Ana xolos: Brunu Fernandesh ashaddiy raqib safiga o‘tadigan bo‘lyapti

  • 17.03.2026 05:04
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

“Manchester Yunayted” yetakchisi va sardori Brunu Fernandesh manchesterliklarning ashaddiy raqibi “Arsenal”ga ko‘chib o‘tishi mumkin.

TopSkills Sport UK nashri ma'lumotiga ko‘ra, portugalialik futbolchi manchesterliklar  bilan shartnomasi tugagach, London klubiga o‘tishni rejalashtirmoqda.

Brunu o‘ziga Saudiya Arabistoni klublari va “Bavariya”dan jiddiy chorlov bo‘layotganiga qaramay, faoliyatini davom ettirish uchun “Arsenal”ni eng maqbul joy, deb hisoblamoqda.

Fernandesh “kanonirlar” bosh murabbiyi Mikel Arteta bilan allaqachon muloqot qilgan va hamkorlik masalasida gaplashib olgani aytilyapti.

Mikel Arteta esa o‘zi bilan munosabati buzilgan va yozda “Arsenal”ni tark etishi kutilayotgan norvegiyalik pleymeyker Martin Edegor o‘rniga yangi futbolchi qidirmoqda.

Brunu Fernandesh 2020 yilda “Sporting”dan “Manchester Yunayted”ga 65 million yevro evaziga o‘tgan. Uning amaldagi shartnomasi 2027 yilning 30 iyunigacha davom etishi belgilangan.

Joriy mavsumda yarim himoyachi manchesterliklar  safida barcha musobaqalarda 28 ta o‘yin o‘tkazib, 7 ta gol urdi va 15 ta golli uzatma amalga oshirdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!