
Baqoev uchun jiddiy bosh og‘rig‘i: "So‘g‘diyona" uch yo‘ldan birini tanlashi lozim
Kechagina "So‘g‘diyona" klubi OFK Kubogi hududlararo yarim final bosqichidan o‘rin olgan uchrashuvni o‘tkazdi. Baqoev shogirdlari "Istern"ni mag‘lub etib, Jizzax futboli tarixidagi ilk xalqaro o‘yinda muxlislarni xursand qildi. Bu orqali "bo‘rilar" o‘zi kurashni davom ettirayotgan uchinchi turnirda ham chempionlik imkoniyatini yaxshilab oldi. Endi jamoa O‘zbekiston Superligasi, Kubogi va OFK Kubogidan birini tanlashi lozim. Nega? Quyida sizga buning bir nechta sababini keltirib o‘taman.
Birinchidan, jizzaxliklarning tarkibi u qadar keng emas. Tarkibda chempionlik uchun kurashishga qodir 11-12 futbolchi bor xolos. Aytaylik, kecha kuzatganimizdek Mitrovich, Chermel, Kolakovich, Qulmatov, Jo‘rabekov, Shaykulov, Nasriddinov, Salomov, Hasanov, Qahramonov va Norxonov bellashuvni asosiy tarkibda boshlasa, zaxirada yosh Halilov, deyarli yugurmay qo‘ygan, faqatgina ulkan tajribasi orqali krooslariga suyanayotgan Denisov hamda o‘z darajasida o‘ynay olmayotgan G‘ofurov qoladi. Boshqa futbolchilarning o‘yini chempionlik uchun kurashishga etmaydi, nazarimda. Umuman olganda, o‘yinni ilk daqiqalardan boshlayotganlar orasida ham barcha birdek emas. Birgina misol "Istern"ga qarshi bahsda Nasriddinov bir necha bor xatoga yo‘l qo‘ydi, Salomov esa charchab qolyapti. Xullas, 3 ta frontda kurash olib borishga to‘sqinlik qiladigan birinchi va eng katta to‘siq bu - tarkibdagi muammolar.
Ikkinchidan, raqiblarning darajasi ham ko‘p narsani hal etib beradi. Boisi, "So‘g‘diyona"ga qarshi ham chempionat, ham kubokda "Navbahor" va "Nasaf" kurashmoqda. Shuningdek, "Paxtakor" (Superligada) hamda AGMKni (kubokda) ham esdan chiqarmaslik shart. Xalqaro maydonda esa, Hindistonning "Mohun Bagan"i va Malayziyaning "Kuala Lumpur Siti" jamoalaridan biri vakillarimiz bilan yarim finalda to‘qnashadi. Menimcha, raqiblarning ikkisi ham chempionatimiz grandlari darajasida o‘yin ko‘rsatmaydi. Misol uchun, "Nasaf" o‘tgan yili hindistonliklar darvozasiga javobsiz 6 ta gol urgandi, malayziyaliklar ayni paytda mamlakat birinchiligida 5-o‘rinda bormoqda. Qanchalik g‘alati eshitilmasin, bugungi kunda Superligani yutish OFK Kubogi g‘olibiga aylanishdan qiyinroq masala bo‘lib turibdi.
Uchinchidan, muxlislar faktori o‘z so‘zini aytishi mumkin. Baqoev rahbariyat oldiga xalqaro turnir variantini ilgari surishi ehtimolga yaqin. Negaki "bo‘rilar" yarim finalni Jizzaxda o‘tkazadi. Agar vakillarimiz 5 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan qarama-qarshilikda g‘olib bo‘lsa, final ham aynan yurtimizga beriladi. Kecha jizzaxlik muxlislar stadionni deyarli to‘ldirdi, keyingi bahslarda tomoshabinlar tashrifi bundan-da ko‘proq bo‘lishi aniq. Bu faktor ham jamoa bor e’tiborini bir nuqtaga qaratishi lozimligini anglatadi.
To‘rtinchidan, futbolchilar kontsentratsiyasiga ham ko‘p narsa bog‘liq. Masalan, jamoa bor e’tiborini Superligaga qaratib, ikki kubok o‘yinlarida asosiy tarkibga dam berilsayu, ichki chempionatda ko‘zlangan maqsadga erishilmasa, mavsum butunlay omadsiz o‘tgan hisoblanadi. Bu yakunda katta norozilikka olib kelishi ham hech gap emas. Aksincha holat bilan ham xuddi shunday. Menimcha, bu vaziyatda ("So‘g‘diyona"ni kamida 11, ko‘pi bilan 13 ta o‘yin kutib turibdi) Baqoev tavakkal qilmasligi kerak. Superliga oltin medali uchun juda katta bosim ostida o‘tuvchi 9 bahslik kurash bor. Bunda ularning yo‘lida elitani tark etishni istamayotgan raqiblar, chempionlik uchun asosiy da’vogar "Navbahor" va boshqalar bor.
Beshinchidan, xalqaro turnir chempionligi yaxshigina mablag‘ taqdim etadi. Solishtirish uchun O‘zbekiston Superligasi va Kubogi g‘olibiga tashkilotchilar tomonidan pul mablag‘i berilmaydi, OFK esa, kubokda chempion bo‘lgan jamoa hisob raqamiga 1,5 million AQSh dollari o‘tkazib beradi. Bu o‘zbek so‘mida hisoblansa, 16 milliard so‘mdan ko‘proq pul degani. Boz ustiga, muxlislar qulog‘iga ham xalqaro turnirda g‘olib bo‘lish yaxshiroq eshitiladi. Garchi Baqoev matbuot anjumanida biz har uchala frontda birdek kurashni davom ettiramiz degan bo‘lsa-da, aqlli bo‘ri to‘dasi kerakli paytda bor e’tiborini bir joyga yig‘a olishi lozim. Aks holda, hamma och qolib, to‘da tarqalib ketishi hech gap emas.
Ana endi o‘ylab ko‘ring, "So‘g‘diyona" uchun qaysi yo‘l manfaatliroq? Fikringizni izohlarda qoldiring!
Javohir Azimov
Fikrlar
1.Avvalo Sug'diyonani moliyalashtirayotganlar uning xalqaro turnirda g'olib chiqib katta pul to'plashni maqsad qilishadi. Va bunga klubni undashadi.
2.Ikkinchidan Sug'diyona superligada yoki kubokda yuta olmasa, lekin AFC ni olsa keyingi yili to'g'ridan to'g'ri Chempionlar Ligasida qatnasha oladi. Bu katta natija.
3.Xalqaro musobaqada g'olib bo'lish marketing jihatdan klub uchun juda foydali. Transfer siyosatida ham katta reklama.
Shularni hisobga olsa Baqoyev kubok o'yinlarida asosiy tarkib o'yinchilarini biroz ayasa kerak. Superligada esa chempionlik uchun yaxshigina imkoniyat bor bo'lganda bunaqa tavakkal qilmaydi deb o'ylayman.