
Azamat Shomurodov: Eldorning bundesligaga ketishiga ishongandik, endi esa Italiya futbolini zabt etishini kutyapmiz
Oxirgi paytlarda Eldor Shomurodov haqida ko‘p yozilyapti va bunga arzirli sabablar bor, shubhasiz. Axir o‘zbek futbolchisi Italiya A seriyasiga yo‘l oldi va bu katta gap. Endi Evropaning kuchli chempionatlaridan birida o‘zbekistonlik legioner to‘p suradi, bu esa har tomonlama o‘zbek futboli uchun foydalidir. Shomurodov esa bunga faqat mehnati va irodasi bilan erishyapti.
Uni hamma kamtar, odobli yigit sifatida yaxshi biladi. Bunda esa unga tarbiya bergan ota-onasining ham roli katta. Qolaversa, uning dadasi Azamat aka Shomurodov ham o‘z vaqtida futbol o‘ynagan. Tabiiyki, Eldorning futbolga qadam qo‘yishida dadasining o‘rni beqiyos bo‘lgan.
Shu sababli o‘g‘li har doim qaror qabul qilishdan avval dadasi bilan albatta maslahatlashadi, ko‘rsatmalariga qat’iy amal qiladi. Shu bois ham u bugungi kungacha etib keldi. Qaytanga, u yanada o‘sishda davom etayotgani quvonarlidir. Biz esa fursatdan foydalangan holda uning dadasi bilan bog‘landik. O‘z navbatida Azamat aka sports.uz muxbirining taklifiga rozilik berdi va qiziqarli suhbat uyushtirishga harakat qildik.
- Boshida “Bunyodkor”dan “Rostov”ga ketishidan maqsad ham Evropaga chiqish bo‘lgan, - deya gap boshladi, Eldorning dadasi. - Aynan shu yo‘l oson va qulay deb o‘ylagan. Bo‘lmasa, o‘shanda ham unga Xitoy, BAA va yana boshqa Osiyo klublaridan takliflar bor edi. Mendan maslahat so‘raganida, unga yosh bola emassan, Rossiyadan taklif bo‘lsa, o‘sha erga bor, keyin u erdan Evropaga ketasan deganman. Shunday qilib, “Rostov”ga ketgan. U erdagi faoliyati davomida takliflar bo‘lib turdi. Bu xususida Eldor menga qo‘ng‘iroq qilib aytardi va o‘zing nima deysan desam, yo‘q derdi. Evropaga ketishini oxirigacha kutdi. Osiyodan ko‘plab qiziqishlar bo‘ldi. O‘zi ham agentlariga ketsam faqat Evropaga ketaman, bo‘lmasa Rossiyada o‘ynayveraman, deb aytib qo‘ygan. “Jenoa”ga ketishidan 10 kuncha avval menga qo‘ng‘iroq qilib, shunday taklif bo‘lyapti dedi. Unga asosiysi, qo‘rqma, Rossiyada o‘ynading, Italiya chempionati kuchliroq, ammo eplab ketsang kerak, deb aytdim. Shunday qilib, hammasi ma’qul keldi va borib shartnoma tuzdi. So‘ng Toshkentga kelib terma jamoamiz o‘yinida qatnashdi. Aslida 4-5 kunlab tinmay parvoz qilib yurgani uchun bu erga biroz toliqib kelgandi va o‘ynamasligi ham mumkin edi. Murabbiyi esa hech bo‘lmasa, bitta uchrashuvda o‘ynashini so‘ragan. Chunki samolyotda u yoqdan, bu yoqqa uchish odamni charchatib qo‘yadi. Moskvadan Genuyaga, so‘ng Genuyadan yana Moskvaga qaytib, keyin Toshkentga kelgan. Toshkentga kelganida uchrashgandim, terma jamoa o‘yinida o‘ynaysanmi, desam boshida o‘ynamasam kerak degandi. Lekin keyin maydonga tushdi. Ikkinchi o‘yinda esa qatnashmadi. Chunki yangi klubida tashkiliy masalalarni hal qilishi kutib turgandi. Unga dalda berib jo‘natdik.
- Ota sifatida o‘g‘lingizning Italiya tomonlarga ketishiin kutganmidingiz yoki boshqa taxminni o‘ylayotganmidingiz?
- Qanday bo‘lmasin Evropa tomonlarga ketishini istayotgandim. Ko‘proq Germaniyada o‘ynasa kerak, deb o‘ylardim. Hatto, bir Germaniyaga borib ham keldi. Buni hech kim bilmaydi. Chempionatda tanaffus bo‘lgan mahal bordi. Qaysidir klubiga bordi, menimcha, “Shtutgart” edi, stadionini ko‘rdi, hammasi Eldorga yoqdi.
- Qachon bordi?
- Shu yili. Keyin jim bo‘lib ketishdi. Ammo Eldorning o‘ziga ma’qul kelgandi. Bundesligasiga chiqadigan klub edi. Agar kelisha olsanglar, borgin dedim. Balki keyin klublar kelisha olishmagan bo‘lsa kerak. Nima bo‘lsa ham o‘zi Evropaning kuchli beshlik chempionatlaridan birida o‘ynamoqchi edi va niyati amalga oshyapti. O‘zi ham Osiyoga e’tibor bermadi. Shu sababli menga o‘zimizning qit’amizdagi takliflar haqida aytib ham o‘tirmadi. Chunki maqsadi faqat Evropaga ketish edi. Vaqti soati kelganda, Osiyo klublarida ham o‘ynayveradi. Lekin hozir Evropada o‘zini ko‘rsatishini istayapmiz. Endi 25 ga to‘ldi va hammasiga ulguradi. U pulga mehr qo‘ymaydi. Qaerda o‘ynasa ham oylik maoshlariga qiziqmaydi. Bersa berdi deydi, bermasa indamaydi. Hech qachon oylik bermayapti deb nolimaydi.
- Sizlar futbolchilar oilasisizlar. O‘z vaqtida o‘zingiz ham futbol o‘ynaganingizdan xabardormiz. Shuningdek, Eldorning amakilari – Otabek va Ilhom Shomurodovlar ham o‘zidan yaxshi iz qoldirishgan. Yana bir o‘g‘lingiz Sanjar ham futbolchi bo‘lgan va hozir Surxondaryo viloyati futbol assosiatsiyasida ishlayapti. Aytmoqchimanki, Eldorning bolaligi qanday o‘tgan? Uni futbolchi bo‘lishin istaganmisiz yoki boshqa kasb egasiga aylanishini kutganmisiz?
- O‘zim o‘ynagan paytlarda uni har doim stadionga olib borardim, futbol ko‘rardi. Uyda ko‘p gaplashardik, katta bo‘lsang kim bo‘lasan, desam har safar futbolchi bo‘laman derdi. Boshqa sohani ko‘rsang-chi, desam yo‘q, men faqat futbolchi bo‘laman, deb javob qaytarishdan charchamasdi. O‘zi mahallalarda o‘ynab yurdi. Keyin “Mash’al” akademiyasining skauti uni ko‘p kuzatdi. O‘yini yoqib qolib, yaxshi akademiya bor, o‘sha erga yuboraylik deganida rozi bo‘ldim. Ketganidan keyin olti oylargacha orqasidan bormasdik. Keyin borsak, bizni ko‘rib sog‘inganidan yig‘lardi. U paytlarda surxondaryolik bolalar u erda kam edi-da. Ham akademiyada, ham maktabda o‘qidi. U paytlarda texnikalar kam edi. Shu sababli olti oylarda bir borardik, mayda-chuyda qilib. Har safar borganimizda ko‘nglini ko‘tarib kelardik. Oradan vaqt o‘tgach, moslashib qoldi. Lekin boshida qiynalganini bildirdi. Baribir qiyinchiliklarga qaramay, o‘z ustida ishladi, ko‘plab do‘stlar orttirdi. Sinf rahbaridan tortib, akademiya murabbiylarigacha hammasi xarakteri yaxshi, odobli bola deb yaxshi gaplar aytishardi. Shu paytgacha yalqov, xarakteri og‘ir , degan yomon gap eshitmadik. Qaerda o‘ynagan bo‘lsa, hamma joyda uning ortidan faqat rahmatlar eshityapmiz. “Mash’al”da ham, “Bunyodkor”da ham, “Rostov”da ham izidan borganimizda faqat yaxshi gaplar eshitdik, rahmatlar aytishdi. “Rostov” rahbarlari ham Eldor haqida menga juda yaxshi gaplarni aytishdi. Ishqilib, ko‘z tegmasin, Italiyada ham shunday rahmatlar eshitaylik-da!
