Alonso bo‘lajak uchrashuvdan avval futbolchilarning holati va boshqa qiziqarli savollarga to‘liq javob berdi (matbuot anjumani)

  • 26 iyun, 17:20
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

"Real Madrid" bosh murabbiyi Xabi Alonso Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati so‘nggi tur bellashuvidan avval matbuot anjumanida ishtirok etib, ko‘plab qiziqarli savollarga javob berdi.

Ertaga qaysi "Real Madrid"ni ko‘rishni xohlaysiz? 
 

"Bizda ikkita asosiy maqsad bor: g‘alaba qozonish va guruh bosqichini birinchi o‘rinda yakunlash. So‘nggi o‘yinda bir futbolchimiz kam bo‘lsa-da, yaxshi natija bilan maydonni tark etdik. Kuchli raqibga qarshi o‘ynadik. Yaxshi start oldik. Hozir biz hal qiluvchi bosqichdamiz". 
 
Rodrigo bilan qandaydir muammo bormi? Uni qanday ko‘ryapsiz? 
 
"Men uni yaxshi formadek ko‘ryapman, u motivatsiyaga ega. Bir necha kun oldingi holat — bu shunchaki taktika bilan bog‘liq qaror edi. U hali ham jamoamizning muhim futbolchisi, Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida unga ehtiyojimiz bor. U maxsus futbolchi va yaxshi rol o‘ynaydi". 
 
Laportaning “Real Madrid” haqidagi gaplariga qanday qaraysiz? 
 
"Men vaziyatni tushunaman, lekin unga kirishmoqchi emasman. Bizda demokratiya bor deb hisoblayman, Madridda ham ular ma’lum kuchga ega, bu kuch har ikki tomonlama". 
 
Kilian Mbappe qanday ahvolda? 
 
"Uni mashg‘ulot maydonida ko‘rib hursand bo‘ldim. U o‘zini yaxshi his qilmoqda, lekin ertangi o‘yinda o‘ynash darajasiga hali chiqmagan. Hozircha u tiklanish jarayonida. Biz uni 1/8 finalga tayyor bo‘lishi uchun saqlab qolmoqchimiz". 
 
Mendy yoki Kamavinga ertaga safda bo‘ladimi? 
 
"Ferlan hali vaqtga muhtoj. Eduardo esa tezda formaga qaytyapti, u ko‘proq mashg‘ulotlarga qo‘shilmoqda. Yaqin o‘yinlarda qatnashadimi yoki yo‘q, hali noma’lum. Lekin tez orada maydonda bo‘lishiga umid qilamiz. U yuqori darajadagi futbolchi va bizga kerak". 
 
Mastantuono, Rodrigo va Brahim bor ekan, transfer bo‘lishi mumkinmi? 
 
"Men barcha futbolchilarimdan juda mamnunman va hammasiga tayanaman. Oldinda 50–60 ta o‘yinli murakkab mavsum turibdi. Sog‘lom raqobatli jamoaga ehtiyojimiz bor. Men jamoamdan qoniqaman. 
 
Xausen ikki o‘yinda shundoq o‘zini ko‘rsatdi. Bu borada fikringiz qanday? 
 
"U jamoaning tayanch ustunlaridan biri. Milliy jamoada ham, bizda ham o‘z xarakterini ko‘rsatdi — maydonda ham, kundalik hayotda ham. Bu ajoyib transfer bo‘ldi. Biz uni qo‘llab-quvvatlashimiz va oldinga etaklashimiz kerak. Unda hali katta salohiyat bor. Men u biz bilan bo‘lganidan xursandman". 
 
Guruh bosqichini birinchi o‘rinda yakunlash “Real”ni turnirning eng qiyin yo‘liga olib kiradi. Fikringiz qanday? 

 
"G‘alaba qozonmaslik haqida o‘ylash – bu yaxshi g‘oya emas. Bu hech kim uchun ijobiy signal bo‘lmaydi. Hissiyotlar va qarashlar muhim. Bu fikr hech kimning xayoliga ham kelmaydi. Ha, men turnir jadvalini ko‘rganman, ko‘rmaydigan darajada emasman. Ammo biz g‘alaba uchun maydonga chiqamiz". 
 
“Pachuka”ga qarshi o‘yinga qarab, bu mavsum Valverde oldingi chiziqda ko‘proq harakat qiladimi deb o‘ylaysizmi? 
 
"Menda bir nechta rejalar bor. U juda universal futbolchi. Bir nechta pozitsiyada o‘ynay oladi — qanotga yaqin joyda ham, boshqa joyda ham. Bu bizga katta moslashuvchanlik beradi". 
 
Madriddagi futbolchilik faoliyatingizdan qanday xotiralar qolgan? 

 
"Bu dunyodagi eng nufuzli klub. Uning tarixi – qaerga bormang, o‘zi haqida hamma narsani aytib turadi. Bu “Real Madrid”ni buyuk klubga aylantiradigan omillardandir. Bu klub a’zosi bo‘lish sharaf va faxr. Biz maqsadlarimizga erishish va afsonamizni davom ettirish yo‘lida harakat qilamiz". 
 
Bellingem erkinroq o‘ynashdan zavq olayotganini aytdi. Operatsiyadan keyin uni qanday ko‘ryapsiz? 
 
"U jamoamizning asosiy futbolchilaridan biri bo‘ladi. Men uning o‘yinini, ayniqsa, markazda qanday harakat qilayotganini, hujumlarda qatnashishini va yuqori sifati bilan hayratda qoldim. “Pachuka”ga qarshi aynan shuni ko‘rdik. Biz doimo unga yaqin bo‘lishga harakat qilamiz. U nihoyatda g‘ayratli, doimo o‘z ustida ishlashni xohlaydi va rivojlanishga intiladi. Biz esa bu jarayonni kuzatishga tayyormiz". 
 
Raqib jamoa murabbiyini yaxshi taniysizmi? 
 
"Germaniyada bir necha marta to‘qnash kelganmiz. Ha, “Zaltsburg” hozir boshqa jamoa, lekin men Tomas bilan uchrashishni intiqlik bilan kutyapman".

Tecno

Vinisiusni chap qanotda ham, markazda ham ko‘rdik. Sizningcha, u himoyaviy jihatdan rivojlanishi kerakmi? 
 
"Menga ayon bo‘lgan narsa shu: hammamiz himoya qilishimiz kerak. Har bir 11 futbolchi maydonda pressing nima ekanini bilishi zarur. Aks holda, bu juda qiyin bo‘ladi. Vini, Jud, Fede, Kilian, himoya chizig‘i — biz jamoa sifatida qancha ixcham bo‘lsak, shuncha yaxshi masofa saqlaymiz. Bu ustida ishlashimiz kerak. Vini ham xuddi shunday". 
 
Asensioning o‘rniga asosiy tarkibda kim bo‘lishini tanlaganmisiz? 
 

"O‘ylab ko‘rdim, lekin aytolmayman (kuladi)". 
 
Alaba qanday? 
 
"Uning jarohati jiddiy, shuning uchun ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi. “Zaltsburg” haqida aytadigan bo‘lsam, ular hozirgi holatda, kuzdagi “Real”ga qarshi o‘ynagan jamoadan farq qiladi. Ular bu musobaqa uchun yangi futbolchilarni olib kelishdi va aniq bir o‘yin uslubiga ega. Ularni engish uchun hamma kuchimizni beramiz. Ularni yaxshi taniyman", - deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi qirollik klubining bosh murabbiyi. 
 
Eslatib o‘tamiz, bo‘lajak bellashuv ertaga tonggi soat 06:00 da start oladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!