Asosiy mazmunga oʻtish

Futbol

Shomurodov gol urdi! Turkiyada to‘purarlar poygasi “yonapti”!

Zohir Toshxo'jayev
Izohlar: 3

Vaziyat juda tez o‘zgarmoqda

Turkiya Superligasining o'ninchi turiga kelib, to'purar poygasi avjiga chiqdi. Bu turda “Oltin butsa” reytingida jiddiy o'zgarishlar ro'y berdi.

Qiziqi shundaki, turk ligasida eng ko'p gol urayotgan futbolchilarning barchasi Yevropa top-ligalarida mahorat oshirgan yulduzlardir. Mahalliy charm to'p ustalari gol urish bobida ular bilan raqobatlasha olmayapti.

Superliganing eng qimmat o'yinchisi Viktor Osimxen o'z nomini oqilab, to'purarlar poygasida yetakchiga aylandi. O'ninchi turda nigeriyalik to'purar “Konyaspor” darvozasini ishg'ol qilib, “Galatasaroy” g'alabasiga hissa qo'shdi va gollari sonini 9 taga yetkazdi.

Liga debutanti – “Amed”ning ikkinchi o'rinda borishiga xizmat qilayotgan yana bir nigeriyalik forvard Gift Orban bu turda ham to'p kiritib, gollari soni bo'yicha hamyurti Viktor Osimxenga yetib oldi.

Bu turgacha to'purar orasida peshqadamlik qilgan Muhammad Saloh “Trabzonspor” tarkibida “Gaziantep”ga qarshi to'liq harakat qildi. Biroq misrlik yulduz maydonni golsiz tark etdi va kiritgan to'plari sakkiztaligicha turibdi.

O'tgan mavsum to'purari Eldor Shomurodov o'ninchi turga kelib yana porladi. O'zbek hujumchisi “Samsunspor” bilan bahsning o'ninchi daqiqasidayoq hisobni ochdi. Bu uchrashuvda Nuri Shahin shogirdlari 3:1 hisobida zafar quchdi.

Shomurodov esa, chempionatdagi gollari sonini sakkiztaga yetkazib, umumiy reytingda Muhammad Saloh bilan ikkinchi o'rinni bo'lishib turibdi. Har ikki futbolchi to'purarlar poygasida nigeriyalik peshqadamlarni ta'qib qilishda davom etmoqda.

“Oltin butsa” uchun kurashayotgan mashhur hujumchi Vedat Muriking golllari ettitaligicha qoldi. “Fenerbahçe” o'z maydonida kutilmaganda “Göztepe”ga 1:2 hisobida yutqazib qo'ydi. Kosovolik futbolchi 83-daqiqada o'yinga qo'shildi, biroq samarali harakatni amalga oshira olgani yo'q.

Eslatib o'tamiz, Eldor Shomurodov Turkiya chempionatining amaldagi to'purari hisoblanadi. Hamyurtimiz o'tgan mavsumda 34 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 22 marotaba ishg'ol qilib, nigeriyalik forvard Pol Onuachu bilan birga Superliga to'purari sovriniga sazovor bo'lgan edi.

Umuman olganda, 21 yoshli legionerimiz “Bashakshеhir”ga o'tganidan beri barcha musobaqalarda 56 ta o'yin o'tkazib, o'z hisobiga 31 ta gol va 7 ta assist rasmiylashtirgan.   

Ulashish
SPORTS.uz'ni Youtube'da tomosha qiling!

Izohlar (0)

Hozircha izohlar yo'q