- Eldor ham futbolni tanlaganidan keyin mana shunday darajaga chiqishiga ishoganmidingiz yoki oddiy bir o‘rtamiyona o‘yinchi bo‘lib qolsa kerak, deb o‘ylarmidingiz?
- To‘g‘risini aytsam, unchalik ishonmaganman. Ko‘pi bilan bir-ikkita Kubokda o‘ynab, jahon chempionatiga chiqishga urinib ko‘rar, deb o‘ylardim. Ilhom akasi OFK Kubogini yutgandi va undan biroz kuchliroq bo‘lar, deb o‘ylardim. Rossiyani zabt etishini bilmasdim. Keyinchalik u erga ketgach, Evropaga yo‘l olishiga ishonmay turgandim. Lekin, baribir ko‘nglimda nimanidir o‘zgartira olishiga ishonchim bo‘lardi, faqat bu ishonch to‘liq emasdi.
- Eldorni mashhur futbolchiga aylangani oilaga qanday ta’sir qildi?
- Bizda hamisha bir xil. Deyarli bilinmaydi ham. Albatta, oilamiz bundan xursand. Oldin qanday bo‘lsak, hozir ham shunday. Maqtovlarga uchmaymiz. Shuning uchun Eldor ham kamtar-da.
- Italiya A seriyasida o‘ynashni boshlaganidan so‘ng yulduzlik kasaliga uchrashi mumkin, deydiganlar ham topiladi...
- U hech qanday yulduzlik kasaliga uchramaydi. Men ishonaman. Yulduzlik kasaliga uchraganlar birdaniga bilinadi. Agar shunday bo‘lganida “Bunyodkor” yoki “Rostov”ga borganida sezilgan bo‘lardi. Uyga kelganda ko‘plab do‘stlari ko‘rgani keladi, bir soat bo‘lsa, bir soat hammasi bilan gaplashadi va birortasini xafa qilmasdan jo‘natadi. Hech kimga mening vaqtim yo‘q, degan gapini eshitmadim. Iloji boricha odamlarning ko‘nglini olishga harakat qiladi. Lekin hammaning ko‘nglini olish qiyin. Do‘stlari kelsa to‘p beradi, akademiyadagi bolalarga formalar tarqatib ketadi. Tadbirlarga chaqirsa ham qochmaydi.
- Avvalo, bu sizning tarbiyangiz mahsuli. Agar Italiyada o‘ynab ketsa olmasa, faoliyati “sinib” qolishidan cho‘chimaysizmi?
- Yo‘q, qo‘rqmaymiz. Kutamiz. Mana, Rossiyada ham qancha kutdik?! U chidamli bola. “Rostov”ga borgan dastlabki yili ko‘proq zaxirada qolgandi. O‘shanda gaplashib tursak, qo‘ymayapti derdi, unga sabr qil, hammasi birdaniga bo‘lmaydi, ustingda ishlashda davom et, derdim. Bir yilcha telefonda gaplashsak kayfiyati yaxshi emasligini bildirmaslikka harakat qilardi. Italiyada ham boshida qiyinchiliklar bo‘ladi, mahalliy sharoitga moslashish, til masalasi...murabbiy seni qancha vaqtga tushirsa ham doim tayyor bo‘lgin deyapman. Rossiyaga borganida boshida unga jamoadoshlari to‘p uzatmagan paytlari bo‘ldi. Ikki-uchtasi unga yaxshi ochilsa ham pas berishni istashmagan. Oxir-oqibat shularni ham engib chiqdi. Keyin o‘zlari Eldorga pas beradigan bo‘lishdi. Chunki men ham o‘yinlarini kuzataman. Boshida murabbiy Kuchuk edi, o‘sha paytlarda rosa qiynaldi. Lekin orqaga chekinmadi. Italiyada ham balki boshida o‘zi o‘ylagandek bo‘lmas, ammo omadi kelsa, o‘xshab ketadi. Bilamanki, u chidamlik va sabrli, shu bois eplab ketishiga ko‘zim etadi.
- Farzandini mashhur futbolchi bo‘lishini istaganlar ko‘p. Bunga qanday erishish mumkin? O‘g‘lingiz misolida aytganda....
