro-liganing 1-turida “Turon” jamoasi o‘z maydonida “Lokomotiv-BFK” (1:0)ga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuvdan so‘ng mezbonlar yarim himoyachisi Ahror Umarjonov Sports.uz internet portaliga o‘z fiklarini bildirdi.
- “Turon”ning dastlabki uchrashuvi bo‘lgani uchun stadionga juda ko‘plab muxlislar tashrif buyurdi, - deya gap boshladi Umarjonov. Mavsumning ilk bahsi bo‘lganiga boshida biroz hayojon sezildi. Rosti, qiyin o‘yin bo‘ldi. Ammo, kuchli ishtiyoq evaziga g‘alaba qozondik. “Lokomotiv-BFK” ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Ular ham osonlikcha mag‘lubiyatga uchrashni istamadi.
- “Turon” jamoasi mavsumga qanchalik tayyor?
- Mening fikrimcha, jamoamiz mavsumga 80 foiz tayyor. Turdan-turga va o‘yindan-o‘yinga yanada kuchli bo‘lib boramiz. Tez orada o‘zimiz kutgan darajaga chiqib olamiz.
- Ushbu klubga qay tariqa kelib qoldingiz?
- Bosh murabbiy Bahrom Hakimovning shaxsan o‘zi meni “Turon” jamoasiga chaqirdi. Bu erga kelib jamoaning sharoitlari bilan tanishdim. Klub mashg‘ulotlarida qatnashib, barchasi manzur bo‘lgach, shartnoma imzoladim. “Norin”da ko‘p vaqtimni o‘tkazdim. Bu jamoa men uchun yangi chaqiruv bo‘ldi va yuqori marralarni maqsad qilgan holda “Turon”ga keldim.
- “Rash-Milk”ga qarshi kechadigan navbatdagi o‘yin borasida fikringiz qanday?
- Bizni navbatdagi turda ham qiyin o‘yin kutmoqda. “Rash-Milk”ga qarshi kechadigan o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz va muxlislarimizni xursand qilish uchun maydonga chiqamiz.
Fikrlar