"Andijon" bugun Antaliyada navbatdagi oʻyinda maydonga tushadi. Raqib esa...

  • 29.01.2026 00:39
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Aniq reja asosida Antaliyada oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini olib borayotgan “Andijon” jamoasi mazkur tayyorgarlik doirasida navbatdagi oʻrtoqlik uchrashuviga ham yetib keldi. "Burgutlar"ning bu safargi sparring-raqibi - Qozogʻistonning “Kaspiy Aktau” jamoasi.

Ushbu klub oʻtgan yili Qozogʻiston birinchi divizionida birinchi oʻrinni egallab Qozogʻiston premer-ligasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Klub 1979 yilning 1 yanvarida tashkil topgan. Jamoaga 42 yoshli mahalliy mutaxassis Piraliy Aliev bosh murabbiylik qilmoqda. U ushbu lavozimga shu yilning 21 yanvar kuni tayinlandi. Shuningdek, 4 kun muqaddam “Kaspiy Aktau” jamoasi portugalik himoyachi Andre Amaral bilan ham shartnoma imzoladi.

Yodingizda boʻlsa, "Andijon" klubi bunga qadar Turkiyada uchta oʻrtoqlik oʻyinini oʻtkazdi. Avvaliga dastlab bahsda Turkiyaning "Siverey Belediyespor" klubi 3:0 hisobida taslim etildi. Ikkinchi bahsda Vengriyaning "Vashash" jamoasiga 0:4 hisobida imkoniyat boy berilgan boʻlsa, uchinchi nazorat uchrashuvida Makedoniya chempioni "Vardar" bilan 1:1 hisobida durang oʻynaldi. 

Umumiy hisobda Samvel Babayan jamoasi Antaliya yigʻini davomida 10 ta oʻrtoqlik oʻyinida maydonga tushishi koʻzda tutilgan. Shunga yarasha Turkiyadagi yigʻin ham uch bosqichda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Ortda qolgan uchta oʻyin aynan birinchi yigʻin doirasida oʻtkazildi. "Andijon"ning Antaliyadagi ikkinchi tayyorgarlik bosqichida ham uchta oʻrtoqlik uchrashuvi tashkil etilishi belgilangan va "Kaspiy Aktau"ga qarshi bahs ikkinchi bosqich yigʻinidagi ilk bahsga, umumiy hisobda esa toʻrtinchi nazorat uchrashuviga aylanadi. 

“Andijon” - “Kaspiy Aktau” oʻrtasidagi bellashuv 29 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan 19:45 da boshlanadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!