- Yoshligidan akademiyaga berish kerak. Maktab ko‘rsin. Birdaniga “Paxtakor” yoki “Bunyodkor”ga olib boraman demasdan avvalo mahalladan boshlanadi, hammasi. Turli musobaqalarga chiqsa va o‘zi eplab ketsa, har qanday mutaxassis ko‘radi. O‘g‘lim ham birdaniga akademiyaga ketmagan. Avval mahallada o‘ynadi, ko‘cha futbolida o‘ynab yurdi. Uyda ham to‘p tepardi, menga doim to‘p olib keling, derdi. “Mash’al” akademiyasiga akasi bilan borgandi, ammo akasiga javob berishib, uni olib qolishgan. O‘sha mahalda akasiga qo‘shilib, men ham ketaman desa bo‘lardi, biroq o‘zi xohlab qolgan. Boya aytdim-ku, qiyinchiliklarni ko‘rdi. Balki vaqtida ovqati ham bo‘lmagandir. Iroda va mehnati orqali erishyapti, hammasiga.
- Eldor Shomurodov eng mashhur futbolchimiz sifatida terma jamoamizni jahon chempionatiga olib chiqishiga katta hissa qo‘shishini hamma kutyapti. Bunday mas’uliyat unga og‘irlik qilmaydimi?
- Bir o‘zi hech nima qila olmaydi. Unga faqat qo‘llab-quvvatlov kerak. Jamoani jipslashtirishsa natija bo‘ladi. Faqat tarkibni xar hil qilib yubormaslik lozim. Mehnatsevar, vaqtida pas berishni biladigan o‘yinchilarni qo‘yish lozim. Hujumchilar gol uraversa-yu, ammo himoyada o‘tkazib yuboraversak, unda hech nima qila olmaymiz. Shu bois hammasi murabbiyga bog‘liq. Jamoaviy o‘yin kuchli bo‘lishi muhim. Kechagi o‘yinlarda baribir nimadir etishmayapti. Odil Ahmedovni o‘rni bilinyapti. Oston O‘runov qaytsa, yanada kuchayadi. Hamma tizim bir xil ishlaydigan bo‘lishi kerak. Masalan, Eldor Rossiyada o‘ynaganida orqaga ham qaytardi. Kerak bo‘lsa, terma jamoada ham qayt deyish kerak. Hamma tizim orqada ham, oldida ham bir xil ishlasa, uzilish bo‘lmasa, yaxshi bo‘ladi.
- Eldor Surxondaryo futbolini rivojlantirish uchun qanday yordam ko‘rsata oladi deb o‘ylaysiz?
- Mana, hozirda akasi Surxondaryo futbolini qo‘lidan kelganicha ko‘tarishga harakat qilyapti. Musobaqalar tashkil qilyapti, xullas, viloyat futboli uchun kecha-yu, kunduz xizmat qilish bilan ovora. Eldor ham bor imkoniyatini qiladi, akademiyalar yaratishga harakat qilishadi. Shundoq ham u akasi bilan maslahatlashib turadi. Turli turnirlar tashkil qilish haqida gaplashishadi. Oldin musobaqalar bo‘lmasdi, ikkinchi ligalar yo‘q edi. Hozir esa amalga oshyapti.
- Eldorning oldingi murabbiyi – Karpin bilan ham ko‘rishganmisiz?
- Ha, qishki yig‘inni Dubayda o‘tkazganida borib ko‘rishgandim. Yaxshi gaplar bo‘ldi. Keyin klub homiylari kelishdi va Eldorni dadasi kelibdi, deganida ular bilan ham muloqot qilgandik. Eldor u paytda jarohatda edi, bir o‘zi shug‘ullanib yurardi. Karpin bilan oshxonada ham, plyajda ham gaplashardik. U doim ishlash kerak derdi. Faqat karantin bo‘lib, biroz formasini yo‘qotib qo‘ydi.
- Endi Eldorni qo‘llab-quvvatlash uchun Genuyaga ham borish haqida o‘ylayapsizmi?
- Nasib bo‘lsa, kelasi yili yozga rejalashtiramiz. Avval o‘zi joylashib, oshna-og‘ayni orttirib moslashib olgach, keyin borsak yarashadi.
- Eldor oilasi bilan birga ketdimi?
- Oilasi Toshkentda. Nasib qilsa, dekabrda farzandlik bo‘lishi kerak. Qirqi chiqqach, kelasi yilga olib ketsa kerak.
- O‘zi bilan necha kunda bir gaplashyapsiz? Eldor bilan bog‘liq oxirgi yangiliklar qanday?
