Asror Aliqulov: "Haligacha hissiyotlar tarqalmadi"

  • 01.11.2025 01:16
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Superliganing 27-turida autsayder bo‘lib kelayotgan “Sho‘rtan” o‘z uyida Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMKni qabul qildi.

Gollarga boy o‘tgan uchrashuvda g‘uzorliklar 4:3 hisobida g‘alaba qozondi va 4 oylik tanaffusdan keyin muvaffaqiyatga erishdilar.

Uchrashuvdan keyin “Sho‘rtan” bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida qatnashdi.

- Bahsga kam imkoniyatimiz bor edi. Baribir maydonga faqat g‘alaba uchun chiqqandik. Raqib OKMK. Hujumkor jamoa. O‘ylaymanki, muxlislarga va televizor qarshisida kuzatganlarga juda qiziqarli bo‘ldi. Haligacha hissiyotlar tarqalmadi. Kurash uchun futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman. Anchadan beri g‘alabani maqsad qilamiz, lekin bunga erisha olmay kelayotgandik. G‘alaba uchun “Sho‘rtan”ni har bir a’zosiga minnatdorchilik bildiraman. Jamoa a’zolari bu g‘alabani kutishgandi. Hujumga e’tibor qaratyapmiz, gollar uryapmiz. Ammo ko‘p gol o‘tkazib yuborayotganimiz bizni ko‘p o‘ylantiryapti. Oldinda uchta uchrashuv bor. Rahbariyat qo‘llab-quvvatlayapti. Qolgan o‘yinlarni ham hujumkor o‘tkazib, g‘alaba uchun tushishni maqsad qilganmiz.  

- Ikkita to‘p farqi bilan oldinda borayotganinglarga qaramasdan balki zaxiradan maydonga tushganlar o‘yinga unchalik kirishib keta olmaganidanmi, birdaniga hisob tenglashib qoldi. Bunga qanday izoh berasiz?

-  OKMK jamoasi ko‘proq qanotlardan hujumlar uyushtiradi. Qanotlardan imkon bermaslik maqsad edi. Gollarni barchasi qanotdan to‘p oshirish va oddiy holatlarda o‘tkazib yuboryapmiz. Bir nechta uchrashuvdan beri xatolar takrorlanyapti. Zaxiraga kelganda, bunaqa uchrashuvlarga kirishib ketish og‘ir bo‘ladi. Baribir ko‘nglim to‘ldi. Zaxiradan maydonga tushganlar ham mehnat qilishdi. Faqatgina uchinchi golda Sultonmurodov qanotga tezroq borganida edi, hujumchini to‘p oshirishga xalaqit qilganida bu gol bo‘lmasligi mumkin edi. Qolgan tomonlama zaxiradagilar o‘yinga kirishib keta oldi.

- Qanotlarda jamoada muammo bor desa bo‘ladi.

- Ha, bor. Ko‘rib chiqamiz. OKMK futbolchilarini ijro mahorati bor. Qolgan holatlarda biz kamchilik bo‘lib qolgan vaziyatlar ham bor. Balki taktik tushuncha bo‘yicha biz ularga etkaza olmagan bo‘lishimiz mumkin. Lekin qanotlarni yopishimiz kerak edi. OKMK gollarini o‘z uslubida kiritdi. Bu ularni kuchli uslubi.

- Durang yoki mag‘lubiyat “Sho‘rtan”ni pro ligaga tushirib yuborardi. 3:3 dan keyin menda, bo‘ldi endi, etib keldi, degan tushuncha paydo bo‘ldi. Sizda bu jarayon qanday kechdi?

- 3:1 bo‘lib turganida ham jamoa qo‘lini tushirmaslikni aytdik. 3:2 bo‘lganida vaqt bor edi. 3:3 da ham buni o‘ylamadik. Oxirgi soniyalargacha imkoniyatimizga ishonyapmiz. Futbolchilarni, butun jamoani mehnati tufayli Xudo berdi, oxirgi soniyalarda gol urdik. Shu holatga kelishiga baribir ko‘proq o‘zimizni aybimiz bor. 3:1 paytida sergakroq, yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishimiz kerak edi. OKMK katta kuch bilan hujumga o‘tdi. Ularni qanotlari ochilib qoldi, biz yana yaxshi hujumlar qilishimiz mumkin edi. Balki hisob yigitlarimizni qo‘lini tushirishiga olib keldimi, faqatgina ko‘rib tahlil qilganimizda aniqlashtiramiz.  

- Po‘latxo‘ja sermahsul o‘ynadi. Uni o‘yini haqida nima deysiz? 

- Po‘latxo‘ja ko‘p o‘yin amaliyotisiz qolib ketgan. U yaxshi hujumchi. O‘yingacha mashg‘ulotlarda darvoza oldida ko‘p mashqlarni bajardik. Xoldorxonov goli mashg‘ulotlardagi mehnatning samarasi. Darvozabonga noqulay zarba yo‘lladi va ijroni yaxshi bajardi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!