
Baxtiyor Ashurmatov: Kuperni tanlashda adashgandik deya olmayman
Oxirgi paytlarda milliy terma jamoamiz hamda Vadim Abramov asosiy o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, Ektor Kuperning o‘rniga Vadim Karlenovich tayinlanishini aksariyat muxlislar xursandchilik bilan qarshi oldilar. Umuman olganda, terma jamoamizdagi bu o‘zgarishga bildirayotgan fikrlar va munosabatlar ko‘p bo‘lmoqda. O‘z vaqtida O‘zbekiston milliy terma jamoasida munosib o‘yinlar ko‘rsatgan va endilikda murabbiylik qilayotgan Baxtiyor Ashurmatov ham bosh jamoamizdagi o‘zgarishlarga befarq emasdi. Shu sababli Baxtiyor A’zamovich bilan mazkur mavzu va yana ayrim masalalarda muloqot qildik.
«Murabbiyning o‘zgarishi kutilgan holat edi»
Ashurmatov avvalo milliy terma jamoamizda yuz bergan o‘zgarish haqida fikr bildirar ekan, aslida Kuperning ketishi kutilgan holat ekanligini yashirib o‘tirmadi.
- Guruhimizga tushgan jamoalar nomini eshitib, ko‘pchilik muxlislar va futbol mutaxassislari oson guruhga tushdik deb xursand bo‘lishgandi. Afsuski, kutilmaganda Falastinga yutqazib qo‘ydik. Eng xafa qilgan jihati o‘yin saviyasi ham juda past bo‘ldi. Shu sababli murabbiyning o‘zgarishi kutilgan holat edi. Nomzodlar ichida Vadim Abramov nomzodi eng ma’qul variant edi. Chunki futbol muxlislarining ko‘p qismi Abramov nomzodini qo‘llashdi va uning terma jamoaga bosh murabbiy bo‘lishini to‘g‘ri qaror deb bilaman.
«Taktikadan ko‘ra tarkib noto‘g‘ri tanlangandi deb o‘ylayman»
Albatta, aksariyat muxlis va mutaxassislar Ektor Kuperning qo‘llagan taktikasi bizga umuman mos tushmaganligi haqida bot-bot ta’kidlamoqdalar. Chindan ham sobiq murabbiyning uslubi futbolimizga to‘g‘ri kelmadimi yoki futbolchilarimizning o‘zlarida etarlicha motivatsiya topilmadimi? Bunga esa Ashurmatovning javobi shunday bo‘ldi?
- Falastinga mag‘lubiyatga uchraganimizdan so‘ng har xil gap-so‘zlar chiqdi. Lekin futbolchilarga motivatsiya etishmadi yoki futbolchilar Kuper bilan ishlashni xohlashmadi, degan gaplarga ishonmayman. Chunki futbolchilarimiz Kuper uchun maydonga chiqishgani yo‘q. Ular O‘zbekiston, vatanimiz sha’nini himoya qilish uchun maydonga chiqishmoqda. Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurash ketmoqda. Bunday o‘yinlarda futbolchilarga ortiqcha motivatsiya kerak emas deb o‘ylayman. To‘g‘ri, Kuperning taktikasi ham o‘zini oqlamadi. Lekin mening fikrimcha, bu vaziyatda taktikadan ko‘ra tarkibning noto‘g‘ri tanlanganida deb o‘ylayman. Tarkibni nisbatan yoshartirish kerak edi, deb hisoblayman. Lekin Kuper yurakdan ishladi. Afsuski, natija yaxshi bo‘lmadi.
«Muhimi, Abramovga muxlislar ishonishadi»
Mana, endi terma jamoaga muxlislarimiz kutgan murabbiy keldi. Shu boisdan barcha umid Vadim Abramovdan desak ham mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Xo‘sh, ushbu mutaxassis jamoani tubdan o‘zgartira olarmikin?
- Vadim Abramov jamoani tubdan o‘zgartirishiga ishonib qolamiz. Qolaversa, murabbiylar shtabida yoshlar bilan yaxshi ishlashni biladigan Timur Kapadze bor. Eng asosiysi, bu murabbiylar shtabiga xalqning ishonchi bor, - deya fikr bildirdi, Ashurmatov.
«Kuper ko‘p narsalarni ijobiy tomonga o‘zgartirib ketdi»
Baribir o‘sha Falastinga qarshi namoyish etilgan xunuk o‘yinning fonida argentinalik mutaxassisga chiqish eshiklari ko‘rsatildi. Aslida esa bizga nima etishmayapti? Bu esa og‘riqli savolga aylanib bormoqda.
