
“Barsa” superdarvozabonni oltita klubdan tortib oldi
Ispaniyaning amaldagi chempioni “Barselona” yangi darvozabon topdi. Kataloniyaliklar “Espanol” posboni Joan Garsiyaning agenti bilan hamkorlik shartlarini kelishib bo‘ldi.
Mundo Deportivo nashrining yozishicha, chempion jamoa iste’dodli darvozabonga besh yillik shartnoma bergan. Agar bu muddat ichida Garsiya Ispaniya terma jamoasidan taklif olsa, maoshiga bonus qo‘shiladi.
Ayni paytda Joan Garsiya agenti muvofiqlashtirgan shartnomani tasdiqlab berishi kutilmoqda.
Ta’kidlash joizki, 24 yoshli golkiperni bir necha klub nishonga olgan edi. Xususan, “Barselona” uni qo‘lga kiritishja “Arsenal”, “Nyukasl Yunayted”, “Aston Villa”, “Napoli”, “Inter” va “Bayer” bilan raqobatlashdi.
Kataloniyaliklar darvozabon uchun “Espanol”ga 25 million evro miqdorida badal puli to‘lashga rozilik bergan.
Joan Garsiya yakunlangan mavsumda 38 ta uchrashuvda ishtirok etib, sakkizta quruq o‘yin o‘tkazdi. U La Ligada eng ko‘p – 146 ta seyvni amalga oshirgan darvozabon hisoblanadi.
Fikrlar