"Andijon" uslubini o‘zlashtirib olayotgan "Arsenal"

  • 5 dekabr, 2024, 16:02
  • Suhrob Xolbekov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

APLning 14-tur doirasida bo‘lib o‘tgan "Arsenal" - "Manchester Yunayted" o‘yinida "kanonirlar" 2:0 hisobida zafar quchdi. Qiziqarlisi, bahsdagi ikkala gol ham burchak zarbasidan urildi. Bu holatga "qizil iblislar" so‘nggi 10 yil ichida birinchi marta duch kelmoqda, deydi "Sky Sports". London klubi esa o‘tgan mavsum boshidan beri burchak zarbasidan 22 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Bu borada ular Premer-ligada peshqadam. 

"Arsenal" korner paytida faqatgina bir xil uslubdan foydalanayotgani yo‘q. Ba’zida, futbolchilar ichkarida tartibsizlikni keltirib chiqarishadi, ba’zida esa to‘p kutilmagan joyga etkazib beriladi. Aslini olganda, kecha MYu ikkitadan ko‘proq gol o‘tkazishi ham mumkin edi. 

E’tibor qiling, mezbonlar orqaroqqa joylashib olishgan va Rays to‘pga yaqinlashishi bilan ichkariga yugurib kirishadi.

 Ushbu vaziyat mana shunday xavfli hujum bilan tugadi. Bu erda manchesterliklarning omadi kelganini ko‘rishingiz mumkin. Parti yaxshi zarba bera olmadi va to‘p darvozadan joy olgani yo‘q. 

Gol urilgan vaziyatda ham "kanonirlar" shu uslubdan foydalanishdi. Ular tartibsizlikni keltirib chiqarish bilan birga, Andre Onanaga ham xalaqit berishni udallay olishdi va Yurrien Timber hisobni ochdi. 

Ikkinchi golda ham deyarli shunga o‘xshash holat. Faqat bu safar Saka to‘pni juda ham yuqoridan etkazib berdi. Partini zarbasidan so‘ng to‘p Uilyam Salibaga tegib golga aylandi. 

Burchak zarbalaridan unumli foydalanishni "Arsenal"ga Nikolas Jover olib kirgani aytilmoqda. Mikel Artetaning yordamchisi bu bo‘yicha alohida ishlagan va o‘z samarasini beryapti. Ayni paytda klub turnir jadvalida "Chelsi" bilan bir xil 28 ochko to‘plagan holda 3-o‘rinda bormoqda. 

London jamoasini oldinda katta o‘yinlar kutib turgani yo‘q. Yil so‘nggiga qadar klub "Fulxem", "Everton", "Kristal Pelas" kabi jamoalarga qarshi o‘ynaydi. Shunday ekan, "Arsenal"da ochko to‘plab olish uchun juda qulay imkoniyat yuzaga kelmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!