"Ajdarlar"ga oson bo‘lgani yo‘q yoxud "Nasaf"ning kubok finaliga qadar bosib o‘tgan yo‘li haqida

  • 15 oktabr, 2022, 19:58
  • 4
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, kecha O‘zbekiston kubogi yarim final bosqichi yakuniga etdi. Buxorodagi finalga Qarshida AGMKni taslim etgan "Nasaf" va Namanganda qiyinchilik bilan penaltilar seriyasiga ko‘ra "So‘g‘diyona"ni enggan "Navbahor" jamoalari yo‘l oladigan bo‘ldi. 

Tecno

SPORTS.uz sayti bugun Qarshining "Nasaf" jamoasining finalga qadar bosib o‘tgan yo‘li haqida batafsil to‘xtalib o‘tishga qaror qildi. Demak, boshladik.

NIMChORAK FINAL.

Ro‘ziqul Berdiev jamoasi Osiyo chempionlar ligasida ishtirok etishi tufayli "Paxtakor" bilan birga kubok bahslarini pley-offdan boshladi. Shu tariqa, nimchoraq finalda "ajdarlar"ga "Surxon" jamoasi raqiblik qildi. Olmaliqda o‘tgan bahs 2:1 hisobida qashqadaryoliklarning g‘alabasi bilan yakun topadi. 

Dastlab, 6-daqiqada Sharof Muhitdinov uchrashuvda tezkor gol urib, hisobni ochadi. Bu gol mehmonlarga ma’lum vaqt ustunlik beradi. Ammo bahsning 41-daqiqasi o‘tib borayotgan bir vaqtda mezbonlar muvozanatni tiklaydi. Gol muallifi "Surxon"ning etakchi futbolchilaridan biri Bobur Akbarov bo‘ladi. Jamoalar tanaffusga 1:1 hisobidagi durang bilan chiqib ketadi. 

Ikkinchi bo‘limda "ajdarlar" yana hujumga o‘tadi. Bu o‘z foydasini ko‘rsatmasdan qolmaydi. 63-daqiqada Husniddin Aliqulov Azizxon Isoqov darvozasini ishg‘ol etib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqadi - 1:2. Bu goli orqali Aliqulov nafaqat "Nasaf"ning g‘alabasiga hissa qo‘shadi, balki u yakunda "o‘yinning eng yaxshi futbolchisi", ham deb topiladi.   

aliqulov

ChORAK FINAL.

1/4 finalda Berdiev shogirdlarini o‘sha paytda "Lokomotiv"da endigina ikkinchi o‘yinini o‘tkazayotgan yosh mutaxassis Server Jeparov oldida kubok o‘yinida "ajdarlar" to‘sig‘ini engib o‘tish vazifasi turgandi. O‘yin kutilganidek, "Nasaf" ustunligi ostida boshlandi. Qizig‘i, bu bahsda ham nimchorak finalda bo‘lgani kabi Husniddin Aliqulov o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘yadi. U burchakdan uzatib berilgan to‘pni boshi bilan darvozaga joylab qo‘yadi - 1:0. 

Shu tariqa, bu gol o‘yinda yagonaligicha qoladi. Maydon egalari uchrashuv yakuniga qadar o‘z darvozasi dahlsizligini saqlab qoladi va haqli tarzda yarim final yo‘llanmasiga ega chiqadi. Ahamiyatlisi, "o‘yinning eng yaxshi futbolchisi" sovrini yana Husniddin Aliqulovga nasib etadi. Qatorasiga ikkinchi marta. 

husniddin

YaRIM FINAL.

Ushbu bosqichda "Nasaf"ni ancha jiddiy raqib kutib turgandi. Tajribali Mirjalol Qosimov boshchiligidagi AGMK final uchun jiddiy qarshilik ko‘rsatishi oldindan ma’lum edi va yakunda shunday ham bo‘ldi.

Hatto "konchilar" uchrashuvda birinchi bo‘lib hisobni ochgandi. 37-daqiqada olmaliqliklarning eronlik yarim himoyachisi Siyavush Haqnazari qanot himoyachisi Ahmadalievning uzatib bergan pasidan so‘ng to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi - 0:1. Tabiiyki, mezbonlar o‘z maydonida engilishni hazm qila olmasdi va ular hujumga zo‘r berishdi. Birinchi bo‘lim yakunlanib borayotgan bir vaqtda sa’y-harakatlar samara bermasdan qolmadi.  Akmal Mozgovoyning uzatmasi G‘olib G‘aybullaevga kelib tushdi va u havodagi to‘pga kuchli zarba berdi. Uchrashuvda hisob tenglashdi - 1:1. 

Qizig‘i, endi boshlanayotgandi. Ikkinchi bo‘lim jamoalar ketma-ket hujumlar amalga oshirdi. Ammo bellashuvdagi uchinchi golni urish baxtiga "Nasaf" muyassar bo‘ldi. Qanotdan yana Mozgovoyning uzatmasi va bu safar jarima maydonchasi ichida Alibek Davronov paydo bo‘ldi. U qulay uzatib berilgan pasdan so‘ng to‘pni boshi bilan ajoyib tarzda darvozaga kiritib yubordi - 2:1. 

Shu tariqa, qarshiliklar iroda namoyish etib, yarim finalda kuchli raqibni mag‘lub etdi va finalga yo‘l oldi.   

g‘olib

Ko‘rinib turibdiki, kubok bahslarida "ajdarlar"ga oson bo‘lgani yo‘q. Superliganing kurashuvchan jamoalariga qarshi Berdiev jamoasi munosib o‘ynadi va muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. Endi finalda ularni mavsumning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lib turgan "Navbahor" klubi kutib turibdi. Buxoroda super final bo‘lishiga shubha yo‘q. G‘olibni taxmin qilishga-da qo‘rqadigan bahs! Voqealar rivojini SPORTS.uz bilan birga kuzating. Zero, biz sizga eng yaxshilarini ilinamiz!!! 

 

Shohrux Zoirov tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Турсунов Рамазон
15/10/2022 21:50
Юкоридаги футбол файласуфлапига инсоф берсин юкоридан Насафга босим булмаса булди босим беришдан курксин Оллох жазолайди.Олга Насаф омад ёр булсин.Куллашда давом этамиз мухлислар сен билан бирга.
&
Турсунов Рамазон
15/10/2022 21:44
Хакамла Набохорга ёрдам бермаса Насаф кубокни олади насиб булса.
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
17/10/2022 11:29
Agar Toza Ochiq uyinga quyib berishsa. Nasaf. shu yil. 2 lasini ham oladi.
&
Mirjalol official playon6062@gmail.com
15/10/2022 20:34
Насафда олтин дубил булади худо хохласа