"Andijon" "Bobur arena"da so‘nggi o‘yinini o‘tkazadi. Raqib qanchalik noqulay?

  • 21 noyabr, 2024, 13:13
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 25-turidan o‘rin olgan “Andijon” hamda “Dinamo” klublari o‘rtasidagi uchrashuv 23 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda ushbu uchrashuv uchun tayyorgarlik avjida.

Tecno

Hozirda “Andijon” turnir jadvalida 24 o‘yinda 5 g‘alaba, 11 durang va 8 mag‘lubiyat qayd etgan holda 26 ochko bilan 10-pog‘onada. Raqib “Dinamo” esa 8 g‘alaba, 5 durang hamda 11 mag‘lubiyat natija ko‘rsatib, 29 ochko jamg‘arib 8-pog‘onani egallab turibdi.

“Burgutlar”ning asosiy e’tibori tabiiyki Samarqandning “Dinamo” klubiga qarshi bo‘ladigan bellashuvga qaratilgan. Mezbonlar g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, bu ularni “Dinamo”ga tenglashtiradi. Vadim Abramov boshchiligidagi jamoa esa katta ehtimol egallab turgan 8-o‘rnini saqlab qolish uchun kurashadi. Shu bois ishqibozlar “Bobur arena”da juda qiziqarli o‘yin guvohi bo‘ladilar. Qolaversa, bu “Andijon”ning joriy mavsumda o‘z maydonida o‘tadigan oxirgi o‘yini hisoblanadi.

Ushbu klublarning O‘zbekiston chempionatidagi ilk to‘qnashuvi olis 1992 yilga borib taqaladi. Aynan o‘sha yilning 8 aprel sanasida jamoalar O‘zbekiston oliy ligasida Andijondagi ilk uchrashuvini o‘tkazishgan. U paytda “Andijon” “Navro‘z”, “Dinamo” esa “Marakand” deb nomlanardi. O‘sha bahsda andijonliklarning 4:1 hisobida qo‘li baland kelgan.

Umumiy hisobda “Andijon” hamda “Dinamo” klublari shu paytga qadar milliy chempionatimizda o‘zaro 43 marta to‘qnashishgan. Shundan 15 tasida “Andijon” g‘olib chiqqan. “Dinamo”ning esa 18 ta uchrashuvda qo‘lib baland kelgan. Yana 10 ta bellashuv durang natija bilan yakun topgan. To‘plar nisbati 55\65 samarqandliklar foydasiga.

Bu yil birinchi davrada Samarqandda o‘tkazilgan o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgan. O‘sha o‘yinda dastlab “Dinamo” a’zosi Anvar Hojimirzaev 37-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, “Andijon” yarim himoyachisi Bektemir Abdumannonov 67-daqiqada muvozanatni tiklagan.

“Andijon” klubi “Dinamo”ni so‘nggi bor 2019 yili Samarqanddagi uchrashuvda yagona gol evaziga mag‘lubiyatga uchratgan. Shuningdek, “Andijon” o‘z maydonida ushbu raqibini yutganiga ancha bo‘ldi. Aniqrog‘i, 2011 yilning 25 avgust kuni o‘tkazilgan qarama-qarshilikda 2:0 hisobi qayd etilgan. Qolaversa, samarqandliklar so‘nggi bor 2014 yili Andijondan g‘alaba bilan qaytishgan – 2:3.

“Andijon” “Bobur arena”da chempionatning oxirgi uchrashuvini g‘alaba bilan yakunlab o‘z muxlislarini xursand qilishni maqsad qilgan. “Dinamo”ga qarshi bellashuv har tomonlama qiziqarli va hujumkor ruhda o‘tishi muqarrar.  

Eslatib o‘tamiz, “Andijon” – “Dinamo” uchrashuvi 23 noyabr kuni soat 17:15 da boshlanadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!