"Barselona" yulduziga Angliya superklubidan ish chiqyapti
«Barselona» yarim himoyachisi Frenki de Yong qishda Angliya chempionatiga yo‘l olishi mumkin. Bu haqida ispan nashri Diario SPORT xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, niderlandiyalik futbolchiga Londonning «Chelsi» jamoasi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Klub Enzo Fernandez «Manchester Siti»ga sotilganidan so‘ng yarim himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun yangi futbolchi izlamoqda.
«Barselona» rahbariyati esa qishki transfer oynasigacha de Yongning holatini sinchiklab kuzatib boradi va hozircha uning kelajagiga oid barcha variantlarni ko‘rib chiqishga tayyor.
Eslatib o‘tamiz, 29 yoshli de Yong 2026 yildagi jahon chempionati vaqtida jarohat olgan va shu bois yangi mavsumda maydonga tushmadi. Shu bilan birga, yaqinda u mashg‘ulotlarga qaytgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Frenki de Yongning «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilgacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali bahosiga ko‘ra, tajribali yarim himoyachining transfer qiymati 25 million evroni tashkil etadi.

Fikrlar