Bahrom Hakimov: "Oxirigacha kurashamiz, u yog‘i bir gap bo‘lar"
Superliganing 24-turida ligada qolish uchun kurashayotgan “Mash’al” hamda “Turon” jamoalari Muborakda kuch sinashdi va unda tomonlar golsiz durang o‘ynadilar. O‘yindan so‘ng, “Turon” jamoasiga vaqtincha ustozlik qilayotgan Bahrom Hakimov matbuot anjumanida qatnashdi.
- O‘yinni ko‘rdinglar, jangovar bo‘ldi. Avvalambor, yigitlarga katta rahmat. Qo‘ldan kelgan ishni qilishdi. Biroz omad etishmadi. Urgan golimizga kelsak, bilmayman, videotakrorni ko‘rishimiz kerak. Hozir shunaqa holatdamanki, menga gapirish qiyin. Agar ochkolarimiz ko‘p bo‘lganida bir ochko ishladik deyishimiz mumkin edi. Hozir esa yo‘qotilgan ikki ochko ham biz uchun suv va havodek zarur edi. Oxirigacha o‘ynaymiz. U yog‘i bir gap bo‘lar. Lekin bugun futbolchilar yomon o‘yin ko‘rsatishmadi. To‘g‘ri, xatolar ko‘p, ishlash kerak. Bu yil vaqtimiz ham etmasa kerak.
- “Turon” tarkibi yomon emas, futbolchilarni tajribasi bor. Lekin jamoaga nima etishmayapti?
- Mendan oldingi murabbiylarni yomon ishladi, deb ayta olmayman. Baribir har qanday yulduzni olib kelganda ham bir-birini tushunishi uchun vaqt kerak. Bu yangi tuzilgan jamoa edi. O‘tgan yilgi tarkibda bir nechtasini qoldirib, Superligaga tayyorlab borilib, yoniga 3-4 tasini qo‘shganda qoldirsa bo‘lardi. Hozir qiyin vaziyatdamiz. Yigitlarga ham oson emas. Ularning harakatlaridan qoniqdim. Faqat ortingizdan kimdir quvib kelayotgan bo‘lsa yoki kimgadir etib olish uchun harakat qilish qiyin.
- Hozirgi holat bo‘yicha “Turon”ni pro-ligaga qaytdi deb hisoblaysizmi?
- Yo‘q, hali imkon bor. Yana ikkita tur bor. Bugun yoki ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Jamoani qabul qilib olganimda futbolchilarga kim ishonmasa eshik ochiq dedim. Oxirigacha kurashamiz. Futbolda faqat o‘rinlar uchun emas, muxlislar uchun ham o‘ynaymiz. Hozirdan tashlab qo‘ysak kimga foyda bo‘ladi? Oxirigacha o‘ynaymiz. Pro-ligaga tushsak, demak boshqatdan boshlaymiz. Jamoa u murabbiydan bu murabbiyga o‘tsa ham o‘yin uslublari boshqa. Men oldingi murabbiylardan qolgan uslublarni ishlatishga harakat qildim. Qarasam, 10-12 ta o‘yinchini kelasi yil uchun ham shartnomalari bor ekan. Menga biroz osonroq bo‘ladi.
Fikrlar