APL klublari ham xato qiladi

  • 18 yanvar, 2021, 21:00
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ortda qolgan 2020 yilda ko‘plab grandlar yangi futbolchilar uchun millionlarni sarf etishdi. Tan olish lozim, ushbu pullarning barchasi ham o‘zini oqlagani yo‘q. Bugun ana shunday transferlar haqida so‘z boradi.

Kay Xaverts

«Bayer»dan «Chelsi»ga 80 million evro

lfn1

Yozda London klubi nemis futbolchisi uchun 80 million evro sarfladi. Bu butun boshli transfer oynasidagi eng katta kelishuv sifatida tarixda qoldi. «Chelsi» o‘tgan mavsumni transfer taqiqida o‘tkazgani uchun ham yozda pulni ayab o‘tirmadi.

Kay «aristokratlar»ning yangi motori, o‘yin mexanizmining yuragi bo‘lishi taxmin qilingan edi. Afsuski, bu taxminlarning birortasi o‘zini oqlagani yo‘q. Lempard yosh futbolchidan foydalanish maqsadida uni 4-3-3 va 4-2-3-1 sxemasida sinab ko‘rdi. Xaverts qanotda ham, hujumchi ortida ham kutilgan natijani bergani yo‘q. 14 ta o‘yin, bitta gol. 80 million evrolik futbolchi uchun yarashmaydigan statistika!

Shunday bo‘lsa-da, uni to‘liq omadsizlikka uchragan transfer, deb bo‘lmaydi. Gap shundaki, futbolchida sekin-asta o‘yinni boshqarish shakllanmoqda. Shu bois, so‘nggi uchrashuvlarda "WhoScored" unga yuqori ball bermoqda. Faqat u bugungi ro‘yxatdagilardan farqli o‘laroq, omadsiz mavsumdan qutilib qolish imkoniyatiga ega.

Villian

«Chelsi»dan «Arsenal»ga erkin agent maqomida

lfn2

Kaydan farqli o‘laroq, "Arsenal" Villianning transferidan katta summa yo‘qotgani yo‘q. U o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay olmagani uchun ushbu ro‘yxatdan o‘rin egalladi. To‘g‘ri, «kanonirlar» futbolchi uchun bir tsent ham sarflamadi, ammo unga ishonch bildirilgani bor gap.

Afsuski, braziliyalik futbolchi Arteta istagan ijrochi bo‘lib chiqmadi. Mikelning o‘yin uslubida qanotdan markazga yorib kiruvchi pleymeykerga ehtiyoj bor edi. Aynan shu muhim pozitsiyani to‘ldirish maqsadida kelgan Villian keraksiz futbolchiga aylanib qoldi. U bugungi kunda APLnining eng yomon statistikasiga ega hujum boshlovchi futbolchisi bo‘lib turibdi.

Rodrigo

«Valensiya»dan «Lids»ga 30 million evro

lfn3

«Lids» uzoq tanaffusdan so‘ng, APLga qaytgach, o‘z transfer rekordini yangilashga qaror qildi. Jamoaga «Valensiya»dan Rodrigo taklif etildi. Ispaniya terma jamoasi a’zosiga Marselo Belsa yangi pozitsiya topib berdi. Endlikda, Rodrigo «10-raqam» sifatida to‘p surmoqda.

Uni Bemfordga raqobatchi sifatida xarid qilishgan edi. Argentinalik murabbiy futbolchini hujumdagi so‘nggi uzatmani ijro etuvchi futbolchiga aylantirmoqchi bo‘ldi, biroq bu reja omadsizlikka uchradi. Ispaniyalik birorta golli uzatmani amalga oshirgani yo‘q. To‘purarlik borasida ham aytarli hech qanday yangilik yo‘q. 14 ta o‘yinda atigi 3 ta gol. Qahramonimiz ba’zi uchrashuvlarda o‘yinga tushmayapti ham. Ba’zida esa, yo‘q joydan raqiblarga penalti ishlab bermoqda. Umuman olganda, 30 million evrolik futbolchi «Lids»da o‘zini ko‘rsata olgani yo‘q. Agar shu tempda davom etsa, tez orada 20 million evro evaziga Ispaniyaning boshqa klubiga sotib yuborilishi aniq.

Natan Ake

«Bornmut»dan «Manchester Siti»ga 45 million evro

lfn4

«Manchester Siti» klubi markaziy himoyachilar sotib olishdan hali-beri to‘xtamasa kerak. Gollandiyalik futbolchi klubdagi eng qimmat 4 ta markaziy himoyachidan biri sanaladi. Stounz, Lyaport va Diashdan so‘ng, u ham Pep Gvardiola jamoasi safiga qo‘shildi.

Aslida, bu transferni omadsiz, deb bo‘lmaydi, biroq «Siti» 45 millionni nega sarflagani jumboq bo‘lib qolmoqda. Katta ehtimol bilan, Pep chap oyoqda to‘p surishga qodir markaziy himoyachiga ehtiyoj sezdi. Aymerik Lyaportning yo‘qligini esa, Natan bilan to‘ldirmoqchi bo‘ldi. U shunchaki, rotatsiya uchun sotib olingan futbolchiga aylanib bormoqda. Tarkibda Erik Garsiya ham tobora o‘zini yaxshi his etmoqda. Bunday vaziyatda, «shaharliklar» Akeni nega xarid qilganini tushunish qiyin.

45 million evroga rotatsiya uchun futbolchi olish kulgili. Boz ustiga, Ake endi istasa ham o‘yin amaliyotga ega bo‘lmaydi. Undan Gvardiolaning ko‘ngli to‘lgani yo‘q. Shu bois, chap qanot himoyasida ham sinab ko‘rishni boshladi. Natan bundan deyarli hech narsa yutqazgani yo‘q, biroq klub g‘aznasi anchagina zarar ko‘rgani aniq.

Donni van de Bek

«Ayaks»dan «Manchester Yunayted»ga 39 million evro

lfn5


So‘nggi paytlarda «Manchester Yunayted» to‘liqligicha Brunu Fernandeshga suyanib qoldi. Uning maydon markazida ishonchli o‘yinlari sabab, «qizil iblislar» APL bahslarida ancha ishonchli o‘yin namoyish etmoqda. Uning o‘yini ochilgani sari, zamonaviy futboldagi eng aqli futbolchi – Donni van de Bek zaxiraga yanada chuqurroq mixlanmoqda. Negadir, Sulsher gollandiyalik futbolchiga o‘zini ko‘rsatish uchun imkon bermayapti.

Hozirda, Donni APL uchrashuvlarida o‘rtacha 26 daqiqa to‘p surmoqda, xolos. Statistika ham shunga yarasha: bitta gol. Hali golli uzatmani amalga oshirmagan yarim himoyachi hozir klub uchun keraksizga aylanib bo‘ldi.

Ingliz nashrlarining ma’lum qilishicha, Sulsher van de Bek uchun maydon markazidan joy topa olmayapti. Shu bois, niderlandiyalik vunderkindning ushbu klub safida avvalgi darajasiga chiqishga ishonish mushkul.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!