Baxtiyor Ashurmatov: "Hakam o‘yinga 7 emas, 12 daqiqa qo‘shib berishi kerak edi, "Nasaf" futbolchilari maydonda yotib vaqt cho‘zishdi"

  • 28 iyun, 2021, 23:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qo‘qon-1912” – “Nasaf” (1:2) o‘rtasidagi o‘yindan keyin mezbonlar ustozi Baxtiyor Ashurmatov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

- Bugun jamoamiz yutqazdi va biz murabbiylar shtabi xatoga yo‘l qo‘ydik. Uyda o‘ynashimizni inobatga olib hujumkorroq tarkibni tushirishimiz kerak edi. Gapning ochig‘i, qo‘rqoq taktika tanladik. Nimaga deganda, maydonda uchta markaziy himoyaga moslashgan o‘yinchilarimiz bor edi. Bunga ham o‘ziga yarasha sabablar bor. Chunki “Nasaf” tarkibida tezkor hujumchilar bor. Birinchi bo‘limda gol o‘tkazmasdan ehtiyotkor o‘yin ko‘rsatib, ikkinchi bo‘limda ko‘proq hujum qilmoqchi edik. Afsuski, bu o‘zini oqlamadi. Himoyaga moslashgan tarkibni qo‘yishimizga qaramasdan tezkor gol o‘tkazib yubordik. Qiqasi, “Nasaf” birinchi bo‘limda har tomonlama bizdan kuchli o‘yin ko‘rsatdi. Ikkinchi bo‘limda o‘zgarishlar qildik, o‘yinni qutqarish uchun oxirigacha harakat qildik. Yigitlar so‘nggi daqiqalargacha kurashishgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Muxlislarimiz uchun ham o‘ynashimiz kerak edi. To‘g‘ri, mag‘lubiyatga uchradik. Ammo ikkinchi bo‘limdagi hujumkor o‘yinimiz orqali muxlislarimiz oldida o‘zimizni oqladik. Biroq bu durang uchun ham etarli bo‘lmadi.

- Penalti belgilangan vaziyatga munosabatingiz qanday?

- Oldin ham aytganman: VARga butunlay qarshiman. To‘g‘ri biz xatolarga yo‘l qo‘yamiz va hakamlar ham. Lekin VAR o‘yin tempini pasaytirib yuboradi. Bizda shunga o‘xshash vaziyat bo‘lganida VARga e’tibor ham qilinmadi. Afsuski, kerak bo‘lmagan joyda jarima to‘pi ishlab oldik. Bu o‘yinda katta burilish yasadi. “Nasaf” bilan uchrashuvda 0:2 hisobida mag‘lubiyat bu raqibga katta ustunlik beradi. Baribir o‘yinni o‘zgartirishga harakat qildik. Hakamlar to‘g‘risida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi deb ayta olmayman. Lekin bir narsani tushunmayman: “Paxtakor”ni yutib turgan paytimizda 8 daqiqa qo‘shishadi, bugun darvozabon Umid Ergashevga yordam berish uchun 7 daqiqa o‘yin to‘xtab turdi. Beshtadan 10 ta o‘yinchi almashtirildi. O‘tgan safar menga matbuot anjumanida “Qo‘qon-1912” g‘alabani ushlab qolish uchun vaqt cho‘zdi deb savol berishdi. Mana, bularga ham shu savolni berish kerak. Har bir jamoa g‘alabani ushlab qolish uchun maydonda yotadi. Har bir to‘qnashuvdan keyin futbochlilar nimadir bo‘lib maydonda yotib olishadi, darvozabon vaqt cho‘zadi. Xullas, hakam bor-yo‘g‘i 7 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. To‘g‘ri, biz yutqazgan o‘yinga ular aybdor emas. Ammo kamida 12 daqiqa vaqt qo‘shish kerak edi. O‘sha 7 daqiqaning 2 daqiqasida ham raqib darvozaboni maydonda yotdi. Qolgan vaziyatlar bo‘yicha o‘zimiz aybdormiz. “Nasaf”ni bugungi g‘alaba bilan tabriklayman. Ro‘ziqul aka Berdiev ajoyib jamoa tuzgan. Bu murabbiydan ko‘p narsani o‘rgansa bo‘ladi. Ularga keyingi o‘yinlarda omad tilayman. Bizni endi AGMKga qarshi murakkab o‘yin kutyapti. Ammo mehmonda nisbatan osonroq o‘ynayapmiz.

- Futbolchilarni maydondagi joylashuvida kutilmagan o‘zgarish bo‘ldi. Markaziy himoyachi Yosovich oldinroqda harakat qildi. Bu nima bilan bog‘liq?

- “Lokomotiv” bilan uchrashuvda markaziy himoyachilarimiz – Bobur Akbarov bilan Murod Xolmuhammedov yaxshi harakat qilishdi. Yosovich esa to‘rtta sariq kartochkasi borligi tufayli o‘yinni o‘tkazib yuborgandi. O‘sha uchrashuvda sariq kartochka olgan Oybek Rustamov esa bugun maydonga tusha olmasdi. Shu bois uning o‘rniga Yosovichni qo‘yishga qaror qildik. To‘g‘ri, u bu pozitsiyada kam o‘ynagan. Faqat “Nasaf”ning tezkorligini o‘ylab shu tarkibni tushirdik. Ammo bu qaror o‘zini oqlamadi. Uyimizda o‘ynayotganimiz uchun hujumkor taktika tanlashimiz kerak edi. Xatoimni tan olaman.

- Transfer oynasi ochilgan paytda jamoaga kimlar keladi?

- Transfer oynasida bizga kimdir keladi deb aniq ayta olmayman. Albatta, jamoamiz kuchayishini istardim. Ko‘z ostimizga olib qo‘ygan bir-ikkita futbolchilar bor. Hali bu aniq emas. Jamoa o‘yinini kuchaytiradigan futbolchini xohlasak, qaysidir klubdan shartnomasi bor o‘yinchini sotib olishimiz kerak bo‘ladi. Lekin bizni qaysidir klubdan futbolchi sotib olish niyatimiz yo‘q.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!