
"Baqoev klubni yuqori saviyaga olib chiqqandi, o‘zimni yomon his qilyapman" - Milan "So‘g‘diyona"ning omadsiz starti va Yorqin Nazarov haqida gapirdi
Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi yangi futbol mavsumini ishonchsiz va omadsiz boshladi. Ortda qolgan 3 ta bahsda bor-yo‘g‘i 1 ochko qo‘lga kiritildi xolos. Tabiiyki, mahalliy muxlislar xursand emas.
Tarkibda o‘tgan yili o‘ynagan futbolchilar ham saqlab qolingan. Masalan, tajribali legioner darvozabon Milan Mitrovichni aytish mumkin. Hozircha barcha uchrashuvlarda to‘liq ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, “So‘g‘diyona”ga yordam bera olmayapti.
Kuni kecha Sports.uz jurnalisti Mitrovich bilan suhbatda bo‘ldi.
- “So‘g‘diyona”ning mavsumni muvaffaqiyatsiz boshlaganining asosiy sababi nimada?
- Ha, biz chempionatni yomon boshladik. Ammo o‘yinlarni tomosha qilgan bo‘lsangiz, bizda raqibga nisbatan xavfli vaziyatlar juda ko‘p bo‘ldi. Shunchaki, gol kiritishga ulgurmadik. Raqiblar esa gollar urdi va xatolarimizdan unumli foydalanib qolishdi. Mag‘lubiyatning sababi sodda. Tarkibdan besh nafar futbolchi ketdi. Ko‘plab yangi o‘yinchilar keldi, yangi bosh murabbiy va hammasiga ko‘nikishimiz uchun bizga biroz vaqt kerak. Umid qilamizki, keyingi o‘yindan g‘alaba qozonishni boshlaymiz hamda musobaqa jadvalining yuqori qismiga – o‘z o‘rnimizga qayta olamiz.
- Jamoangizni turnir jadvalida oxirgi o‘rinda ko‘rayotganingizda nimalarni his qilyapsiz?
- O‘zimni qanday his qilishim mumkin? Juda ham yomon. Men faqat o‘zimni emas, balki butun jamoa a’zolari shunday holatda ekanligini aytishim kerak. Yana yuqoridagi gapimni takrorlashimga to‘g‘ri keladi: tarkibimizda jamoa o‘yinini shakllantirib turgan 5 nafar o‘yinchi ketib qoldi. O‘z navbatida bu natijalarimizga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmayapti. Boya aytganimdek, vaqt o‘tishi bilan hammasi o‘z o‘rniga tushishiga va musobaqa jadvalida o‘zimizga xos bo‘lgan yuqori o‘rinlarga qaytishimizga umid qilib qolaman.
- Nima deb o‘ylaysiz, Ulug‘bek Baqoevning yo‘qligi jamoa uchun asosiy yo‘qotishmi?
- Ha, bu murabbiy klubimizni yuqori saviyaga olib chiqqandi. U raqobatbardosh jamoani tashkil etib, musobaqa jadvalida yuqori pog‘onalarda borishimizni ta’minlay olgandi. Uning boshchiligida jamoa OFK Kubogi yarim finalida, bundan tashqari, O‘zbekiston Kubogi yarim finalida ikki marta o‘ynadi. Chempionatda 2-o‘rinni band etdi. Ammo futbolda bilasizmi, inqirozlar boshlanar va natijalar yomonlashib ketar ekan, hamma aybdorni qidirishga tushib ketadi. Afsuski, bosh murabbiy barcha aybni o‘z bo‘yniga oldi. Oxir-oqibat xayrlashishimizga to‘g‘ri keldi.
- Yangi bosh murabbiy Yorqin Nazarovning uslubiga moslashish qiyin kechyaptimi? Umuman aytganda, u haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Tushuntirishning hech qanday murakkab joyi yo‘q. Murabbiy jamoa qanday o‘yin namoyish etishini xohlashini ko‘rsatdi va mashg‘ulotlarni ham shunday tarzda olib bordi. Chempionat boshlanganida biz deyarli tayyor edik. Lekin yana qaytaraman: agar o‘yinlarimizni ko‘rgan bo‘lsangiz, biz raqiblarga nisbatan yaxshi futbol ko‘rsatdik. Bizda imkoniyatlar ham bo‘ldi, jumladan hujumlarda ham. Biroq gollar ura olmadik. Aksiga olib oddiy vaziyatlarda darvozamizdan gol o‘tkazdik hamda o‘yinni boy berdik. O‘ylaymanki, bizga omad kulib boqmadi. Boz ustiga qator uchrashuvlarda durang natija qayd etdik. G‘alaba bo‘lmas ekan, og‘ir bosimni his qilasiz. Ustiga-ustak yangi o‘yinchilarning O‘zbekiston futboliga ko‘nikishlariga to‘g‘ri kelishi vaqt talab qiladi.
- 3 ta o‘yinda darvozangizdan 5 ta gol o‘tkazdingiz. Bu himoyachilarning xatolaridanmi yoki...
- Afsuski, 3 ta uchrashuvda darvozamizdan 5 ta gol olib chiqdik. Sizga aytamanki, bundan keyin o‘zimni juda yomon his qilyapman. Ammo oqlash uchun biror narsani bahona qilmoqchi emasman. Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, keyingi o‘yinlarda imkon qadar kamroq gol o‘tkazishga va ko‘proq gol urishga harakat qilamiz.
- “So‘g‘diyona”da joriy chempionatda nimaga qodir?
- Ha, hozir biz, o‘yinchilar va rahbariyat musobaqa jadvalining yuqori qismiga qaytish uchun harakat qilishimiz qo‘limizdan keladi, deya olishim mumkin. Hammasi shunday bo‘lishi va g‘alabalar qozonishni boshlashimiz uchun imkonimizdan kelib chiqqan holda mehnat qilishga tayyormiz.
- Superliganing dastlabki 3 ta turidan so‘ng nimalar deya olasiz?
- Uyda o‘tkazilgan 3 ta o‘yindan atigi 1 ochkoni qo‘lga kiritish, bu juda ham yomon natija. Vaholanki, shunday bo‘lishi mumkinligini oldindan hech kim taxmin qilmagandi. O‘ylaymanki, biz futbolchilar bir qancha vaziyatlarda yo‘l qo‘ygan xatolarimizdan kerakli xulosalarni chiqara olamiz. O‘zimizga kelgan holda inqirozdan chiqib ketishga harakat qilamiz. Inqirozdan esa g‘alabalarga erishgan holda chiqish mumkin.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar