"Andijon" darvozaboni: "Bitta g‘alaba barchasini o‘zgartirib yuboradi"
“Andijon” klubi Superliganing 28-turida Navoiyda “Qizilqum”ga 2:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Endilikda “Burgutlar” turnir jadvalida 12-o‘ringa tushib qoldi.
Ushbu bellashuvda “Andijon” darvozaboni Erjan Tokotaev jarohat olib maydonni erta tark etdi. Uning o‘rniga tushirilgan posbon Eldor Adhamov ham bahs davomida oyog‘idan lat edi. Ikki marta unga shifokorlar tibbiy yordam ko‘rsatishdi.
Adhamov o‘yinni oxirigacha etkazib qo‘ydi. Oldinda esa andijonliklarni safarda 21-turdan qoldirilgan “Dinamo”ga qarshi bahs kutmoqda.
Eldor Adhamov Navoiydagi bellashuv, jarohati va oldindagi bellashuvga taalluqli ayrim savollarga javob berdi.
- Eldor, avvalo “Andijon”ning safarda “Qizilqum”ga qarshi uchrashuvi borasida nima deya olasiz?
- Futbolchilarda charchoq alomatlari bilinib turdi. Masofali yo‘llardan keyin bu tabiiy hol. Bu futbolchilarga maksimal harakat qilishga imkoniyat bermaydi.
- O‘sha o‘yinda Erjan Tokotaev jarohat olgach, 17-daqiqada zaxiradan maydonga tushdingiz. Uchrashuv davomida esa sizga ham ikki marta shifokorlar yordam ko‘rsatishdi. Nima bo‘ldi va hozir holatingiz qanday?
- Bir vaziyatda to‘pig‘im qayrilib ketdi va shifokorlar uchrashuvni davom ettirsam jarohat kuchayib ketishini aytishdi. Ammo boshqa iloji yo‘q edi va so‘nggi 40 daqiqa og‘riq bilan o‘ynadim. Tekshiruvdan o‘tdik, hammasi joyida. Shifokorlar oyog‘imga 3-4 kun dam berishim kerakligini aytishdi.
- Muxlislar jamoani pley-offga tushib qolishidan xavotirdalar. Bu vaziyatdan chiqib ketish yo‘li sifatida nimani ayta olasiz?
- Jamoadagi futbolchilarning barchasi salohiyatli. O‘ylaymanki, bitta g‘alaba barchasini o‘zgartirib yuboradi.
- Oldinda “Andijon” jamoasini Samarqandda "Dinamo"ga qarshi qoldirilgan o‘yini turibdi. Samarqanddagi bahs oldidan nima deya olasiz?
- “Dinamo” ham oddiy jamoa. Biz ulardan kuchlimiz, deya olaman.
Fikrlar