
Asror Aliqulov: "Bu yolg‘on xabar"
Pro ligada muddatidan ilgari Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan “Mash’al” chempionatning oxirgi turida o‘z uyida “Do‘stlik”ni 3:0 hisobida taslim qildi va musobaqa jadvalida birinchi o‘rinni naqd qildi. Endilikda “Mash’al” bor e’tiborini Superligaga qaratgan. Jamoa bosh murabbiyi Asror Aliqulov esa oxirgi uchrashuvdan keyin bir qator savollarga javob berdi.
- Oxirgi paytlarda “Mash’al” kelasi yili Superligada ishtirok eta olmaydi, degan gap-so‘zlar tarqaldi...
- “Xorazm” bilan uchrashuvdan keyin ham shu haqida so‘rashgandi. Bu xabar asossiz. Chunki homiyimiz bizni qo‘llab-quvvatlayapti. “Mash’al”ni Superligada o‘z o‘rni bor jamoa. Klub elitaga haqqoniy ravishda qaytdi. Bu yolg‘on xabar. Agar qandaydir gap bo‘lganida biz eshitgan bo‘lardik.
- Klubda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Hozirgi tarkibda necha foizi jamoada qolishi mumkin? Kuchaytirish masalalari ko‘rilyaptimi?
- Selektsiya ishlari olib borilyapti. Keyingi rejalarga kelsak, bu baribir homiyning smetaga, mablag‘iga taqaladi. Hozirgi futbolchilarning necha foiz qolishini hozircha aytish qiyin. O‘yinchilar taklif qilishga, talab qilinayotgan mablag‘ga bog‘liq. Biz pro ligada oson o‘yinlar o‘tkazganimiz yo‘q. Matbuot xodimlari ko‘rib turishibdi. Masalan, raqibni 3:0 ga yutdik. Biroq bu oson qo‘lga kiritilgan g‘alaba emas-da. Qaysidir jamoalar futbolchilarning mahoratiga yoki legionerlarning saviyasiga tayanib g‘alaba qozonishi mumkin. Lekin biz jamoaviy o‘yin orqali bunga erishdik. Kelasi yilga jamoani 100 foiz kuchaytirish kerak.
- Nimagadir erishish uchun nimanidir boy berish kerak. Masalan, natijaga erishish uchun chiroyli o‘yinni bir chetga surib qo‘yishadi. Bu mavsum “Mash’al” nimani qurbon qilish evaziga pro liga g‘olibiga aylandi, deb o‘ylaysiz?
- Biz murabbiylar shtabi oilamiz va yana boshqa tomonlarga e’tiborni qurbon qildik. Umumiy jamoani oladigan bo‘lsak, yil boshida qandaydir maqsadlar haqida o‘ylamadik va asosan jamoani tayyorlashni o‘yladik. Keyinchalik jamoa o‘z o‘yinini tiklab oldi. Muvaffaqiyatlar ketidan muvaffaqiyatlar bo‘ldi. Imkonyatimiz oshganidan keyin Superligaga chiqishni maqsad qo‘ydik. Nimani hisobiga desangiz, ayrim o‘yinchilarga o‘yin amaliyotini bera olmaganimiz hisobiga deyish mumkin. Umumiy olganda, zaxiramizni unchalik kuchli deya olmaymiz.
- Lekin siz ixtiyoringizdagi futbolchilar bilan maqsadingizga erishdingiz. Shuni inobatga olganda, sizga Superligadan taklif bo‘lib qolsa, qanday reaktsiya ko‘rsatasiz? “Mash’al” bilan rejangiz qanday?
- Hozircha taklif yo‘q. Gap-so‘z bo‘lishi mumkin, biroq aniq taklif mavjud emas. Og‘ir yilni o‘tkazdik. To‘g‘risi, ruhan charchadik. Mashg‘ulotlarda ishlaysiz, ammo ayrim futbolchilarni saviyasizligi yoki texnik qobiliyati yo‘qligi kabi detallar murabbiy uchun juda qiyin holat. Shu bois biz murabbiylar og‘ir mehnat qildik. Hozir keyingi yil haqida o‘ylamayapmiz. Keyinroq rejalar haqida o‘ylashni boshlaymiz.
- Superligada ham quyi pog‘ona bor, o‘rta pog‘ona bor va etakchilar. Nima deb o‘ylaysiz, “Mash’al” Superligaga pro ligaga tushib ketmaydigan jamoa bo‘lib qaytadimi yoki o‘rtamiyonalar safida kurashadigan klub rolida qaytadimi?
- Oldindan biror narsa aytish qiyin. Superliga vakili bilan Kubok doirasida uchrashdik. Hozirgi futbolchilar o‘z ustida ishlashda davom etishi, o‘sishdan to‘xtab qolmasligi muhim. Masalan, futbolchilarimizni yil boshidagi bilan mavsum o‘rtalaridan keyin ko‘rsatgan o‘yini o‘rtasida er bilan osmoncha farq bor. O‘sishga erishishgan. Ammo Superligada ham startda shunaqa o‘yin ko‘rsatish kerak. U erda kutib turishmaydi, xatolar kechirilmaydi. Futbolchi mashg‘ulotlardagi harakatlarni Superliga o‘yinlarida qila olmasa bu juda qiyin. Biz albatta kuchayishimiz kerak. O‘yinchilar ham o‘ziga bo‘lgan talabni oshirishlari lozim. “Mash’al” Superligada yuqori o‘rinlar uchun kurasha oladi.
Fikrlar