"Arsenal" burchak zarbasidan 16-golini urdi va liga rekordini takrorladi
Angliya Premier-ligasining 28-turida "Arsenal" "Chelsi" darvozasiga burchak zarbasidan mavsumdagi 15 va 16-gollarini kiritdi.
Mikel Arteta shogirdlari London derbisida 21-daqiqada hisobni ochdi. Bukayo Saka burchak zarbasini uzoq ustun tomon yo'naltirdi. U yerda Gabriyel Magalyaes boshi bilan to'pni himoyadagi sherigi Vilyam Salibaga uzatdi. Fransiyalik futbolchi zarba berdi, to'p Mamadu Sarraga tegib, darvoza chizig'idan o'tib ketdi. Gol Saliba nomiga yozildi.
66-daqiqada yana bir burchak zarbasi samara berdi. Deklan Raysning uzatmasidan so'ng va darvozabon Robert Sanchesning xatosidan foydalangan holda Yurrien Timber to'pni torga kiritdi.
Shu tariqa, "Arsenal" joriy mavsum chempionatda burchak zarbasidan urilgan gollar sonini 16 taga yetkazdi va liga rekordini takrorladi. Bungacha "Oldxem" (1992/93), "Vest Bromvich" (2016/17) va "Arsenal" (2023/24) bir mavsumda 16 tadan gol urgan edi.
Fikrlar