Aleksandr Krestinin: "O‘sha kezlardayoq hamkorlikni davom ettira olmasligimiz deyarli oydinlashib qolgandi"

  • 5 dekabr, 2023, 22:46
  • 0
  • Futbol

Chempionatning oxirgi turida “Bunyodkor” klubi “Paxtakor”ni 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratganidan keyin bosh murabbiy rossiyalik Aleksandr Krestinin iste’foga chiqdi.

Shu tariqa, “Qaldirg‘ochlar” jamoasini yarim mavsum boshqargan mutaxassis klubdan ketdi. Sports.us jurnalisti Krestinin bilan suhbatlashdi.

- Aleksandr Sergeevich, jamoasi g‘alaba qozonganidan keyin ishdan bo‘shatilgan murabbiylarni kamdan-kam eshitamiz. Sizdagi vaziyat qanday yuz berdi?

- Bunaqa narsalar hayotda bo‘lib turadi. Klub rahbariyati bundan keyingi tanlangan yo‘lni boshqacha holatda ko‘rishgani uchun biz bafurja hammasini muhokama qilib oldik. Hech qanday sen-menga bormagan holda bir-birimiz bilan hamkorlikni to‘xtatishga qaror qildik. Hayotda bu oddiy kuzatiladigan holatdir, bundan sira ajablanish kerak emas.

- Klubdan ketishingizni qachon tushunib etgandingiz?

- Bilasizmi, mavsum mobaynida rahbariyat bilan hamkorlik masalasida ham tez-tez gaplashib turdik. O‘sha kezlardayoq hamkorlikni davom ettira olmasligimiz deyarli oydinlashib qolgandi. Noyabr oyiga kelib hammasini uzul kesil hal qilib oldik.

krestinin4_1

- “Bunyodkor”da yarim mavsum ishladingiz. Bu vaqt ichida nimaga erishdingiz va nimaga erisha olmadingiz?

- Biz futbolni biroz o‘zgartirmoqchi bo‘ldik. Faqat mavsum oxiriga kelganda o‘yinimizda barqarorlik ko‘zga tashlandi. Muhimi, musobaqa jadvalida o‘zimizdan oldingi o‘rinlarni band etgan barcha raqiblarni deyarli yutdik, faqat “Surxon” bilan “Navbahor”ga imkoniyatni boy berdik, xolos.

- Rostini aytsam, “Bunyodkor”da uzoq vaqt qolishingizni kutgandim. Jamoani tark etish sizga qiyin bo‘lmadimi?

- Albatta, shak-shubhasiz, biz birgalikda yaxshi ishladik. Tabiiyki, yigitlar bilan xayrlashish oson bo‘lgani yo‘q. Yana takrorlayman: bu-hayot. Hayotda esa har qanday ish sodir bo‘lishi mumkin. Birga ishlagan insonlarga o‘z minnatdorligimni bildirib qo‘ydim.

krestinin11

- Biz sizning keyingi rejangizga qiziqyapmiz. Yangi takliflar bormi? Yana O‘zbekistonda qolasizmi?

- Hozircha keyingi ish borasida aniq bir reja va takliflar yo‘q, hisobi. Chunki klub bilan xayrlashganimga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Faqat shuni ayta olamanki, yangi takliflar uchun ochiqman. Lekin avval yaxshilab dam olmoqchiman. Ta’tildan keyin hammasi oydinlashadi.

- Klubdagi qaysi futbolchi sizni hayron qoldira oldi va qaysi biri siz kutgandek o‘yna olmadi?

- Aniq bir o‘yinchini ajratib ko‘rsata olmayman. Hamma yigitlar yaxshi harakat qilishdi va shu jumladan, o‘rinbosarlar jamoasidan jalb etilganlar ham. Quvonarli tomoni, ularning ko‘pchiligi mavsum oxiriga kelib asosiy tarkibda maydonga tusha boshladilar. Umuman, butun jamoa yomon taassurot qoldirgani yo‘q, deb o‘ylayman.

krestinin3_3

- “Bunyodkor” chempionatni 8-o‘rinda yakunladi. Bu natijadan qoniqdingizmi?

- Agar o‘rin borasida gaplashadigan bo‘lsak, 6-o‘rinni band etishimiz ham mumkin edi. Ammo, boya aytganimdek, butun jamoa menda yaxshi taassurot qoldirdi. O‘tgan vaqt davomida birgalikda maqtashga arziydigan darajada ish olib bordik, deb hisoblayman.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!