
Ana xolos! "Roma" — "Milan" bahsidan oldin jamoa uchun muhim bo‘lgan hujumchi jarohat oldi. Rimliklar uchun jiddiy yo‘qotish!
Rimning "Roma" klubi hujumchisi hisoblangan Artyom Dovbik "Milan"ga qarshi o‘yindan avval jarohat olgani haqida ma’lumot berilmoqda.
"Il Tempo" nashridagi Filippo Biaforaning xabariga ko‘ra, jamoa asosiy hujumchilaridan biri Dovbik kechagi mashg‘ulot paytida jarohat olgan.
Ukrainalik futbolchi yaqin kunlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va jarohat darajasi aniqlanadi. Uning yakshanba kuni kechqurun bo‘lib o‘tadigan "Milan"ga qarshi o‘yinda ishtirok etishi hozircha noma’lum.
Agar Artyom to‘liq tiklanmasa, uning o‘rnida o‘zbekistonlik Eldor Shomurodov asosiy tarkibda maydonga tushishi kutilmoqda, - deya jurnalistning so‘zlari keltirildi jamoaning rasmiy saytida.
Ma’lumot o‘rnida, 27 yoshli forvard joriy mavsum 45 ta uchrashuvda ishtirok etib, 17 ta gol va 4 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. Milliy terma jamoamiz sardori esa 35 ta bellashuvda maydonga tushib, 7 ta gol va 5 ta assistga mualliflik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, ikki klub o‘rtasidagi muhim bellashuv ertaga soat 23:45 da start olishi rejalashtirilgan.
Fikrlar