"Andijon" futbolchisi klub bilan xayrlashdi
"Andijon" futbolchisi Farhod Sohibjonov klub bilan xayrlashganini e’lon qildi. Bu haqda Farhod ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifasida ma’lum qildi.
"Qadrli “Andijon” muxlislari!
Bugun sizlarga alohida his-tuyg‘ular bilan murojaat qilmoqdaman. Xayrlashish oson emas, ammo minnatdorlik so‘zlari doimo qalbimda qoladi. Andijon — mening tug‘ilgan shahrim, shu erda ulg‘aydim, shu erda ilk qadamlarimni qo‘ydim. Shuning uchun bu so‘zlar men uchun juda ham hissiyotli. Sizlar men uchun shunchaki muxlislar emassiz — sizlar mening oilamsiz.
Biz birga unutilmas onlarni boshdan kechirdik. O‘zbekiston Kubogidagi g‘alaba, birga ko‘tarilgan trofey, to‘la stadionlar, muxlislarning quvonchi va unutib bo‘lmas hislar… Bu kunlar hayotim va faoliyatimdagi eng yorqin va eng baxtli damlardan bo‘lib qoladi.
Qiyin paytlar ham bo‘ldi, ammo aynan o‘sha damlarda sizlar klubga bo‘lgan haqiqiy muhabbatingizni qo‘llab-quvvatlash, ishonch va sadoqat bilan namoyon etdingiz. Men har doim sizlarning energiyangizni his qilib, tug‘ilgan shahrim — Andijon sharafini himoya qilib maydonga chiqdim. Har bir muxlisga ishonch, samimiy hislar va jamoaga bo‘lgan ishonchi uchun katta rahmat. Qaysi yo‘lga chiqmay, qalbimning bir bo‘lagi doimo o‘z uyimda — Andijonda qoladi.
Klubga yangi g‘alabalar, katta trofeylar va yorqin kelajak tilayman. Sizlarga esa — birdamlik, quvonch va tribunalarda yana ko‘p baxtli kunlar nasib etsin.
“Andijon” — abadiy qalbimda. Yana ko‘rishguncha! — deb yozdi Sohibjonov.
Ma’lumot uchun, vinger o‘tgan mavsum "burgutlar" safida Superligada 9 ta uchrashuvda maydonga tushdi.
Fikrlar