FR: "Andijon"ning super g‘alabasidan qiziqarli faktlar
Superliganing 7-turi ortda qoldi. So‘nggi tur doirasida Farg‘onada o‘tkazilgan o‘yin haqida qiziqarli faktlarni taqdim qilamiz.

1) "Andijon" 5 o‘yinlik tanaffusdan keyin uy uchrashuvida g‘alaba qozondi. So‘nggi bor (2021 yilning sentyabr oyi) "Paxtakor" "burgutlar" maydonidan boshi egik holda ortga qaytgan. O‘sha o‘yin taqdirini Farhod Sohibjonov tomonidan urilgan gol hal qilgan edi.

2) "Andijon" 11 yillik tanaffusdan keyin O‘zbekiston chempionatining 1 o‘yinida 5ta to‘p kiritdi. Bunaqasi so‘nggi bor 2012 yilning avgustida sodir bo‘lgan. O‘shanda "burgutlar" "Qizilqum"ni 5:1 hisobida engishgan edi.
3) "Metallurg" 5 yillik tanaffusdan keyin Superligada 5ta gol o‘tkazib yubordi. Bunaqa voqea oxirgi bor 2018 yilning aprel oyida yuz bergan bo‘lib, o‘shanda Bekobod klubi Arveladze boshchiligidagi "Paxtakor" tomonidan "savalangan" edi.

4) Rubin Xebay Superliganing joriy mavsumida xet-trikka erishgan 2-futbolchiga aylandi. Eng qizig‘i, uchtalik gol paketining birinchisi ham "Metallurg" darvozasiga "Paxtakor" etakchisi Dragan Cheran tomonidan urilgan edi.

5) "Metallurg" ortda qolgan 7 turdan keyin mudofaa chizig‘i eng zaif jamoa bo‘lib turibdi. Bekobodliklar mavsum avvalidan beri 16ta to‘p o‘tkazib yuborishgan.

6) "Andijon"ning yirik g‘alabasini 1051 nafar muxlis stadiondan tomosha qildi. Bu ishqibozlar oqimi bo‘yicha "burgutlar"ning Superligadagi uy o‘yinlarida karantin paytidan beri qayd etilgan eng yomon natija hisoblanadi. Albatta, buning bosh sababi jamoa mehmonlarini "Istiqlol" (Farg‘ona) o‘yingohida qabul qilayotganidir.

7) Aleksandr Xomyakov shogirdlari 8 yillik tanaffusdan keyin "Metallurg"ni uy o‘yinida mag‘lub qilishdi. Bunaqasi oxirgi bor 2015 yilgi mavsumning 2-davrasida sodir bo‘lgan edi.

Ma’lumot uchun, "Metallurg" chempionatdagi keyingi o‘yinini 4 may kuni "Buxoro"ga qarshi o‘tkazadi. "Andijon" esa bir kundan keyin "So‘g‘diyona"ni qabul qilishi kerak.



Fikrlar