"Andijon" klubini Xitoyga taklif qilishmoqda...

  • 28.03.2026 20:34
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

"Andijon" klubi matbuot xizmati jamoaga doir yana bir yangilik haqida maʼlumot taqdim qildi. Unda shunday deyiladi:

"Yaqinda Andijon viloyati hokimi tomonidan “Andijon” klubiga zamonaviy, qulay va ekologik toza yangi avtobus taqdim etilishi nafaqat jamoa infratuzilmasini yanada mustahkamladi, balki klubning kelajak rejalariga ham yangi surʼat bagʻishladi.

Ushbu avtobus Xitoyning mashhur elektr avtobus ishlab chiqaruvchisi — “SILK ROAD CAMBELL” zavodida ishlab chiqarilgan boʻlib, uning taʼsischisi Janob Yang Jian “Andijon” klubining yangi bazasiga tashrif buyurdi. Unga viloyat transport boshqarmasi rahbari Shamsiddin Usmonov hamda “SILK ROAD CAMBELL”ning Andijondagi korxonasi rahbari Nuriddinov Habibullo hamrohlik qildi.

Mehmonlarni “Andijon” klubi bosh direktori Ziyodbek Mashrapov samimiy kutib oldi. Yangi baza boʻylab sayohat davomida mehmonlar klubda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, futbolchilar uchun tashkil etilgan qulayliklar bilan yaqinidan tanishishdi. Ayniqsa, infratuzilmaning yuqori darajada ekani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Tashrif davomida mehmonlar jamoa aʼzolari bilan ham uchrashib, iliq suhbat qurishdi. Esdalik sifatida jamoa futbolkasiga barcha futbolchilar imzo chekib, Janob Yang Jianga topshirildi va esdalik uchun suratga tushishdi. Bu esa ikki tomonlama doʻstona munosabatlarning ramziga aylandi.

Eng eʼtiborli jihatlardan biri — Xitoy tomonidan ilgari surilgan yangi tashabbus boʻldi. Unga koʻra, may oyida “Andijon” jamoasini Xitoyga taklif qilish va u yerda mahalliy klubga qarshi xalqaro oʻrtoqlik uchrashuvini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu esa "Burgutlar" uchun nafaqat xalqaro tajriba, balki nufuzli maydonda oʻzini namoyon qilish imkoniyatidir.

Albatta, bu kabi yutuqlarda klub rahbariyatining, xususan, bosh direktor Ziyodbek Mashrapovning xizmatini alohida taʼkidlash joiz. Uning tashabbuskorligi va samarali boshqaruvi natijasida “Andijon” klubi nafaqat maydonda, balki tashkiliy va xalqaro aloqalar borasida ham yangi bosqichga koʻtarilmoqda.

Qisqasi, yangi avtobus — bu shunchaki transport emas. Bu — rivoj, ishonch va katta maqsadlar sari qadamdir. “Andijon” esa bu yoʻlda dadil olgʻa intilmoqda", - deyiladi rasmiy xabarda.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!