
"Barcha savollarga maydondagi harakatlarimiz va natijalarimiz orqali javob olishimiz mumkin" - "Dinamo" legioneri Kojo Joel
O‘tgan yili “Dinamo” jamoasiga taklif qilingan legioner hujumchi Kojo Joel pro ligada to‘purarlik salohiyatini namoyish etdi. Jamoasining Superligaga qaytishiga munosib hissa qo‘shdi.
O‘zi ganalik bo‘lgan bu futbolchi Qirg‘iziston fuqaroligini olgan. Chunki, bilsangiz kerak, u Samarqand jamoasiga kelguniga qadar Qirg‘izistonda “Alay” hamda “Dordoy” sharafini himoya qilgan.
Yaqinda Osiyo Kubogida Qirg‘iziston terma jamoasi sharafini ham himoya qilib qaytdi. Kuni kecha Kojo Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Osiyo Kubogidan qanday taassurot oldingiz? Qirg‘iziston terma jamoasining ishtiroki haqida fikringiz qanday?
- Nima deyishim mumkin? Xulosalarim yaxshi. Umumiy ma’noda Osiyo Kubogidan ijobiy taassurotlarni aytishim mumkin. Barchamiz yaxshi natijalar ko‘rsatishga harakat qilgandik. Lekin guruhdagi qiyin o‘yinlar keyingi bosqichga chiqishimizga halaqit berdi. Albatta, bunday natija ko‘rsatishimiz yoqimsiz holat. Ammo futbolda bu uchrab turadi. Har doim ham o‘ylagan maqsadingizga erishish qiyin. O‘ylaymanki, hammasi yaxshi kechadi va biz keyingi Osiyo Kubogiga yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz. Imkon qadar yaxshiroq natijaga erishishga harakat qilamiz.
- Osiyo Kubogida debyut ishtirokingiz bo‘ldi. Bu sizga yoqdimi?
- Katta turnir va shunga yarasha hayajon. Chunki katta o‘yinlar. Men bunday uchrashuvlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandim. Bunday atmosferada va muxlislar qarshisida to‘p surish yoqimli. O‘ylaymanki, bu mening faoliyatimda yaxshi davrlar bo‘ldi, deb o‘ylayman.
- Yangi mavsum boshlanyapti. Maqsad va niyatlaringiz qanday?
- Barcha qatori biz ham Superligaga yaxshi tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Barcha savollarga maydondagi harakatlarimiz va natijalarimiz orqali javob olishimiz mumkin bo‘ladi.
- Eshitishimcha, sizga xorijdan bir qator takliflar bo‘libdi...
- Ha, menda bir qator variantlar bo‘ldi. Futbolda bu kabi takliflar tez-tez uchrab turadi. Futbolchi har xil variantlarni ko‘rib chiqadi. Menga ham ko‘p takliflar bo‘ldi. Lekin, bilasizmi, menga baribir “Dinamo” ko‘proq ma’qul. Superligada ushbu jamoam bilan yaxshi natijalarga erishmoqchiman. Barchasini keyinchalik amalga oshirmoqchiman. Keyingi taqdirim qanday kechishi Superliga tugaganidan keyin hal bo‘lishi mumkin.
- Sizni “Dinamo” bilan amalda shartnomangiz bor-a?
- Ha, jamoam bilan yana bir mavsumlik shartnomam bor. Shundan so‘ng hammasi aniq bo‘ladi.
- Bu yilgi maqsad qanday?
- Hamma klubni Superligada o‘z vazifasi bor. Shu jumladan meni va jamoamning ham oldimizga qo‘ygan maqsadimiz bor. Biz chempionatda munosib ishtirok etmoqchimiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar