
Ayubxon Kamalov: "Bizni sindirishga uringanlarga o‘zbek o‘g‘lonlarining kuchini ko‘rsatib qo‘yganmiz"
O‘zbekistonda aralash jang san’atlarining ham o‘z tarixi bor. Garchi, bir necha yillar avval bu sport turi mamlakatimizda mavjud bo‘lmagan bo‘lsa-da, vakillarimiz xorijda faoliyat olib borib, bir qator muvaffaqiyatlarga erishgan. Jumladan, Sunnat Ilyasov bu yo‘lni boshlab bergan bo‘lsa, u bilan birga ilk qaldirg‘ochlar Shavkat O‘raqov, Ayubxon Kamalov hamda Gulbahor Amantaeva Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Janubiy Koreya va boshqa chet el mamlakatlarida o‘zlarining ajoyib janglari bilan muxlislar olqishiga sazovor bo‘lish barobarida yaxshi natijalar ham qayd etishgan.
Ular orasida Ayubxon Kamalovning ham yurtimiz MMA olamida o‘z o‘rni bor va u ko‘plab yosh jangchilarimizning “kumir”iga ham aylanib ulgurgan. Biz ushbu hamyurtimiz bilan anchadan buyon intervyu qilishni maqsad qilgan edik. Ushbu niyatimiz amalga oshib, u bilan faoliyati va rejalariga oid suhbat qurdik...
- Assalomu alaykum.
- Va alaykum assalom. Assalomu alaykum.
- Dastlab an’anaviy savol, ya’ni MMA olamiga kirib kelishingiz tarixi haqidagi xotiralar bilan boshlasak ?
- Aslida, faoliyatimni dzyudo bilan shug‘ullanishdan boshlaganman. Keyinchalik sport kurashlari musobaqalarida ishtirok etgandim. Bir kuni do‘stim Sunnat Ilyasovning MMA yo‘nalishida yaxshi natijalar qayd etayotganini bevosita gazeta orqali ko‘rib qoldim. Sunnat bilan ko‘plab musobaqalarda duch kelganmiz, kurash tushib yurganmiz. Qisqasi, yaqin do‘stlarga aylangan edik. Yana qiziqish yuqori bo‘ldi. Shu tariqa bu sportga kirib kelganman.
- Demak, sizni MMA dagi faoliyatingizda qisman Sunnat Ilyasovning ham o‘rni bor ekanda ?
- Qisman emas, juda katta o‘rni bor. Avvalo, Yaratganning inoyati, sababchisi do‘stim Sunnat bo‘lgan. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, o‘sha muvaffaqiyatlarini eshitib, uning oldiga borganman va meni ham ushbu janglarga olib borishini so‘ragan edim. U o‘sha vaqtlar pankration yo‘nalishida Qozog‘iston, Rossiya mamlakatlarida ajoyib natijalar qayd etayotgan edi. Juda ko‘pchilikning orasidan meni tanlab olgan va u tufayli bu sport turida kamtarona bo‘lsa-da muvaffaqiyatlarga erishganmiz.
- O‘sha vaqtlar bu sport turi mamlakatimizda deyarli yo‘q edi va ruxsat ham bo‘lmagan.... Shunchaki qiziqish emas, balki moliyaviy jihatini ham inobatga olib, ushbu yakkakurash yo‘nalishini tanlagandirsiz?
- Umuman bunday xayol bo‘lmagan. Yoshlikdagi qiziqqonlik, kuchga, imkoniyatimga bo‘lgan ishonch va o‘zimni sinab ko‘rish ishtiyoqi bunga etaklagan. Ikki-uchta jang o‘tkazganimizdan keyin esa boshqacha hissiyot yuzaga kelgan. Bizning mamlakatda ham bunga ruxsat berilib qolar degan umidda bu borada ham o‘zbek sportchilarining imkoniyati yuqori ekanligini isbotlash maqsadlari paydo bo‘lgan.
- Sambo musobaqalarida ham qatnashgandingiz. Natijalar qanday bo‘lgandi?