- Ha, ikki-uch kunda bir gaplashib turibmiz. Hammasi yaxshi. Klub uy va ijaraga bo‘lsa ham mashina beryapti. Port shahar ekan. Dengizni ko‘rsatdi. Boshida bir o‘zi shug‘ullanib turgandi, endi umumiy guruh bilan mashg‘ulotlarni boshlabdi. 19 oktyabrdagi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishyapti. Murabbiy ko‘radi, formasi yaxshi bo‘lsa maydonga tushiradi. Faqat ular Eldorga imkon qadar italyan tilini ham o‘rgan, deb aytishyapti ekan. O‘zi ingliz va rus tillarini biladi. Italiyada ingliz tilida unchalik gaplashishmas ekan. Asosan italyan tilida muloqot qilisharkan.
- Italiya futboli azaldan kuchli himoyachilari bilan nom chiqargan. Eldor esa hujumchi va bu borada unga qanday maslahatlar beryapsiz?
- Eldorda gol urish qobiliyati bor va uni yanada ko‘proq ishlat deyapman. Ko‘proq bo‘sh hududlarga ochilishi lozim va imkoniyatdan albatta foydalanishi muhim. Yorib o‘tilmaydigan himoyachi bo‘lmaydi, faqat harakat qilishi lozim. Jamoadoshlari bilan tarjimon orqali bo‘lsa ham o‘yin davomida qanday va qaerga ochilishini aytib, o‘rganishini uqtiryapman. Doim murabbiyning aytganini qilish qiyin. Buning uchun jamoadoshlari bilan ham gaplashib olishi muhim. Chunki maydonda ular bilan bir-birini yaxshi tushunib o‘ynashi juda zarur. Eldor ularga nimani va qanday o‘ynashini tushuntirib bera olishi kerak. O‘zi ham boshida qiyin bo‘lishini sezib turibdi. Baribir o‘zida ishonch bor, bu eng asosiysi.
- Internet yoki ijtimoiy tarmoq orqali “Jenoa” klubining rasmiy sahifalariga obuna bo‘lyapsizmi yoki faqat Eldorni o‘zi bilan gaplashib, yangiliklarni undan eshitib turibsizmi?
- Aka-ukalari yangi klubi qachon tashkil topgan, tarixi qanday bo‘lgani haqida menga aytib turishadi. “Rostov” Rossiyada qanday bo‘lsa, “Jenoa” ham Italiyada shunday deyishadi. U erda ham himoyadan hujumga ixtisoslashib o‘ynashar ekan. O‘zim internetga kirmasam, yaqinlarim o‘zlari menga ko‘rsatishadi. Ko‘proq Ilhom biladi, u aytib turadi.
- Dunyoning ikkita kuchli futbolchilaridan biri – Ronaldu ham Italiyada o‘ynayapti. Endi u bilan bir chempionatda o‘ynaydigan ilk o‘zbek futbolchisi bor va bu hammamiz uchun faxrli. Ronaldu bilan bir chempionatda to‘p surishini orzu qilganmisiz?
- Yo‘q, orzu qilmaganman. Endi bo‘lsa, Ronalduga qarshi o‘ynashini kutyapman. Qani, qanday bo‘larkin? Eldor mana shunday o‘yinchilarni ko‘rib ham o‘rganadi. Endi 25 ga to‘ldi, hammasi oldinda. Uyi tinch, oilasi tinch. U faqat o‘z ustida ishlashi haqida o‘ylashi kerak.
- O‘zi futboldan tashqari yana nimagadir qiziqadimi?
- Hayoli futbol bilan bog‘liq. O‘zi tez-tez qo‘ng‘iroq qilib, jiyanlari bilan gaplashishni ham istaydi. Uyga kelsa ham ular bilan o‘ynaydi. Katta o‘g‘limdan va qizimdan jami besh nafar nevaram bor. Xudo xohlasa, oltinchi nevaram Eldordan bo‘ladi. Xudo xohlasa, o‘g‘il bo‘lsin deb duo qilib turibmiz. Keyinchalik dadam Italiyada o‘ynab yurganida tug‘ilganman deb yuradi.
- Bundan keyin ham o‘ylagan niyat va istaklaringiz hamisha ro‘yobga chiqaversin. Bizga vaqt ajratganingiz uchun rahmat.
- Sizga ham rahmat.
Fikrlar