“Barselona” Gvardiolaning sevimli shogirdini chaqirdi

  • 16.01.2026 08:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

“Manchester Siti” bilan amaldagi shartnomasi joriy mavsum oxirida yakunlanadigan jamoa sardori Bernardu Silva faoliyatini “Barselona” klubida davom ettirish imkoniga ega.

Bu haqida jurnalist Ekrem Konur xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, kataloniyaliklar portugaliyalik futbolchini erkin agent maqomida bepul tarzda tarkibga qo‘shib olishni juda istamoqda. Chunki u haligacha “shaharliklar” bilan tugayotgan shartnomasini uzaytirmagan.

Xosep Gvardiola jurnalistlar bilan suhbatlarda bir necha bor jamoadagi eng yoqtirgan shogirdi aynan Bernardu Silva ekanini ta’kidlab keladi. Shunga qaramay, tajribali yarim himoyachining Manchester klubidagi kelajagi mavhumligicha qolmoqda.

Kataloniya klubi mutasaddilari Bernardu Silva bilan hamkorlik bo‘yicha yanvar oyining o‘zidayoq kelib olmoqchi.

31 yoshli pleymeyker “Manchester Siti”da 2017 yildan beri o‘ynab keladi va klublar miqyosidagi barcha nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritib bo‘lgan. Shu bois, Silvaning o‘zi ham muhitni o‘zgartirishga qarshi emas.

Bu mavsumda u barcha musobaqalarni hisobga olgan holda 29 ta o‘yinda qatnashib, 1 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma berdi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, Silvaning bozor qiymati 27 million evroni tashkil etadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!