
Ana xolos! Isroil Madrimovning raqibi jahon chempionlik jangidan bosh tortdi. Madrimov bilan intervyuda barchasi oshkor qilindi (intervyu)
Professional boksning super yarim o‘rta vazn toifasida (69.8 kg) janglar o‘tkazib kelayotgan hamyurtimiz Isroil Madrimov jahon chempionlik kamari uchun majburiy da’vogar bo‘lib turibdi. U hozirga qadar 10 ta jang o‘tkazib, 9 tasida g‘alaba qozongan bo‘lsa, bitta jangda texnik durang qayd etilgan. Madrimov 27 yanvarda jahon chempionlik jangida ringga ko‘tarilishi kerak edi. So‘nggi jarayonlarga aniqlik kiritish maqsadida u bilan kichik intervyu o‘tkazdik. Quyida batafsil tanishishingiz mumkin.
- Hozirda O‘zbekistonda bo‘lib turibsiz. Mashg‘ulotlarga qay darajada e’tibor beryapsiz?
- Ha, O‘zbekistonda bo‘lsakda mashg‘ulotlarni to‘xtatmadik. Hozir Yangiobod bazasida O‘zbekiston terma jamoasi bilan birgalikda tayyorgarlik lagerini davom ettiryapman.
- Yaqinda yanvar oyida chempionlik jangi bo‘lishi haqida ma’lumot tarqaldi. Bu xabar hozir ham aktualmi? Bu borada qanday vaziyat?
- Bu narsa to‘g‘ri, yanvar oyi oxirida Londonda jahon chempionlik kamari uchun jangni rejalashtirayotgan edik. Lekin menga raqiblik qilishi kerak bo‘lgan bokschi jangni rad etdi. Hozircha aniq ma’lumot yo‘q, lekin biz jangga tayyor bo‘lib turishimiz kerak. Shuning uchun tayyorgarlik jarayonini davom ettiraveramiz.
- Jahon chempionlik kamari uchun jangdan bosh tortgan bokschi nomini oshkor qila olasizmi? U jang qilmaslik sababini izohlamadimi?
- Albatta, mening raqibim WBA reytingida 5-o‘rinda borayotgan britaniyalik Jeyms Metkalf edi. Barchasi rasmiy e’longa yaqin qolganda bekor qilindi. U nima uchun jang qilishni xohlamaganini esa izohlamadi. Endilikda, reytingida mendan keyingi o‘rinda turgan bokschilar bilak muzokaralar olib borilmoqda.
- Adashmasam bu bahs oldinroq bo‘lishi kerak edi?
- Ha, aslida noyabr oyida bo‘lishi kerak edi. Lekin ba’zi bir sabablarga ko‘ra amalga oshmadi. Mening dastlabki janglarim ham 10 raundlik bo‘lgan. Faoliyatimni boshlaganimdanoq chempionlarga chaqiriq qilganman. Oxirgi 4, 5 ta jangdan beri eliminator bahslarida ringga ko‘tarilib, asosiy da’vogarga aylandim. Lekin hamon chempionlik kamari uchun jang berilmadi. Men 5-jangimdayoq eliminatorni yutib bunga loyiq ekanimni isbotlaganman. Titul jangi berilsa, g‘alaba qozonib jahon chempioni bo‘lishga qo‘limdan kelgancha harakat qilaman. Bu menga birinchi jangimdan buyon orzu bo‘lib kelmoqda. Xudo xohlasa jahon chempionlik jangini intizorlik bilan kutaman. Raqib va jang sanasi aniq bo‘lsa bo‘ldi. Kimligi, qaerdaligi muhim emas, barchasini ringga ko‘rsatamiz.
- AQShga qachon ketishni rejalashtirmoqdasiz? Vazn borasidagi holat qanday dietada bo‘lsangiz kerak doimiy?
- Qachon ketishim hozircha aniq emas. Jang sanasi aniq bo‘lishiga qarab ketaman. Muntazam dietadaman. Vazn holati ham yaxshi. Tayyorgarlik qismini sentyabrda boshlaganman, bu hozirgacha davom etmoqda. Dietani ham ushlab turibman, vazn ham yaxshi.
- Suhbat uchun rahmat, chempionlik jangida omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.
- Sizlarga ham rahmat. Qo‘llab quvvatlab turinglar. Xalqimiz duosi bilan albatta jahon chempionlik kamarini vatanimizga olib kelaman!
Jalol Axmedov suhbatlashdi
Fikrlar