Bekzod Abdurahmonov UFCga qachon o‘tishi, navbatdagi jangi va menejeri borasida so‘z yuritdi

  • 26 iyun, 2023, 15:49
  • 0
  • MMA

Erkin kurash bo‘yicha Olimpiada hamda jahon chempionati bronza medali sohibi, Osiyo o‘yinlari va Osiyo chempionati g‘olibi Bekzod Abdurahmonov MMA bo‘yicha ham jang o‘tkazishidan xabaringiz bor. Hozirga kelib, u 7 ta jangda (So‘ngi jangi ko‘rsatkichlarni qayd etib boruvchi saytlardan hali o‘rin olgani yo‘q) ishtirok etib, barchasida g‘alaba qozongan. U so‘ngi jangini 17 iyun kuni Combat FC promoushenida o‘tkazib, braziliyalik De Freytasni 1-raundning o‘zidayoq taslim etgandi. Xullas, biz Bekzod bilan bog‘lanib, unga bir nechta savollar bilan murojaat qildik.

- MMA yo‘nalishida navbatdagi g‘alabangiz bilan tabriklaymiz!

- Rahmat.

- Demak, buyog‘iga bor diqqat-e’tiboringizni MMAga qaratasiz?

- Albatta, MMAga jiddiy yondashaman. Biroq, yozda boshqa jang o‘tkazmayman. Sababi, oldimizda jahon chempionati va osiyo o‘yinlari bor. Shu musobaqalarga tayyorgarlik ko‘raman.

- AQShda juda ko‘p mashhur zallar bor. Balki siz ulardan birida mashg‘ulotlar olib borayotgandirsiz?

- “Brodway jiujitsu” zalida mashg‘ulotlar olib boraman. Bu erdan ham UFCda jang qilganlar bor. Hozir yodimda yo‘q, Zabit Magomedsharipov bilan bahs yuritgan bollar mashg‘ulotlar olib boradi.

- So‘ngi jangingizdan keyin, balki yanada nufuzliroq promoushenlar haqida o‘ylayotgandirsiz?

- Oldimda turgan musobaqalardan keyin yana bir-ikkita jang o‘tkazaman. Shundan keyin UFCda jang qilish niyatidaman.

- UFC bilan shartnoma tuzish osonmas, menejer sifatida kim bilan ishlash niyatidasiz?

- O‘zimning menejerim Joy Kave barchasini hal qiladi. U Dana Uayt bilan juda qadrdon. Shunchaki men o‘zim yana bir-ikkita jang o‘tkazmoqchiman. Chunki UFCda eng kuchlilar jang qiladi. Shunday ekan, tajribamni oshirib olishim kerak.

- Bu borada sizga omad tilaymiz!

- Rahmat. Nasib qilsa, MMAda ham yaxshi natijalar qilishga harakat qilamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!