
"Al-Muharraq" - "Nasaf": Jamoalar final yo‘lida kimlar bilan bahs olib bordi?
Bugun OFK Kubogining yangi chempioni aniqlanadi. Bahraynning Arad shahrida o‘tkaziladigan bahsda mezbon "Al-Muharraq" "Nasaf"ni qabul qiladi.
O‘yin boshlanishiga bir necha soat qolgan bir paytda, biz tomonlarning hal qiluvchi bellashuvga qadar bosib o‘tgan yo‘li haqida ma’lumot taqdim etamiz. Demak, so‘zimizni "ajdarlar" bilan boshlaymiz.
Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari guruh bahslarini qo‘shni mamlakat jamoalari - "Oltin Asir" (Turkmaniston), "Ho‘jand" (Tojikiston), hamda "Oloy" (Qirg‘iziston)ga qarshi o‘tkazdi. Ushbu bosqichda vakillarimiz 9 bor raqib darvozasini ishg‘ol etib, birorta to‘p o‘tkazib yubormadi. Markazlashgan tizimda Tojikiston mezbonligida o‘tgan guruh bosqichi uchrashuvlari may oyida o‘tkazilgandi.
Keyinchalik, qarshiliklar pley-offdagi o‘yinlarning barchasini Qarshida o‘tkazdi. Avgust so‘ngida Turkmanistonning "Ahal" klubini qabul qilgan "ajdarlar" nisbatan qiyinroq bo‘lgan g‘alabani qo‘lga kiritdi. 1 oydan kamroq vaqtdan so‘ng Hindistonning "Mohun Bagan" jamoasi "Markaziy"da mehmon bo‘ldi. Bu safar biznikilar raqibni tor-mor keltirdi, hisob 6:0! Va nihoyat, final ostonasida Gong Kongdan tashrif buyurgan "Li Man" klubi vakillarimizga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. 20 oktyabr sanasida, o‘ta asabiy ruhda kechgan mazkur to‘qnashuv keskin kurashlar va jarohatga boy o‘tdi. 120 daqiqadan uzoqroq davom etgan o‘yinda "ajdarlar" irodaliroq chiqdi va 105-daqiqada Kaluderovich tomonidan kiritilgan gol evaziga final chiptasini "ilib ketdi".
"Nasaf"dan farqli o‘laroq, "Al-Muharraq" finalga 5 "qadam" bilan etib keldi. Dastlab, guruhda "Al-Ansor" hamda "Al-Salt" jamoalaridan ustun kelgan "bo‘rilar", kutilmaganda, autsayder "Markaz Balata"ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. E’tiborlisi shundaki, klub mazkur o‘yinlarning hech birida raqibiga qaraganda yaqqol ustunlik namoyish etmadi. Pley-offda esa, bunday deya olmaymiz. Boisi, Al-Hamdani shogirdlari hududiy yarim final bosqichida Livanning "Al-Ahed" jamoasi ustidan yirik hisobda zafar quchdi, 3:0.
Yarim finalda bizga tanish bo‘lgan "Quvayt SK" hal qiluvchi o‘yinda ishtirok etish uchun "Muharraq" bilan bahs olib bordi. Sardor Rashidovning sobiq klubi hisoblanadigan quvayt jamoasi 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Tarkibida Jon Obi Mikel va yana bir nechta yaxshi legioneri mavjud bo‘lgan quvaytliklar maqsadiga eta olmadi. Umuman olganda, o‘zbekistonlik muxlislar uchun aynan shu klub final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani ma’qulroq edi. Sababi, mamlakatdagi vaziyat tufayli OFK hal qiluvchi bahsni Qarshi shahriga berishi ehtimoldan holi emasdi. Bu bir necha kun oldin yakuniga etgan U23 Osiyo kubogi saralashi guruh bosqichi uchrashuvlarining Quvaytdan Toshkentga taqdim etilishi misolida ham kuzatilgandi.
Yuqorida tomonlarning finalga qadar bosib o‘tgan yo‘li haqida fikr-mulohazalar bilan o‘rtoqlashdik. Zero, bu tomoshabinlarga final oldidan o‘yinga doir ma’lumotlar bilan tanishish hamda tomonlarning imkoniyatini oz bo‘lsa-da chamalash imkoniyatini taqdim etadi. Quyida "Al-Muharraq" - "Nasaf" uchrashuvi haqidagi boshqa qiziqarli ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz. So‘nggi yangiliklarni biz bilan kuzatishda davom eting!
"Al-Muharraq" - "Nasaf": Uchrashuv haqida bilishingiz shart bo‘lgan 10 ta fakt!
"Nasaf"ni finalda qanday raqib kutmoqda? "Al-Muharraq"ni kuchli tomonlari nimada?
Lutfulla To‘raev: "Nasaf" futbolchilari maydonda jonini berishiga ishonaman!
Fikrlar