- Falastin bilan uchrashuvda O‘zbekiston terma jamoasi tarixidagi eng yomon o‘yinlardan birini o‘tkazdi, - deya gapini davom ettirdi, Baxtiyor A’zamovich. - Falastin bilan bellashuvda vaziyatlar hamda o‘yinni olib borish bo‘yicha ham ustunlikka erisha olmadik. O‘yin saviyasi past bo‘lganligi ham Kuperning ketishiga asosiy sabablardan biri bo‘ldi. Mening fikrimcha, murabbiylar shtabida O‘zbekiston futbolini yaxshi biladigan mahalliy murabbiy etishmadi deb o‘ylayman. Tarkib tanlashda afsuski, Kuper o‘yinchilarimizning imkoniyatini oxirigacha bila olmadi. Asosiy muammo Kuper O‘zbekiston futbolini to‘liq o‘rgana olmaganida deb o‘ylayman. Lekin faqat tanqid qilavermasdan Kuperga minnatdorchilik bildirishimiz ham kerak. Chunki janob Kuper ko‘p narsalarni ijobiy tomonga o‘zgartirib ketdi. Insoniylik jihatdan ham o‘zidan yaxshi taassurot qoldirdi.
«Kuperni tanlashda adashgandik deb ayta olmayman»
Ma’lumki, bungacha barchamiz terma jamoamizga xorijlik mutaxassis olib kelinishining tarafdori edik va shuni istagandik ham aslida. Ammo olib kelingan Ektor Kuper bir yildan keyinoq ishdan bo‘shatildi. Balki biz xorijlik murabbiyni tanlashda adashganmidik? Bu savolga Ashurmatovning javobi quyidagicha bo‘ldi.
- Futbolimiz rahbarlari ham xalqning fikrini inobatga olib, xorijlik murabbiyni yaxshi niyatlar bilan olib kelishgandi. Natija ijobiy bo‘lmagandan keyin har xil fikrlar bildirish mumkin. Biroq Ektor Kuper yaxshi saviyadagi taniqli murabbiy edi. Adashgandik deb ayta olmayman. Chunki Kuper kelganda hammamiz terma jamoamizning jahon chempionatiga chiqishiga ishongandik.
«Olimpiyachilarimiz «o‘lim guruhi»ga tushib qolishdi»
Yaqinda kelasi yiling yanvar oyida Tailandda o‘tadigan U-23 Osiyo chempionati uchun ham qur’a tashlandi. Unga ko‘ra olimpiya terma jamoamiz Janubiy Koreya, Xitoy va Eron termalari bilan bellashadigan bo‘ldi. Bo‘lajak raqiblar haqida mutaxassis quyidagicha fikr bildirib o‘tdi.
- Olimpiya terma jamoamiz «o‘lim guruhi»ga tushdi deb bemalol aytsak bo‘laveradi. Jamoamiz juda ham qiyin guruhga tushdi. Lekin olimpiya terma jamoamizning oxirgi o‘yinlari muxlislarda va mutaxassislarda ishonch uyg‘otdi. Shu sababli jamoamizning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga erishishiga ishonch bilan qarasak bo‘ladi. O‘zbekiston va olimpiya terma jamoalariga bo‘lajak o‘yinlarda omad tilab qolaman.
«Mo‘’jiza doim ham yuz bermaydi, Kubokni «Paxtakor» yutsa kerak»
Ashurmatov o‘tgan yili AGMK bilan O‘zbekiston Kubogi finaliga chiqib, har qiluvchi bahsda «Paxtakor» ustidan munosib ravishda g‘alaba qozonib, ilk bor Kubokni qo‘lga kiritgandi. Bu safar ham olmaliqliklar yana Kubok finaliga chiqishdi va qizig‘i, raqib yana «Paxtakor» bo‘ladi. AGMK bilan Kubokni yutgan sobiq murabbiydan esa ushbu holatga ham munosabat bildirishini so‘radik.
- Bu ikkala jamoaning ham mehnati samarasi. To‘g‘ri, final bitta o‘yindan iborat. Hal qiluvchi bahsda har qanday natija ro‘y berishi mumkin. Ammo mo‘’jiza har doim ham bo‘lavermaydi. «Paxtakor» ushbu chempionatda boshqa jamoalarga nisbatan kuchli va bu yilgi mavsumda Kubokni ham qo‘lga kiritadi deb o‘ylayman.
«Paxtakor» tomoshabop o‘yin ko‘rsatyapti»
Shuningdek, milliy birinchiligimizda allaqachon chempion jamoa nomi ma’lum bo‘lib ulgurdi. Vaholanki, chempionatimiz tugashiga yana oltita tur bor. Bu vaziyatda esa Superligamizda saviya tushganligi haqida ham fikr bildirayotganlarni eshitib turibmiz. Aslida ham shundaymi? Baxtiyor Ashurmatov bu masalada shunday dedi:
- «Paxtakor» bu yil ajoyib mavsumni o‘tkazdi. Shota Arveladze ajoyib jamoa tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Bu g‘alabaga tinimsiz mehnat va bir necha yillik to‘g‘ri yo‘nalish orqali erishildi. To‘g‘ri, chempionlik uchun oxirigacha kurash bo‘lmadi. Biroq bu chempionat saviyasi tushganligi sababli emas, «Paxtakor»ning kuchliligi sababli ro‘y berdi. «Paxtakor» bu yilgi mavsumda muxlislarbop futbol namoyish qilmoqda. «Paxtakor»ning asosiy raqobatchisi «Lokomotiv» o‘yinida esa pasayish yuzaga keldi. Shu sababli «Paxtakor» muddatidan oldin chempionlikka erishdi.
Fikrlar