"Barsa" futbolchisini 500 million yevroga sotishga tayyor
Bu narxga oladigan klub bormi?
«Barselona» rahbariyati jamoa yarimhimoyachisi Dani Olmoning kelajagi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini aniq bildirdi. Bu qarorga myunxenlik «Bavariya»ning futbolchiga bo‘lgan qiziqishi ham turtki bo‘lgan.
Avvalroq Ispaniya matbuotida «siyohu-atirranglar» Olmo bo‘yicha 80–90 million yevro atrofidagi takliflarni ko‘rib chiqishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Biroq El Nacional nashri yozishicha, klub bunday variantni mutlaqo rad etgan. Manbaga ko‘ra, «Barselona» Dani Olmoni sotishni rejalashtirmayapti va uni qo‘lga kiritishning yagona yo‘li – shartnomada ko‘zda tutilgan to‘lov miqdorini faollashtirish. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu miqdor 500 million yevroga teng.
Eslatib o‘tamiz, joriy mavsumda 28 yoshli Olmo barcha musobaqalar doirasida to‘qqizta o‘yinda maydonga tushib, uchta golli uzatma muallifiga aylandi.

Izohlar (0)