- Ha, sambo turnirlarda ham ishtirok etganman. Menga mazkur sport turida o‘zimni sinab ko‘rishni taklif qilishgan. Sambo ham aralash jang san’ati turlariga yaqin. Bu yo‘nalishda yoshlar va kattalar o‘rtasida mamlakat chempioni bo‘lganman. Jahon chempionati sovrindori, ya’ni kumush medalni qo‘lga kiritganman. Finalda rossiyalik ikki karra jahon va to‘rt karra Evropa chempioniga ochkolar hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygandim. 2014 yil jangovar sambo bo‘yicha musobaqaga taklif qilishdi. Ayniqsa, samboni bu yo‘nalishi deyarli MMA bilan bir xil desak ham bo‘ladi. Ishtiyoq paydo bo‘ldi va O‘zbekiston chempionatida qatnashdim. 6 ta jangda g‘alabaga erishdim. Aksariyatini muddatidan avval yakunladim. Shu tariqa bu turda ham mamlakat chempioni bo‘ldim.
Bu g‘alabalar Osiyo va jahon chempionatida ishtirok etishimni ta’minladi. Osiyo chempionatida ham zafar quchdim. Uchta jang o‘tkazib, barchasini muddatidan avval yakunladim. So‘ngra jahon chempionatiga Yaponiyaga bordik. Bu musobaqaning yarim final bahsida qozog‘istonlik ikki karra jahon chempioni, keyinchalik MMA yo‘nalishida “Alash Pride”, ACA kabi promoushenlarda chempion bo‘lgan Arman Ospanov bilan to‘qnash keldim. Men 68 kg daman. Xech qanday vazn tashlash bo‘lmagan. Arman bu turnirda qatnashish uchun kamida 10-15 kg vazn tashlagandi. Bunday ishonch bilan aytishimning boisi, anchadan buyon shu sport turini ichida yurib, barchasini yaxshi anglar edim. Lekin jang mobaynida uning bunchalik ko‘p vazn tashlagani ham bilinmadi. Unda energiya juda yuqori edi. Jangdan keyin murabbiylarimga bunaqa bo‘lishi mumkinmas. U doping qabul qilgan degandim. O‘sha turnirda men bronzani oldim. U oltinni qo‘lga kiritdi. Keyinchalik tekshiruvlarda undan doping chiqdi va adashmasam bir umrga sambodan chetlatilgandi. Qisqasi, ko‘p yakkakurashlarda turli xil musobaqalarda ishtirok etib, har holda yaxshi natijalar qayd eta olganman.
- Siz, Sunnat Ilyasov va Shavkat O‘roqov faoliyatida juda ko‘p noxolislikka uchragan vaziyatlar bo‘lgan deyishadi?
- Shubhasiz. Juda ko‘p bo‘lgan. Shavkat ham Sunnat kabi juda yaqin do‘stim bo‘lgan. Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin. Uchchalamiz borib, Qozog‘iston, Rossiyada jang o‘tkazardik. Bizda hech qanday murabbiy bo‘lmagan. Jang vaqtida bir-birimizga murabbiy edik. Bizni u erlarda yutqazishimizni kutishardi. Har qaerdan raqib topib kelishardi. Bizni sindirmoqchi bo‘lishib, qo‘lidan nima kelsa qilishar edi. O‘sha vaqtlar bizni O‘zbekistondan ekanligimiz va vatanimiz sha’nini himoya qilishimiz ruhlantirardi. Shukrki, Yaratganni o‘zi bizni qo‘llab turdi. Ularning o‘ylaganlari amalga oshmadi. Chunki biz juda ko‘p janglarni yutdik. To‘g‘ri, ba’zi janglarda mag‘lub ham bo‘ldik. Lekin bunga yuqorida aytib o‘tganimdek, g‘irromliklar sabab bo‘ldi. O‘z davrimizda 30 dan oshiq jang o‘tkazgan bo‘lsak, raqiblarimiz rossiyalikmi, qozog‘istonlik, qirg‘izistonlikmi o‘sha kavkazliklarmi barchasini ustidan g‘alabaga erishganmiz.
Mag‘lubiyatlarimizning esa arzirli sabablari bor. Demoqchiman, raqiblar xaqqoniy tarzda g‘alabaga erishishmagan. Bir jangimda o‘yin qilib, qo‘ldan kelgancha raqibga yon bosishgandi. Yana birida M-1 chempioni Vener Galievga qo‘lim singan vaqti yutqazganman. Ungacha kuchli 8 ta jangchi bir-biri bilan bir kunda jang olib boradigan jahon chempionatida Arsen Temirxanov bilan jangda qo‘lim sinib ketgandi. Shu kabi omillar mag‘lubiyatimizga sababchi bo‘lgan. Lekin bitta narsani faxr bilan ayta olamanki, biz chet el mamlakatlarida ham o‘z so‘zimizni ayta oldik va o‘zbek o‘g‘lonlari nimalarga qodirligini ko‘rsatib qo‘ya olganmiz.
- Aynan qozog‘istonlik Kuat “Nayman”Xamitov bilan bo‘lgan ikkinchi to‘qnashuvingizda adolatsizlikni guvohi bo‘lgandik. Keling shu haqida batafsil o‘zingizdan eshitsak?
- Kuat bilan dastlabki jangimiz Qozog‘istonning “Qapchig‘ay” degan dam olish maskanida kazinoda bo‘lib o‘tgan. To‘rt raundlik jangda uni mag‘lub etgandim. Uch oydan keyin revansh taklif qilishdi. Jahon termasi va Qozog‘iston o‘rtasida 10 ta qarama-qarshilik bo‘lardi. Bu vaznda Kuatga qarshi meni tanlashgandi. Boraman deb va’da berib qo‘ydim. Turnirga yaqin qolganda sog‘lig‘imda muammo bo‘lib qoldi. Da’volandim. Imkon qadar mashg‘ulot olib borishga harakat qildim. Lekin ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Jangni rad qilsam ham bo‘lardi. Biroq qo‘rqdi degan gap bo‘lmasin dedim. Keyin lafz qilgandim. Xullas, og‘riqli usul yoki bo‘g‘ish holatidan foydalanishni o‘ylab bordim va jang qildim. Bir marotaba usulga tushirdim. Hakam atayin ajratib yubordi. Bir marotaba qarshi zarbada ushladim va yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib turganimda, bongni erta chalib yuborishdi. Xullas, shunaqa vaziyatlar orqali g‘alabani unga olib berishgandi. Lekin asosiy sabab, sog‘liq borasidagi muammo bo‘lgan.
- Aytishlaricha, Qozog‘istonda ham ushbu sportni rivojlantirishda uchchalovinglarni xizmatinglar katta bo‘lgan ekan?
- Ha, Qozog‘istonni klubi nomidan leginer sifatida janglar o‘tkazganmiz. Bizni O‘zbekistonda qo‘llaydiganlar bo‘lmagan. Chunki bu sport turi umuman yo‘q edi. Qarshiliklar bo‘lgan. Xullas, Qozog‘istonda bizga barcha sharoitlarni qilib berishgan. Mashg‘ulotlar o‘tash, moliyaviy jihatlar yaxshi ko‘rinish olgan. Shuning uchun shartnoma asosida qozoq klublari safida turnirlarda ishtirok etganmiz. Ularga juda ko‘p g‘alabalarni tortiq qilib, Qozog‘istonda qaysidir ma’noda, ushbu sport turini yanada rivojlanishiga oz bo‘lsa ham xissamizni qo‘shganmiz, deb ayta olaman.
- Qozog‘istondan tashqari yana qaerdagi turnirlarda ishtirok etgansiz?
- Rossiyadagi UFC legendalaridan biri Oleg Taktarov turnirida g‘alaba qozonganman. Eng tezkor va texnikasi yuqori bo‘lgan jangchi nominatsiyasini olib, ushbu sovrinni Taktarovni o‘z qo‘lidan qabul qilganman. Umuman olganda, faoliyatimni katta qismini Qozog‘istonda o‘tkazganman.
- Duch kelgan raqiblaringiz orasida keyinchalik UFC, “Bellator”, “ONE Championship” promoushenlarida jang o‘tkazganlari bormi?
- Aynan bularda urushganlari yo‘q. Lekin Rossiyaning nufuzli promoushenlarida chempion bo‘lganlari bor. Misol uchun, Vener Galiev M-1 chempioni bo‘lgan Arsen Temirxanov va Arman Ospanovlarni aytib o‘tishim mumkin . Kuat Xamitov ham MDH mamlakatlarida anchagina mashhur sanaladi.
- Umuman olganda, qaysi promoushenlarda jang olib borgansiz?
- Bizning vaqtimizda promoushenlar unchalik rivojlanmagandi. Keyinchalik bunga katta ahamiyat berishdi. Biz asosan tijoriy turnirlarda ishtirok etar edik. Qozog‘istonning “Abylayxan” klubi nomidan janglar o‘tkazganman. Qolaversa, oilaviy sharoit tufayli unday promoushenlar bilan shartnoma tuzib, doimiy safarlarda yurish imkoniyati bo‘lmagandi.
- Namangan shahrida o‘z klubingizni ochganmisiz?
- Oz qoldi. Bu borada ishlar amalga oshirilmoqda. O‘ylaymanki, tez orada o‘z klubimiz ham faoliyatini boshlaydi.
- Bu savolni berishimning boisi yaqinda havaskorlar o‘rtasida tarixiy MMA bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi. Finalda birorta namanganlik sportchini uchratmadik. Sababi nimada deb o‘ylaysiz?
- Albatta, bu yangi sport turi. Shuning uchun ular qonun-oidalarni yaxshi o‘zlashtirmagan. Eng asosiy sababi shunda. Qolaversa, yaxshi saviyadagi murabbiy kerak bo‘ladi. Keyingi musobaqalarda, albatta, namanganlik sportchilar ham yaxshi natijalar qayd etadi.
- Mana sizlar orzu qilgan kunlar keldi. Ya’ni O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi tashkil qilindi. Sportchi sifatida erisha olmagan natijalarga murabbiy bo‘lib etishish imkoniyati mavjud. Balki, bunday imkoniyatdan samarali foydalanish kerakdir?
- Shukrki, shunday kunlarni ko‘rdik. Avvalo, buning uchun yurtboshimizga katta rahmat. Qolaversa, assotsiatsiyani tashkil qilgan mutasaddilarga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolgan bo‘lardim. Biz boshdan kechirgan qiyinchiliklarni hech kimga ravo ko‘rmasdik. O‘z yonimizdan turnirlarga yo‘l olib, xatto, katta kamaz, yuk tashuvchi mashinalarda borgan vaqtimiz bo‘lgan. Kerak bo‘lsa, ma’lum masofani piyoda bosib o‘tganmiz. Bizga qilingan noxaqliklar... Exxe, bunday kunlarni juda orzu qilganmiz. Shuning uchun o‘zimning ham jang o‘tkazish ishtiyoqim uyg‘ongan.
Agar imkoniyat berilsa, yaxshi promoushenlarda yurtimiz sha’nini munosib himoya qilishga qurbim etadi deb o‘ylayman. Shuningdek, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi rahbari Otabek Umarovning olib borayotgan ishlariga omad tilayman va o‘zim hamda barcha shogirdlarim nomidan minnatdorchilik izhor etgan bo‘lardim. Albatta, imkoniyatdan unumli foydalanamiz. Nasib qilsa, kuchli va mahoratli kadrlarni etkazib berishga harakat qilamiz. O‘ylaymanki, shogirdlarimiz nufuzli turnirlarda vatanimiz sharafini himoya qila olishadi va biz erisha olmagan, bizga armon bo‘lgan natijalarni qayd etadilar!
Fikrlar