“Barsa” yulduzi supertaklifni rad etdi
“Barselona” bosh murabbiyi Xans-Diter Flikning kelajakdagi rejalariga kiritilmagan tajribali himoyachi Andreas Kristensen yozda boshqa jamoaga o‘tishi kutilyapti.
Daniyalik futbolchi atrofidagi vaziyatni kuzatib borayotgan Saudiya Arabistoni klublaridan mo‘may daromadli taklif tushdi. Biroq Andreas Evropani tark etishni istamayapti va shayxlarning chorloviga rad javobini berdi.
Diario Sport nashrining ma’lum qilishicha, 29 yoshli futbolchining asl maqsadi Xans-Diter Flikning ishonchini qozonish va faoliyatini “Barselona”da davom ettirishdan iborat.
Agar buning imkoni bo‘lmasa, Kristensen “Milan”ga ko‘chib o‘tishni rejalashtirmoqda. Umuman olganda, daniyalik futbolchi kelajagini Italiya yoki Ispaniya klublari bilan bog‘lashga umid qilmoqda.
Andreas Kristensen Kataloniyaga 2022 yili kelgan edi. Yakunlangan mavsumda jarohat tufayli atigi oltita uchrashuvda qatnashdi xolos. Bu futbolchi asosiy tarkibdagi joyini yo‘qotib bo‘lgan.
Fikrlar