Artyom Petrosyan: "Hamma ishlagan rejalarimizni esdan chiqarib yubordik"
Proliganing 15-turidan joy olgan "Olimpik" – "FarDU" (1:3) bellashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Artyom Petrosyan matbuot anjumanida fikrlarini bildirdi. Bu haqida klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
"Juda oddiy mag‘lubiyatga uchradik. Afsuski, birinchi bo‘limda hech narsa o‘xshamadi. Raqib g‘alaba qozonmadi, o‘zimiz ularga bu borada yordam berib, yutqazdik. Tanaffusda qattiq gapirdik. Shundan so‘ng yaxshi tarafga sal o‘zgarish bo‘ldi. Almashtirishdan keyin yana ozgina bosim ham uyushtirdik, biroq keyin yana darvozamizdan to‘p olib chiqdik. Bilmayman, qanday qilib tahlil qilish mumkin. Hech narsa o‘xshamadi. Oddiy vaziyatlarda to‘pni yo‘qotyapmiz. Bir-ikki kun oldin mashg‘ulotlarda hammasi o‘xshayotgandi. Yaxshisi, mashg‘ulotda emas, o‘yinda o‘xshasin. Hamma ishlagan rejalarimizni esdan chiqarib yubordik. Boshqa gapim yo‘q".
- Nima deb o‘ylaysiz, bu yigitlarning tajribasizligi bilan bog‘liqmi?
- Ham tajriba, ham qanaqadir tezlik etishmayapti. Balki o‘yindan oldin uchrashuvni yutib bo‘ldik, degan tuyg‘u bilan maydonga chiqishdimi, hamma muammo shundan boshlandi. "FarDU" pressing qilmadi, bemalol o‘ynab, biz xato qilishimizni kutdi, biz ham ularga yordam berib yubordik. Ko‘ramiz, o‘yinni boshidan tomosha qilib, bir qarorga kelsak bo‘ladi. Mashg‘ulot va o‘yinda umuman boshqacha ko‘rinish. Go‘yo futbolchilar almashib qolganday.



Fikrlar