"Атлетико" Julian Alvaresni sotishi mumkin — katta qayta qurilish rejasi tayyorlanmoqda

  • 28.05.2026 01:36
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Madridning "Atletiko" klubi yozgi transfer oynasida hujumchi Julian Alvaresni sotish imkonini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqida AS nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, klubning sport direktori Mateu Alemani jamoani yangilashga qaratilgan katta transfer kampaniyasini boshlagan. Bu "Atletiko"ning so‘nggi yillardagi eng yirik qayta qurilishi bo‘lishi mumkin.

Jamoa La Liga mavsumini 4-o‘rinda yakunladi va Chempionlar Ligasida yarim finalgacha yetib bordi. Mavsumning eng og‘riqli natijasi esa "Vilyarreal"ga qarshi 1:5 hisobidagi mag‘lubiyat bo‘ldi.

Alvares 2024 yilda 75 million yevro evaziga klubga kelgan va dastlab yangi loyihaning asosiy futbolchisi sifatida ko‘rilgan edi. U "Atletiko" safida 106 o‘yinda 49 ta gol urdi, joriy mavsumda esa 20 ta gol bilan ajralib turdi. Biroq haligacha klub bilan birorta sovrin qo‘lga kiritmagan.

Futbolchiga PSJ, "Barselona" va "Arsenal" klublari qiziqish bildirmoqda. Madrid klubi esa uning uchun kamida 100 million yevro talab qilmoqchi.

Transferdan tushadigan mablag‘lar evaziga jamoa "Manchester Siti"dan ketishi mumkin bo‘lgan Bernardu Silva va "Tottenxem" himoyachisi Kristian Romero bilan shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda. Shuningdek, klub maqsadlaridan Joau Gomesh va Mark Kukurella ham o‘rin olgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!