Baxram Murtazaliev Isroil Madrimov bilan jangdagi imkoniyatlarini qanday baholadi?

  • 17 avgust, 2020, 21:35
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
TIGGO 2 PRO

Professional boks olamida rossiyalik bokschilarning o‘z o‘rni bor. Ayniqsa, so‘nggi yillarda yanada ularning nufuzi oshib bormoqda. Jumladan, Artur Beterbiev, Dimitriy Bivol, Sergey Kovalyov, Aleksandr Povetkin bunday nomlarni juda uzoq davom ettirish mumkin. Ularning safiga birinchi o‘rta vazn toifasida (69,850 kg) mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Baxram Murtazalievni ham qo‘shish mumkin. U faoliyati mobaynida 17 ta jang o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozongan va 13 bora muddatidan avval g‘alaba nashidasini surgan holda IBF reytingi peshqadami bo‘lib turibdi. Qizig‘i, ushbu bokschi o‘zbek murabbiyi Abror Tursunpo‘latov qo‘l ostida ham mashg‘ulotlar olib borgandi. Biz ushbu charmqo‘lqop ustasi bilan bog‘lanib, bir nechta savollar bilan murojaat qildik. Quyida ushbu suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

  - Professional boksdagi natijalaringizdan boxabarmiz. Lekin havaskor yo‘nalishdagi faoliyatingiz borasida esa bunday, deya olmayman. Balki bu haqida biroz ma’lumot berarsiz?

- Havaskorlar orasida yuqori natijalarga erishmaganman. Rostini aytsam, u erda juda katta siyosat hukm suradi. Shuning uchun o‘z kuchim bilan terma jamoa safiga kirib borishning iloji bo‘lmadi. O‘ylab ko‘rib, raundlar soni ko‘pligi, jang olib borish uslubim to‘g‘ri kelganligi uchun professional boksga o‘tishga jazm qilgandim.  

O‘zbekistonlik murabbiy Abror Tursunpo‘latov bilan bir muddat hamkorlik qilgansiz. Aytingchi, u bilan qanday tanishgan edingiz?

- Abror aka bilan esa, 2017 yil yanvar oyida Amerikada, Fazliddin va mening ikkinchi jangimdan keyin tanishganmiz hamda birgalikda mashg‘ulotlarni boshlaganmiz. U bilan ikki yarim yil hamkorlikda ishladik, Abror akada  viza olish muammolari bo‘lib, Amerikaga kelolmay qolganligi sababli boshqa murabbiy izlashimga to‘g‘ri kelgan.

53165358_1109058339278824_6328508098273850841_n

-  Hozirda qaysi murabbiy qo‘l ostida janglarga hozirlik ko‘rmoqdasiz?

Ayni paytda amerikalik mutaxassis, Andre Uordning sobiq murabbiyi Vetchel Xanter qo‘l ostida shug‘ullanmoqdaman.

-  Qaysi promouterlik kompaniyasi bilan hamkorlik qilyapsiz?

 “Main Events” bilan shartnomam bor. Bizning jamoa Sergey Kovalev va yana ikki-uch yaxshi bokschidan iborat.

-  Menejeringiz Egis Klimas boks olamida anchagina mashhur inson sanaladi. Unga qanday baho bergan bo‘lardingiz?

-   Egis bilan hamkorlikda ishlamoqdamiz, u ajoyib mutaxassis va juda yaxshi inson! Har xil mavzuda suhbatlashsangiz bo‘ladi.

Hamyurtimiz Fazliddin G‘oibnazarov bilan bitta zalda mashg‘ulot olib borgansizlar. Garchi, boshqa vazn toifasida harakat qilsa-da, u bilan sparring janglarda ishtirok etgan bo‘lsangiz kerak?

To‘g‘ri, u bilan ko‘p bora mashq qilardik, buni sparring, deb bo‘lmaydi. Masofani his qilish, texnik tayyorgarligimizni oshirish uchun birgalikda ishlaganmiz.

-  Vazn toifangizda yurtdoshimiz Isroil Madrimov ham faoliyat yuritadi. Siz IBF u WBA yo‘nalishi  reytingida etakchisiz. Umuman olganda, u bilan yo‘lingiz kesishishi mumkin. Unga qarshi imkoniyatlaringizni qanday baholagan bo‘lardingiz?

Ha, ha, bilaman. Lekin janglarini tomosha qilmaganman. O‘z imkoniyatlarimga baho berishga hali ertaroq. Hammasi Yaratganning irodasiga bog‘liq. Nasib qilsa, jang o‘tkazishimiz mumkin. U ham chempion bo‘lishi mumkin. Men ham bunday natijani qayd etarman.  Nima uchun bunday bo‘lmasligi kerak? Bu axir sport. Sportda hamma narsa bo‘lishining ehtimoli bor!

Tez orada  WBC chempioni Jermell Charlo hamda IBF va WBA kamarlari sohibi Xeyson Rosario kamarlarni birlashtiruvchi jang o‘tkazadi. Aytingchi, ushbu to‘qnashuv g‘olibi ilk himoya jangini sizga qarshi o‘tkazadi, deb o‘ylaysizmi?

  - Ulardan kimdir g‘olib chiqsa, albatta men bilan jang qilishi shart yoki kamardan voz kechishi kerak. Sababi, kamarlarni birlashtirish janggi bo‘lganligi uchun IBF ularga bir marta jang sanasini kechiktirishga ruxsat bergan. Ikkinchi marta bunday imkoniyat bermaydi. O‘ylaymanki, men bilan jang qilishadi.

-  Ularning qay birini qulay raqib sifatida bilasiz?

-   Rosario men uchun nisbatan ancha qulayroq nazarimda... Hujumga yuz qismi ochiq holda kirib keladi. Charlo esa yopiq boks tarafdori, ikkalasiyam hujumkor bokschilar. Birinchi bo‘lib hujumga tashlanadigan bokschilar bilan jang qilish men uchun ancha qulay. Shuning uchun ular bilan bahs yuritish  unchalik katta muammo tug‘dirmaydi, deb o‘ylayman. Lekin barchasi Yaratganning irodasiga bog‘liq. 

bAXRAM_1

-  Navbatdagi jangingiz qachonga rejalashtirilmoqda?

26 sentyabr sanasida Rosario – Charlo jangi anderkardida bo‘lib o‘tadi. Hozirda, tayyorgarlik olib borayapmiz.

Abror Tursunpo‘latov va Fazliddin G‘oyibnazarov bilan yaqin munosabatda ekanligingizni inobatga olsak, o‘zbek milliy taomlaridan totib ulgurganligingiz aniq...?

-  Xa, ular bilan juda qadrdonman. Tez-tez muloqot qilib turamiz, bir so‘z bilan aytganda qalin do‘stlarim hisoblanishadi. O‘zbek oshini  yaxshi ko‘raman. Fazliddin va Abror aka oshni juda mazali qilib tayyorlashadi.

-  O‘zbekistonda bo‘lganmisiz?

Yo‘q, hozircha O‘zbekistonga bormaganman. Nasib qilsa, borish niyatidaman. Biroq janglar sababli uzoq muddatli tanaffuslar bo‘lmayapti. Imkoniyat tug‘ilishi bilan albatta, boraman. 

-  Katta rahmat. Navbatdagi janglaringizda omad yor bo‘lsin!

  - Intervyu uchun sizlarga katta rahmat.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!